Paxta terimiga majburiy safarbar etilgan hasharchilarning turli xil falokatlarga uchrashi joriy yilda ham ko‘p sodir bo‘lmoqda. Ozodlikka ma‘lum bo‘lgan paxta qurbonlari soni esa bu yil o‘tgan yilgidan ham oshib ketdi.
Quyida joriy yilda Ozodlikka ma‘lum bo‘lgan paxta fronti qurbonlari va jarohatlangan hasharchilar bilan bog‘liq voqealar xronologiyasi:
17-voqea:
15 oktabr: Jizzax viloyati Zomin tumani Qishloq xo‘jalik va maishiy xizmat kasb-hunar kollejining paxta terimiga chiqarilgan birinchi bosqich o‘quvchisi Behzod Qahhorov tok urishidan vafot etdi.
Ozodlik manbalariga ko‘ra, 16 yashar o‘quvchi poyezdlar to‘xtab turadigan raz‘ezdda vagonning ustiga rasmga tushaman deb chiqqan payti tepadan o‘tgan elektr toki simiga tegib ketib, tok urib o‘lgan.
16 voqea:
9 oktabr: Tug‘ruqxonada hamshira bo‘lib ishlaydigan onasi o‘rniga Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumaniga paxta terimiga safarbar etilgan baxmallik 22 yashar Fayziddin Abdurasulovni traktor bosib ketdi.
Voqea guvohlarining aytishlaricha, paxtazor ichida charchab uxlab qolgan Fayziddinni bug‘doy ekayotgan traktorchi ko‘rmasdan bosib yuborgan. Fayziddin og‘ir ahvolda Mirzacho‘l tumani tez tibbiy yordam kasalxonasiga yotqizilgan.
Fayziddin Abdurasulov Baxmal tumani tug‘ruqxonasida ishlaydigan doya-hamshira onasining o‘rniga paxta yuborilgan.
15-voqea:
5 oktabr kuni "GM-O‘zbekiston" avtomobillari uchun butlovchi qismlar ishlab chiqaradigan Asakadagi O‘zDongVonKo qo‘shma korxonasining 19 yoshli ishchisi, viloyatning Qo‘rg‘ontepa tumanida paxta terayotgan Abbosbek Taptiyev paxta terimida vafot etdi.
O‘zDongVonKo qo‘shma korxonasining paxta terimiga mas‘ul bo‘lgan mulozimlaridan birining Ozodlikka aytishicha, Abbosbek Taptiyev yarim tunda yurak xurujidan vafot etgan.
***
14-voqea:
5 oktabr kuni Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida “Paxta shtabi” boshliqlaridan biri, 63 yoshli Abdurazzoq Xudoyberdiyev yurak xuruji tufayli olamdan o‘tdi.
Nishon tumani sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, Xudoyberdiyev yurak chap qorinchasining yorilishi (infarkt) natijasida vafot etgan.
***
13-voqea:
3 oktabr kuni Farg‘ona Politexnika institutining 2-kurs talabasi, Rishton tumanida paxta terayotgan Shahnoza Mirzajonova olamdan o‘tdi.
Ozodlik manbalariga ko‘ra, 2 oktabr kuni paxta terayotgan Shahnozaning sog‘ligi yomonlashgani uchun ruxsat olib uyiga ketgan va 3 oktabr kuni uning vafot etgani haqidagi xabar kelgan.
Politexnika instituti rahbariyati Shahnoza Mirzajonovaning o‘limini paxta siyosati bilan bog‘lamaslikni so‘rab, talaba qiz uyiga borib hammom qabul qilayotgan payti oyog‘i sirpanib yiqilib tushgani va boshidan olgan jarohati natijasida o‘lganini aytishdi.
***
12-voqea:
2 oktabr kuni Guliston Davlat universiteti Fizika-matematika fakulьtetining paxta terimiga safarbar etilgan ikkinchi kurs talabasi, 19 yoshli Shamsiddin Bobosaidov Sirdaryo viloyatining Oq oltin tumanida vafot qildi.
Bu haqda Ozodlikka ma‘lum qilgan talabalardan birining yozishicha, Shamsiddin talabalar o‘rtasida chiqqan janjal qurboni bo‘lgan:
***
11-voqea:
2 oktabr: Qoraqalpog‘istonning Ellikqal‘a tumanidagi Toza-Amirobod ovul fuqarolar yig‘iniga qarashli “Istam-Turkman” fermer xo‘jaligiga paxta terimiga majburan safarbar etilgan ayolning (ma‘lum sababga ko‘ra ayolning ism-sharifini oshkor etmayapmiz – tahririyat) ikki farzandi yong‘indan chiqqan tutunga dimiqib halok bo‘ldi.
Bu haqda Ozodlikka xabar bergan ellikqal‘alik manbaga ko‘ra, eri Rossiyada mehnat muhojirligida bo‘lgan ayol besh yashar qizi va uch yashar o‘g‘lini uyida yolg‘iz qoldirib, paxta terimiga chiqishga majbur bo‘lgan payti ushbu falokat sodir bo‘lgan.
***
10-voqea:
28 sentabr: Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanida paxta terimiga safarbar etilgan Taxiatosh kasb-hunar politexnika kollejining uchinchi kurs o‘quvchisi, 18 yoshli Majid O‘teganov 28 sentabr kuni o‘zini gaz trubasiga osdi.
Ozodlik manbasiga ko‘ra, voqea paxta terimi mavsumida o‘quvchilar vaqtincha yashab turgan mahalla xonadonlaridan birida sodir bo‘lgan.
