Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:46

Peterburgda terrorchilikda gumon qilinib, yana ikki qirg‘izistonlik qo‘lga olindi


Ayjigit Aytmatov sud zalida (FOTO - Sankt-Peterburg shahri Oktabrskiy tuman sudi)
Ayjigit Aytmatov sud zalida (FOTO - Sankt-Peterburg shahri Oktabrskiy tuman sudi)

Peterburg sudi terrorchilikka aloqadorlikda gumon qilib, yana ikki nafar qirg‘izistonlik mehnat muhojirini qo‘lga oldi. Shunday qilib, Sankt-Peterburg metrosida 3 aprel kuni amalga oshirilgan portlashga aloqadorlikda gumon qilinib, shu paytgacha hibs etilganlar 10 nafarga yetdi va ulardan 3 nafari O‘zbekiston vatandoshi ekani aytilmoqda.

O‘tgan shanba, 15 aprel kuni Peterburgning Oktyabr tuman sudi qarori bilan yana ikki nafar shaxs terror tashkilotlariga aloqadorlikda gumonlanib hibsga olindi.

Sankt-Peterburg shahar sudi matbuot kotibasi Darya Lebedevaning Ozodlikka bergan ma’lumotiga ko‘ra, ulardan biri shu yilning 4 iyunigacha, ikkinchisi – 13 iyungacha, tergov muddati tugaguniga qadar, hibsda qoladi.

- Abduraimov Obid Qirg‘iziston SSR, O‘sh shahrida tug‘ilgani, Aytmatov Ayjigit Qirg‘iziston SSR (mamlakatning tilga olinganlar tug‘ilgan paytdagi nomi - tahr.) ning Qizilqiya shahrida tug‘ilganini ma’lum qilishim mumkin. Aytmatov shu yilning 6 aprelida hibs etilganlar jinoiy ishi yuzasidan javobgarlikka tortildi. Abduraimov esa da’vat va yollash bilan bog‘liq boshqa jinoiy ish asosida hibsga olindi. Abduraimov Obid 2017 yilning 13 iyunigacha, Aytmatov Ayjigit – 4 iyungacha qamoqda qoladi, dedi Darya Lebedeva.

Lebedeva xonim bu yigitlar hozirda Rossiya vatandoshligiga ega bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risidagi Ozodlik taxminlarini na tasdiqlay olishi va na inkor eta olishini bildirdi.

Ozodlik o‘z manbalaridan olgan axborotga ko‘ra, 1985 yilda tug‘ilgan, bir nafar farzandning otasi Ayjigit Aytmatov Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 205,1- moddasi 1- qismi ("terrorchilik harakati sodir etishga tayyorgarlik ko‘rish") asosida jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Ayblanuvchi Obid Abduraimov sud zalida
Ayblanuvchi Obid Abduraimov sud zalida

1978 yilda tug‘ilgan o‘shlik Obid Abduraimov esa Rossiya FSBsi tomonidan “Suriyaga jihodga yollaganlikda” gumon qilinmoqda.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi javobgarlikka tortilgan bu shaxslar haqida ma’lumot yig‘ish davom etayotgani va ortiqcha ma’lumot bera olmasligini bildirdi.

Shu tariqa, 2017 yilning 3 aprelida Sankt-Peterburgda sodir etilgan terrorchilik akti ortidan qo‘lga olingan gumonlanuvchilar soni 10 kishiga yetgani xabar qilindi. Shaharning Oktabr tuman sudi rasmiy saytida 6 aprel kuni qo‘lga olinganlar haqida e’lon qilingan ma’lumotga binoan, 4 iyungacha sud qarori bilan O‘zbekiston vatandoshi bo‘lgan Inoqov Feruz Sirojiddinovich va Murotov Jo‘rabek O‘ktamovichlar;

Qirg‘iziston vatandoshlari bo‘lgan Madrahimov Bahodir Bahromovich, Satimbaev Shuhrat Qudratillaevich, Rustamov Otabek Sayipjonovich, Rustamov Azizbek Sayipjonovich, Oybek uulu Islambek va Nurbaev Iskandar Irisbekovichlar tergov izolyatoriga kiritilgan.

Bundan bir kun o‘tib, Moskvaning Basmanniy tuman sudi 45 yashar o‘zbekistonlik idish yuvuvchi Shohista Karimova va 37 yashar tojikistonlik oshpaz Ortiq Sodiqovni Peterburg portlashlariga aloqadorlikda ayblab qamoqqa olgani to‘g‘risida xabar berilgan edi.

Qizig‘i, 6 aprel kuni Peterburg va Moskvada terrorchilikka aloqasi borlikda gumonlanib Rossiya Tergov qo‘mitasi keltirayotgan qo‘lga olinganlar ro‘yxatidagi familiyalar Peterburg sudi keltirayotgandan keskin farq qiladi.

Rossiya Tergov qo‘mitasi vakilasi Svetlana Petrenkoning rasmiy videoxabarnomasida peterburglik xudkush ishi yuzasidan Sayfulla Hakimov, Ibragimjon Yormatov, Dilmurod Muydinov, Baxrom Ergashev, A’zamjon Mahmudov, Mahamadyusuf Mirzaalimov, Shohista Karimova va Sodiq Ortiqovlar javobgarlikka tortilgani aytilgan edi.

Peterburgda ushlanganlar "Jabhat an-Nusra" va "Islom davlati" guruhlariga aloqadorlikda gumonlanmoqda
Peterburgda ushlanganlar "Jabhat an-Nusra" va "Islom davlati" guruhlariga aloqadorlikda gumonlanmoqda

Sud va tergov idoralari hozircha bu tafovut masalasida biror izoh berganicha yo‘q. Shuningdek, Rossiya Tergov qo‘mitasi Tver shahrida ushlangan o‘zbek muhojirlari ism-familiyalarini ochiqlaganicha yo‘q.

Markaziy osiyolik muhojirlar 3 aprel kuni Sankt-Peterburg metrosi vagonida amalga oshirilgan xudkushlik hujumi oqibatida boshlanib ketgan “zachistka”lar va reydlar paytida hibsga olindi. Ozodlik Rossiyaning deyarli barcha mintaqalarida “aksilterrorchilik amaliyotlari” va reydlar kuchaytirilgani haqida ma’lumotlar olishni davom etmoqda.

Terakt natijasida 15 odam o‘lgani¸ 50 dan oshig‘i jarohat olgani ma’lum.

Rossiya Tergov qo‘mitasi xudkush hujumchi deb kelib chiqishi qirg‘izistonlik, ammo Rossiya grajdanligiga ega o‘shlik Akbarjon Jalilovni e’lon qilgandi. Rossiya rasmiy idoralari Jalilovni 2015 yildan boshlab “Islom davlati” ekstremistik guruhiga xayrixohlar ta’siriga tushganlikda gumonlanayotganini ma’lum qilgan.

XS
SM
MD
LG