Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:18

Rossiya O‘zbekistonga neft yetkazib berish ustida bosh qotirmoqda


O‘zbekiston va Rossiya rus neftining o‘zbek bozoriga yetkazib berilishi yo‘llarini izlamoqda. Buni kuni-kecha Toshkentda yakunlangan ikki taraflama iqtisodiy hamkorlik yig‘ilishida Rossiya Energetika vaziri muovini Kirill Molodsov ovoza qildi. Ammo kuzatuvchilar Rossiyaning neft mahsulotlarini O‘zbekistonga bozor narxlaridan arzonroq sotishiga jiddiy shubha bildirmoqda.

“O‘zbekistonga neft yetkazib berish yo‘llarini izlamoqdamiz!”

Rossiya va O‘zbekistonning vakolatli idoralari rus neftining o‘zbek bozoriga yetkazib berish yo‘llari ustida joriy yilning mart oxirigacha qator takliflarni ishlab chiqadi.

Bu haqda ikki davlat o‘rtasida bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishi yakunida Rossiya Energetika vaziri muovini Kirill Molodsov e’lon qildi.

- “O‘zbekneftgaz” bilan birgalikda O‘zbekistonga neft yetkazib berish imkoniyatlari bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqishimiz lozim. Mart oyida hal etilishi kerak bo‘lgan qator topshiriqlar berildi.O‘zaro tovar ayirboshlashni oshirishga qaratilgan yechimlar ustida ishlaymiz, dedi Rossiya vaziri muovini.

Kirill Molodsov O‘zbekistonga neftni temir yo‘l trasporti orqali yetkazib berishning iqtisodiy jihatdan samarasizligini tushuntirishga urinib, “hozirda maksimal tarzda samarali yo‘llar qidirilmoqda”, dedi.

U SSSR davrida O‘zbekistonga Rossiyadan yiliga 7-9 million tonna neft yetkazib beruvchi quvur bo‘lganligini eslatib, biroq bu quvurning texnik holati achinarli ahvolda ekanini bildirdi.

Rossiya Energetika vazirligida Ozodlik so‘roviga javob bergan matbuot xizmati rahbari Olьga Golant Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida yuqori darajadagi hamkorlik masalalari muhokamasi bo‘layotganini tasdiqlab berdi.

- Bilishimcha, yaqin orada prezidentingizning Rossiyaga safari bo‘lib o‘tadi. Asosiy masalalar o‘sha yerda muhokama etiladi va prezidentlar uchrashuvi o‘tmaguncha qo‘shimcha tafsilotlar ochiqlanmaydi, dedi Olьga Golant.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, 2016 yilning noyabrida O‘zbekiston hukumati Rossiyadan Omsk - Pavlodar - Shimkent – Zafarobod magistral neftuzatgichi bo‘yicha eksport boj to‘lovlarisiz neft etkazib berishni so‘rab murojaat qilgan. Biroq, 2017 yil yanvarida Rossiya O‘zbekiston hukumatining bu talabiga rad javobini qaytargan.

Kirill Molodsov O‘zbekistonga neft etkazishda Qozog‘iston yordami zarur bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida ham mulohaza yuritdi.

Neft O‘zbekistonga zarur

Oxirgi yillarda O‘zbekistonda benzin, solyarka va boshqa neft mahsulotlari yetishmovchiligi surunkali holatga aylangani to‘g‘risida Ozodlik xabar berib kelgan.

Benzin taqchilligi O‘zbekiston uchun odatiy holga aylandi
Benzin taqchilligi O‘zbekiston uchun odatiy holga aylandi

Neft-gaz Axborot agentligi keltirgan raqamlarga binoan, oxirgi 15 yilda O‘zbekistonda suyuq uglevodorodlar qazib ozish 2,2 barobarga kamayib ketgan: 2002 yilda – 7,24 mln. tonna, 2012 yilda bu ko‘rsatkich yiliga 3,17 mln. tonnani tashkil etgan. Mutaxassislar neft mahsulotlarini qazib olishning kamayishini respublikada mavjud zahiralarning yakuniga yetib borayotgani bilan izohlamoqda.