***
9-voqea:
26 sentabr kuni Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanidagi “Boyovut-3” fermerlar uyushmasida paxta terayotgan Toshkent Temir yo‘l transporti kollejining 18 yoshli o‘quvchisi Mansur Xoliqnazarovni traktor bosib ketdi.
Voqea o‘quvchi yigit “Boyovut-3” fermerlar uyushmasining Oxunjon Movunov fermer xo‘jaligi dalalarida qulog‘iga “naushnik” taqib paxta terayotgan paytda sodir bo‘lgan. Halokatdan so‘ng Mansur shifoxonaga yotqizilgan.
Bu voqeadan bir kun o‘tib, aynan ushbu kollej o‘quvchilari o‘rtasida chiqqan janjalda ikki o‘quvchi tan jarohati olib, kasalxonaga yotqizildi.
***
8-voqea:
25 sentabr kuni Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumani Qiyoli qishlog‘ida yashovchi 57 yashar Murod Meliqo‘ziyev maktabda o‘qiyotgan nevarasi o‘rniga paxtaga chiqqan payti dalada jon berdi.
Ozodlik manbalariga ko‘ra, 57 yashar Meliqo‘ziyev traktor pritsepi ustiga chiqib, etakdagi paxtasini to‘kayotgan payti yurak xurujidan o‘lgan.
***
7-voqea:
23 sentabr: Andijon viloyatining Izboskan tumanida 23 sentabr
kuni sodir bo‘lgan avtohalokatda Paxtaobod tumani yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i 30 yoshli Begali Ergashev og‘ir jarohat olib, uch kundan so‘ng kasalxonada jon berdi.
Voqea guvohlarining aytishlaricha, “DAN” boshlig‘i boshqarayotgan Neksiya avtomobili paxta ortib ketayotgan, tashqi chiroqlari ishlamaydigan traktor pritsepiga tunda borib urilgan.
***
6-voqea:
23 sentabr: Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanida paxta terimiga safarbar etilgan 19 yoshli Humoyun Ergashevni 23 sentabr kuni kechqurun Neksiya avtomobili bosib ketdi.
Voqea guvohlariga ko‘ra, Humoyun Baxmal tumanida o‘qituvchilik qilayotgan otasining o‘rniga paxta terimiga jo‘natilgan payti ushbu halokat sodir bo‘lgan. Halokatdan so‘ng Humoyun og‘ir ahvolda viloyat kasalxonasiga yotqizilgan.
***
5-voqea:
20 sentabr kuni Qashqadaryoning Shahrisabz tumani Duxchi qishlog‘idagi kasb-hunar kollejining Muborak tumaniga paxtaga safarbar qilingan direktori Ibodulla Boboyev avtohalokatda nobud bo‘ldi.
Avariyaga uchragan Neksiyani boshqargan Holis Obidjon esa esa o‘ta og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizildi.
***
4-voqea:
17 sentabr: Shu kuni Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida paxta ortib ketayotgan traktorning pritsepiga Neksiya avtomobilining kelib urilishi oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, uch kishi og‘ir jarohat bilan kasalxonaga yotqizilgandi.
Ozodlik manbalariga ko‘ra, haydovchining yonida ketayotgan 24 yoshli Dilshodbek Valiyev voqea joyida halok bo‘lgan. Haydovchi Elyor Mirzajonov va yana bir yo‘lovchi Hamid Turdiyev og‘ir tan jarohati olib, kasalxonaga yotqizilgan.
***
3-voqea:
17 sentabr kuni Qashqadaryodagi Chiroqchi Sanoat kollejining o‘quvchilari ZIL yuk mashinasida paxta terimiga olib ketilayotgan payti avariyaga uchradi.
Yuk mashinasida bo‘lgan 39 boladan 29 nafari avariya oqibatida jarohatlanib shifoxonaga yotqizildi. Ozodlikka jarohatlanganlarning ismi-sharifi ma‘lum emas.
2-voqea:
14 sentabr kuni Toshkentdan Jizzax viloyatiga ketayotgan paxta kolonnasi Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida avariyaga uchrashi natijasida haydovchi va hasharchilardan bir necha kishi jarohat olgan. Ozodlikka jarohatlanganlarning ismi-sharifi ma‘lum emas.
Voqea guvohlarining aytishlaricha, avtobuslardan biri oldinda ketayotgan avtobusning ortidan borib urgan.
***
1-voqea:
14 sentabr: Shu kuni Toshkentdan Sirdaryoga hasharchilarni olib ketayotgan avtobus kolonnasi urib yuborgan yo‘lovchi shifoxonada vafot etdi. Voqea guvohlariga ko‘ra, halok bo‘lgan fuqaro boysunlik mardikor bo‘lib, uni militsiya xodimi quvlagan payti ushbu halokat sodir bo‘lgan.
Toshkent shahar huquq-tartibot idoralaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Surxondaryoning Boysun tumani Ho‘jatohir qishlog‘idan bo‘lgan mardikor yigit - 45 yashar Iskandar Soatqulov halokat payti olgan jarohatlari natijasida shifoxonada vafot etgan.
**************************************************************************************
Aziz mushtariy, ushbu ro‘yxatga kirmagan joriy yil paxta qurbonlari haqida bilsangiz Ozodlikka ma‘lum qiling!
Shuningdek, paxta bilan bog‘liq biror voqea-hodisaga guvoh bo‘lsangiz albatta Ozodlikni xabardor qiling!