Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 13:26

Murabbo mavsumi kelmasdan O‘zbekistonda shakar qimmatladi​


O‘tgan yilning iyul oyida ham O‘zbekistonda shakar tanqislagan edi. Surat 2014 yil 8 iyulda Jizzaxda olingan.
O‘tgan yilning iyul oyida ham O‘zbekistonda shakar tanqislagan edi. Surat 2014 yil 8 iyulda Jizzaxda olingan.

O‘zbekiston bozorlarida so‘nggi bir hafta mobaynida shakarning narxi qariyb 20 foizga qimmatladi. Toshkentdagi do‘konlarda shakarga uzun navbatlar paydo bo‘lmoqda. Supermarketlarda kishi boshiga besh kilogrammdan ortiq shakar sotilmayapti. Iqtisodchilar buning sababini o‘zbek so‘mining qadrsizlanishi bilan izohlamoqda.

Toshkent bozorlarida bir hafta avval 2900-3000 ming so‘mga sotilgan shakarning narxi payshanba kuniga 3500 so‘mga chiqdi.

Mahalliy hukumat shakar sotilayotgan do‘konlarda uzundan-uzoq navbat bo‘lmasligi uchun shoshilinch choralar ko‘rishga kirishdi.

Toshkentdagi “Oydin Baraka savdo” mas‘uliyati cheklangan jamiyatga qarashli do‘konlarda kishi boshiga 5 kilogrammdan ortiq shakar sotilmayapti.

“Oydin Baraka savdo” MChJga qarashli do‘konlardan birida ishlaydigan sotuvchiga ko‘ra, har kuni keltirilgan shakar tushga qadar sotib bo‘linyapti:

Bugun keltirgan shakarimiz tugayapti. Kilosi 3200 so‘mdan. Bir-ikkita qopimiz qoldi. Har bir xaridorga besh kilogacha sotyapmiz. Murabbo sezoni kelayotgani uchun yetqazib bo‘lmayapti”, dedi sotuvchi.

Toshkentlik iqtisodchi Jahongir Shosalimovning aytishicha, Chorsu bozoridagi do‘konlarda esa bir kilogramm shakarning narxi 3500-3600 so‘mdan sotilmoqda:

Pensionerlarga shakarning kilosi 2900 so‘m edi. Shu 3200 so‘mga chiqdi. Bozordagi do‘konlarda esa 3500-3600 so‘mdan sotilyapti. Shunisi qiziqki, har yili qulupnay sezonida shakar narxi bir oshib tushardi. Bu yil esa, hali qulupnay ommaviy pishmasdan turib, shakar qimmatladi. Buning ikkita sababi bor: birinchisi, o‘zbek so‘mi so‘nggi olti oy ichida ancha qadrsizlandi; ikkinchidan esa, asosan Angren iqtisodiy zonasida ishlab chiqarilayotgan shakarning xom ashyosi valyutaga sotib olinadi. Dollar kursining oshgani ham shunga ta‘sir qildi”, dedi Jahongir Shosalimov.

Toshkent shahar hokimiyatida ishlaydigan Ozodlik manbasiga ko‘ra, shakar taqchilligi odamlarda norozilik uyg‘otmasligi uchun shoshilinch chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Toshkentdagi 12ta dehqon bozoriga “Oydin Baraka savdo” nomli firma orqali shakar yetkazilmoqda. Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan bozor rahbarlariga savolnoma berilgan. Jumladan, shakar olish uchun qancha odamdan iborat navbatlar paydo bo‘layotgani, bozor hududi va uning atrofidagi do‘konlardagi shakarning narxi, shakar sotadigan do‘konlarning tartib raqami va nomi haqidagi ma‘lumotlar so‘ralmoqda”, deydi Toshkent shahar hokimiyati xodimi.

Unga ko‘ra, tumanlar hokimiyati bozorlar ma‘muriyatiga savdo nuqtalarida shakar sotib olishga navbatda turgan xaridorlar soni 40 nafardan oshgan taqdirda yangi savdo nuqtasi tashkil etishga topshiriq bergan.

O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham shakar qimmatladi.

Nukus shahridagi tadbirkorlardan birining aytishicha, hozir 50 kilogramlik bir qop shakarning narxi 160 ming so‘mga chiqqan, chakana narxi esa 3500-3600 so‘mni tashkil etyapti.

O‘zbekistonda shakar importi bilan shug‘ullangan “Baho shakar” - Bahodir Karimjonov 2013 yilda mamlakatdan qochib chiqib ketgan edi.

O‘zbekiston shakar monopolistlari ro‘yxatida "Baho shakar"dan so‘ng "Obid shakar" bilan "Turg‘un shakar" laqabli tadbirkorlar turishi aytiladi.

2014 yilning boshida Toshkent viloyatidagi "Angren" maxsus industrial hududda kuniga bir ming tonna shakar ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan yangi zavod ishga tushgan edi.

1998 yilda esa Xorazm viloyatida "Xorazm shakar" qo‘shma korxonasi ishga tushirilgandi.

Yangi zavod foydalanishga topshirilishi munosabati bilan 2015 yilda O‘zbekistondagi ikkita zavod yiliga 700 ming tonna shakar ishlab chiqarishi aytilgan.

XS
SM
MD
LG