Nashrga ko‘ra, hozirda Buxoro, Farg‘ona va Oltiariq neftni qayta ishlash zavodlari umumiy ishlab chiqarish quvvati 11,12 million tonnani tashkil etsada, ular atigi 60 foizga ishlamoqda.

“Rossiyadan arzon neft yetkazish juda qiyin masala”

Biroq neft va gaz sohasi mutaxassislari Rossiyaning neft mahsulotlarini O‘zbekistonga bozor narxlaridan arzonroq sotishiga jiddiy shubha bildirmoqda.

Neft va gaz sohasi tahlilchisi, Moskvadagi RusEnergy konsalting shirkati hamkori Mixail Krutixin rus neftining katta hajmda O‘zbekiston bozoriga yetkazib berishning ikki asosiy to‘siqlari borligini gapiradi.

- Birinchidan, bunga Rossiya a’zo bo‘lgan BST - Butunjahon Savdo Tashkiloti talablaridir. Rossiya boj to‘lovlarisiz O‘zbekistonga neft yetkazib berishni boshlasa, u bu qoidani boshqa davlatlarga ham qo‘llashi shartdir. Aks holda katta jarimalarni kuting! Boz ustiga, O‘zbekiston Rossiya bilan Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqqa ham birlashmagan. Ikkinchi to‘siq – neft quvurining texnik holati. Bu quvur Sovetlar davrida Turkmanistongacha borgan va Markaziy Osiyodagi respublikalarga neft yetkazib berib kelgan. Ammo hozir quvurning katta qismi o‘g‘irlab, tashib ketilgan. Men neftni arzonroq narxda O‘zbekistonga yetkazishning yana boshqa yo‘llarini ko‘rmayapman, dedi iqtisodiy tahlilchi Mixail Krutixin.

Mutaxassis fikricha, Qozog‘istonning ham BST a’zosi sifatida O‘zbekistonga neft mahsulotlarini bozor narxidan arzonroq sotish imkonidan mahrum etilgan.

Таҳлилчи Михаил Крутихин билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:08 0:00
Бевосита линк

Mixail Krutixin bundan keyin Rossiya hukumati O‘zbekiston davlatini boshqarishni boshlagan Shavkat Mirziyoevga “munosabatlarni oydinlashtirib olishni” taklif qilishi mumkinligini ham taxmin qildi.

O‘zbekiston YeOIHga qo‘shiladimi?

Boshqa kuzatuvchilar Rossiyaning neft bilan bog‘liq ishlab chiqilayotgan shartnomalarni Shavkat Mirziyoev hukumatini Yevrosiyo Iqtisodiy ittifoqiga qo‘shishga qilgan birinchi yirik qadami o‘laroq baholamoqda.

O‘zbekistoning oldingi prezidenti Islom Karimov Kreml tomonidan boshqarib kelinayotgan har qanday tashkilot va tuzilmaga jiddiy shubha bilan qarab kelganini eslatish lozim.

- Men ochiqchasiga aytaman – O‘zbekiston na Yevrosiyo Ittifoqi va na Bojxona Ittifoqiga qo‘shiladi, deya 2015 yilning yanvarida O‘zbekiston Qonunchilik palatasi yig‘ilishida nutq so‘zlagan edi Islom Karimov.

Ayni paytda, Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasi O‘zbekistonda birinchi avtomobil zapravkasini ishga tushirgani xabar qilingan edi.

Ozodlik ma’lumotlariga ko‘ra, “Lukoyl” O‘zbekistonda 50ga yaqin yonilg‘i quyish shahobchalarini ishga tushirishni rejalashtirgan.

XS
SM
MD
LG