Линклар

Шошилинч хабар
17 март 2025, Тошкент вақти: 00:27

Toshkentda "nahorgi osh" reydi o‘tkazildi


O‘tgan haftada Toshkentdagi ayrim to‘yxona va restoranlarda hokimlik va huquq-tartibot idoralarining xodimlari maxsus reyd davomida nahorgi osh marosimining qanday o‘tkazilayotganini tekshirdi. Toshkent shahar hokimligining maxsus qarori bilan poytaxtdagi restoran, kafe va to‘yxonalarda ertalabki soat yettidan avval osh berish taqiqlanadi.

Poytaxtdagi restoran – kafe va to‘yxonalarda o‘tkazilgan reyd davomida tuman hokimliklari, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Nuroniy” jamg‘armasi, Ma‘naviyat- targ‘ibot markazlarining vakillari va uchastka nozirlari ishtirok etgan.

Toshkentning Yunusobod tumanidagi to‘yxonalardan birining ismini ochiqlamayotganimiz xodimiga ko‘ra, reyd davomida nahorgi oshning ertalabki soat yettidan avval berilish holatlari bor yoki yo‘qligi o‘rganilgan.

“Bizda hammasi joyida, deb topishdi. Avvalgiday, tonggi soat 5 yoki 6 da osh berish yo‘q. Faqat soat 7 dan 9 gacha va obed payti soat 12dan 2gacha osh berish mumkin. Biz bunga qat‘iy amal qilamiz. Shanba-yakshanba kunlari sal ertaroq berish mumkin. Lekin hozir soat 7dan 15 minut o‘tganda namoz tamom bo‘layapti. Shuning uchun namozdan chiqib to‘g‘ri oshga keladigan qilib, 7 yoki 7 yarimga osh bersa bo‘ladi”, dedi suhbatdosh.

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi raisi R. Usmonovning 2012 yil 18 apreldagi 137/4-18-sonli qaroriga ko‘ra, poytaxtdagi restoran, kafe va to‘yxonalarda ish kunlari ertalabki soat 09.00 dan 12.00 gacha va 14.00 dan 18.00 gacha osh berish hamda soat 23.00 dan keyin to‘y va bazm o‘tkazish taqiqlanadi.

Hokimlik qarorida "mehnat unumdorligini saqlash" maqsadida shunday tartib joriy qilingani aytiladi.

Mirzo-Ulug‘bek tuman hokimligidagi o‘zini tanishtirmagan mutasaddiga ko‘ra, restoran va to‘yxonalarda o‘tkazilgan tadbir nahorgi osh bilan bog‘liq shahar hokimligi qarorining amaldagi ijrosini monitoring qilish maqsadida qilingan.

Toshkentdagi “Mahalla” qo‘mitalaridan birining xodimasiga ko‘ra, mahalla faollari nahorgi oshning ertalabki soat 7 dan avval o‘tkazilmasligiga qat‘iy amal qilayapti.

Unga ko‘ra, to‘y o‘tkazmoqchi bo‘lgan har-bir fuqaro bilan bu borada dalolatnoma tuzilib, shu hujjatga to‘la rioya qilinadi.

- Territoriyamizda uchta kafeimiz bor. Hamma aholiga, ayniqsa to‘y qilayotgan xonadonlarga bizlar borib, ular bilan dalolatnoma tuzamiz. Hamma qonun-qoidalarni tushuntiramiz. Ertalabki osh 7 dan 9 gacha, obeddagisi 12dan 2gacha, nikohlar 10 gacha deb tushuntirish ishlari olib boriladi. Hozir shunga amal qilishayapti. Ertalab soat 5-6 dan osh berishlar yo‘q. Mahallamizdagilar birinchidan ko‘p millatli. Keyin ziyolilar ko‘p, hamma ishlaydigan odam bo‘lgani uchun tushuntirish oson bo‘layapti. Unaqa 4-5 dagi oshimiz to‘q. 7 da bo‘ladi, obedda bo‘ladi, bo‘lmasa yo‘q, dedi mahalla faoli.

O‘tgan hafta o‘tkazilgan reyd davomida kafe va restoranlarda oshga chaqirilgan mehmonlar soni 300 kishidan oshmasligi ta‘kidlangan.

Toshkentdagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, hozirda o‘ziga to‘q toshkentliklar tomonidan 2000 kishilik osh berish holatlari bo‘layotgani uchun mehmonlar sonini qisqartirishga e‘tibor qaratilayapti.

- 2000 kishiga 350-400 kilolik osh damlash holatlari ko‘p. Toshkentdagi uchta eng katta restoran- “Navro‘z”, “Osiyo” va “Versal”da shunaqa ko‘p odamlik oshlar beriladi. Lekin reyd paytlari mehmonlar bo‘lib-bo‘lib chaqiriladi. Shanba va bozor kunlari esa oshni hatto 3 yoki 4 ga bo‘lib o‘tkazish holatlari ham bo‘layapti. Mehmonlar sonini kamaytirish bu tartibni saqlash uchun ham qilinadi. Tasavvur qiling, mehmonxona oldiga birdaniga 2000 ta mashina kelishini. Keyin odam ko‘p to‘plangan paytda terrorchilik ishlarini amalga oshirish uchun imkon yaratilishi mumkin, deydi suhbatdosh.

Toshkent shahar hokimligining yuqorida tilga olganimiz qaroriga ko‘ra, to‘y qilmoqchi bo‘lgan shaxs marosimni to‘yxona, restoran egalari, to‘yda xizmat qiladigan sozanda va to‘y boshlovchilaru ovoz kuchaytirish, dizayner, foto va video suratga olish, limuzin xizmati hamda boshqa yuridik yoki jismoniy shaxslar bilan shartnoma tuzgan holda o‘tkazishi kerak bo‘ladi.

To‘y-hashamlarni o‘tkazish bo‘yicha ushbu qoidalarga amal qilmagan shaxslarni jarimaga tortish ko‘zda tutilgan.

Nafaqat Toshkentda balki mamlkatning barcha hududlarida to‘y va marosimlarni o‘tkazish mahalliy organlar tomonidan nazoratga olingan.

Yilning sentyabr va oktyabr oylarida paxta munosabati bilan to‘y o‘tkazish taqiqlanadi.
XS
SM
MD
LG