Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2025, Тошкент вақти: 13:33

Shavkat Mirziyoev Bosh vazirlikdan ketdi, prezident sifatida qasamyod qilishi kutilmoqda


O‘zbekiston Respublikasining yangi saylangan prezidenti Shavkat Mirziyoevning inauguratsiya marosimi shu yilning 14 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi. Bu haqda kun.uz nashri parlamentdagi manbalariga tayanib xabar qildi.

Oldinroq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati 13 dekabr kungi yalpi majlisida Shavkat Mirziyoevni Bosh vazir vazifasidan ozod qilgani xabar qilingan edi. Mamlakat qonunlariga binoan Bosh vazirning iste’foga chiqishi ortidan hukumat ham iste’foga chiqadi.

13 dekabr, kunning birinchi yarmida Shavkat Mirziyoevning 14 dekabr kuni prezident sifatida qasamyod qilishi ​kutilayotgani to‘g‘risida, Ozodlikka O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatidagi o‘z manbasi xabar qilgan edi.

Ayni paytda uzmetronom.com sayti ham Shavkat Mirziyoevning mamlakat Prezidenti sifatida qasamyod qabul qilish marosimi 14 dekabrda o‘tkazilishi, bu haqdagi qaror Senatning 13 dekabrda boshlangan majlisida qabul qilinishi to‘g‘risida yozdi.

Qonunda nima deyilgan?

1991 yil, 18 noyabrda imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunning 39-moddasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tartibi bunday belgilab qo‘yilgan:

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi natijalari rasmiy tarzda e’lon qilingan kundan e’tiboran kechi bilan ikki oy ichida Oliy Majlis yig‘ilishida qasamyod qilgan paytdan boshlab o‘z lavozimiga kirishadi.

Amaldagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘z vakolatlarini yangi saylangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimga kirishgunga qadar bajaradi”.

"Marosimga chet eldan mehmonlar chaqirilmaydi"

Shavkat Mirziyoevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishishi marosimi 14 dekabrda o‘tkazilishi kutilayotgani to‘g‘risidagi xabarni publitsist Sharof Ubaydullaev ham o‘z manbalariga tayanib tasdiqladi.

Sobiq Prezident Islom Karimovning birinchi marta lavozimga kirishish marosimini uyushtirishni boshqarganlar orasida bo‘lgan Ubaydullaevning aytishicha, an’anaga ko‘ra, bu marosimga chet eldan mehmonlar chaqirilmaydi. Prezidentni qasamayodga keltirish marosimida parlament va hukumat a’zolaridan tashqari chet davlatlarning O‘zbekistondagi diplomatik idoralari vakillari, jurnalistlar hozir bo‘ladi.

Isorm Karimovning 2015 yilda o‘tkazilgan so‘nggi inauguratsiya marosimiga xorijiy mehmonlar taklif qilinmagan. Faqat mamlakatdagi faoliyat yuritayotgan diplomatlar ishtirok etgan edi.

MSK qarori

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2016 yil 9 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida barcha ovozlar sanab bo‘linganidan so‘ng O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Mirziyoevning g‘olib chiqqani e’lon qilindi.

Shavkat Mirziyoev saylovchilarning 88,61 foiz, Hotamjon Ketmonov 3,73 foiz, Sarvar Otamurodov 2,35 foiz va Narimon Umarov 3,46 foiz ovozini olgan.

Markaziy saylov komissiyasi Shavkat Miromonovich Mirziyoevni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylangan deb hisoblash to‘g‘risida 9 dekabr kuni qaror qabul qilgan.

Senatning yalpi majlisi

13 dekabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 10.00 da O‘zbekiston poytaxtida Oliy Majlis Senatining sakkizinchi yalpi majlisi ochildi. Senat matbuot xizmatining xabar qilishicha, bu haqdagi qaror yuqori palataning 10 dekabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishida qabul qilingan.

Yalpi majlis muhokamasiga O‘zbekiston Respublikasining 2017 yilgi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalarining byudjetlari hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi, shuningdek, 2017 yilda aholi bandligini ta’minlash dasturi to‘g‘risidagi masalalarni kiritish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, majlis kun tartibiga “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Soliq va byudjet siyosatining 2017 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi hamda boshqa qonunlar kiritilgan.

Lekin Senat matbuot xizmatining xabarida yangi Prezident lavozimga kirishadigan kunni belgilash masalasi kun tartibiga kiritilgani aytilmagan.

Oldingi prezidentning so‘nggi qasamyodi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining lavozimga kirishishi marosimi 2015 yilning 10 aprelida bo‘lib o‘tgan edi. O‘sha kuni Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisida to‘rtinchi marta prezidentlikka "saylangan" Islom Karimov qasamyodga keltirilgan.

Muxolifatchilar prezident saylovi mamlakat Konstitutsiyasining 90-moddasi - bir shaxsning ikki muddatdan ortiq prezidentlikka da’vo qila olmasligi haqidagi tamoyilga zid tarzda o‘tkazilganini da’vo qilgandi.

Yangi Bosh vazir qachon tasdiqlanadi?

Bu masala shu kunda ko‘pchilikni qiziqtirmoqda, albatta. Bir qarashda, Bosh vazir lavozimiga kim tasdiqlanishi aniq bo‘lib qolganday. Har holda Shavkat Mirziyoevning nomzodini prezidentlikka ko‘rsatgan O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi kuni kecha Bosh vazir lavozimiga Abdulla Aripovning nomzodini ko‘rsatdi. Endilikda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti mamlakat Konstitutsiyasining 98- moddasiga binoan Prezident Bosh vazir lavozimiga nomzodni Oliy majlisga tasdiqlash uchun taqdim qilishi kerak.

Lekin, hozircha, yangi Prezident lavozimga kirishgani yo‘q. Demak, hukumat raisi Shavkat Mirziyoev Prezident lavozimiga kirishganidan so‘ng tasdiqlanadi.

Xuddi shunday fikrni Sharof Ubaydullaev ham aytdi.

“Bosh vazir o‘rni hali bo‘shagani yo‘q. Joy bo‘shasin, ana o‘shandan so‘ng Bosh vazir masalasi kun tartibiga chiqadi”, dedi Ubaydullaev.

XS
SM
MD
LG