Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2025, Тошкент вақти: 21:47

“Lukoyl” O‘zbekistonda 50ta zapravka ochadi


Rossiyaning “Lukoyl” neft shirkati O‘zbekistonda avtomobil yonilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini kengaytirmoqchi. Rossiya matbuotidagi xabarlarga ko‘ra, “Lukoyl” O‘zbekistonda jami 50 ta "zapravka" qurishni va mamlakatdagi UzGazOil shoxobchalarini o‘z tasarrufiga o‘tkazish niyatida. UzGazOil shoxobchalari o‘rnida ochilajak “Lukoil” zapravkalarida Rossiyadan keltiriladigan benzin sotilishi aytilmoqda.

"O‘zbekneftgaz" shirkatining ismi sir qolishini istagan mulozimlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda “Lukoyl”ning O‘zbekistondagi birinchi zapravkasi yaqin kunlarda Toshkentda, sobiq Chkalov aviasozlar zavodi yonida rasman ochilishini tasdiqladi.

– Bu zapravka sinov tariqasida ochilyapti. U erda EURO-5 standartidagi AI-92, AI-95 benzini sotiladi, - dedi "O‘zbekneftgaz" shirkati mulozimi.

“Layf.nyus” nashri esa “Lukoyl” O‘zbekistonda jami 50 ta shunday "zapravka" qurishni mo‘ljallayotgani, UzGazOil shoxobchalari o‘rnida ochilajak “Lukoil” shoxobchalarida Rossiyadan keltiriladigan benzin sotilishi haqda yozdi.

Nashrga ko‘ra, "Lukoyl" buning uchun "O‘zbekneftgaz" bilan tolling sxemasi bo‘yicha neftni yonilg‘iga aylantirish va O‘zbekistonga etkazib berish to‘g‘risidagi dastlabki bitimlarni imzolangan.

Lekin, "Lukoyl" shirkati bu haqda matbuotga izoh bermayapti. Shirkat matbuot xizmati Ozodlik yo‘llagan savollarini javobsiz qoldirdi.

O‘zbekistonda "Lukoyl" yonilg‘i quyish shoxobchalarida benzin narxi qanday bo‘lishi hozircha ma’lum emas.

Yonilig‘ini Rossiyadagi neftni qayta ishlovchi zavodlardan mahalliy nuqtalarga etkazishning o‘zi juda qimmatga tushadi.

Sababi Rossiyadan eksport qilinadigan har bir tonna neft uchun 79,1 dollarlik boj to‘lovi belgilangan.

O‘zbekiston esa Rossiyadan ushbu boj to‘lovini bekor qilishni so‘rab keladi.

Moskva esa Jahon savdo tashkiloti doirasida olgan majburiyatlari doirasida bu boj to‘lovini bekor qilolmaydi.

Rossiyadagi Milliy energetika xavfsizligi jamg‘armasi tahlilchisi, Rossiya hukumati qoshidagi moliya universiteti professori Igor Yushkov “Lukoyl” hozirda O‘zbekiston bozoriga kirish uchun boj taqiqlarini aylanib o‘tish sxemalari haqda o‘ylayotgani avvaldan bor gap ekanini aytadi.

- “Lukoyl” O‘zbekistonni istiqbolli bozor sifatida ko‘rmoqda. Hozir shirkat O‘zbekistonga yonilg‘ini olib kirish uchun eksport sifatida emas, balki tovarayirboshlash sifatida malakalanadigan sxemalar haqda bosh qotirmoqda. Uzoq kelajakda esa Lukoyl O‘zbekistonning Bojxona Ittifoqiga qo‘shilishiga ham umid qilmoqda. Zero hozir Bojxona Ittifoqi yoki Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyati juda qiyin damlarni boshdan kechirmoqda. Rossiya va Belarus orasida kelishmovchilik kattayib boryapti. Lekin Rossiya elitasida O‘zbekistonning Bojxona Ittifoqi yoki Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyatiga qo‘shilishiga qiziqish katta. Kreml esa “Lukoyl”ning O‘zbekistonga kirib borishi uchun O‘zbekistonga benzin eksporti uchun boj to‘lovlaridan ham voz kechishgacha borishi mumukin”, - deydi Yushkov.

Joriy yil sentabrida O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev Buxoroda “Lukoyl” prezidenti Vagit Alekperov bilan uchrashib¸ neft va gaz sohasida hamkorlik masalalarini muhokama qilgan edi.

15 noyabr kuni shirkatning O‘zbekistonda yangi gaz konlarini o‘zlashtirish loyihalariga 500 million dollar sarmoya yotqizishi xabar qilindi.

Aytilishicha, "Lukoyl" Lyuksemburg, Fransiya, Yaponiya, Italiya, Germaniya, Hollandiya, Rossiya va Avstriyadagi bir qator banklardan qarz olib ëtqiziladigan bu sarmoya Hisor kompleksini o‘zlashtirish uchun sarflanadi.

“Lukoyl” O‘zbekistonning Havzak, Shodi, Qo‘ng‘irot uchastkalari hamda Qandim konlar guruhida geologiya-qidiruv ishlari o‘tkazib kelmoqda. Hisor hududi konlarida olib borilgan ishlar natijasida shu paytgacha "Lukoyl" 368,5 ming tonna neftь va 2 milliard kub metr tabiiy gaz qazib olgan.

2016 yil boshlarida“Lukoyl” shirkatining Qandim konidagi loyihasi doirasida ERIELL kompaniyasi bilan hamkorlikda Buxoroda MDHdagi eng ulkan quyosh elektr stansiyasi ishga tushirilgan edi. Qurilgan stansiya kunduzi 5000 kVtgacha, tungi paytda 1000 kVt energiya ishlab chiqarish imkoniga ega. Bu quvvatdagi energiya bilan 1,5 ming aholisi bo‘lgan kichik shaharchani doimiy ta’minlash mumkin.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2007 da O‘zbekistonda faoliyat boshlagan “Lukoyl” mamlakat iqtisodiyotiga 3,5 milliard AQSh dollari miqdorida sarmoya yotqizgan.

XS
SM
MD
LG