Линклар

11 декабр 2017, Тошкент вақти: 20:18

Ikkinchi jahon urushi tugagan 9 may bayramini O‘zbekisonda sovet qo‘shiqlari va kommunistik simvolika bilan nishonlanishi ijtimoiy tarmoqdagi o‘zbek segmentini ikkiga ayirdi.

Bir taraf so‘nggi 25 yilda ilk bora Sovet patriotik qo‘shiqlari va kinolarining O‘zbekiston telekanallariga qaytishi va stalincha simvolika ostida “O‘lmas polk” aksiyasini o‘tishini “adolatning qaror topishi” deya hisoblashmoqda. Yana bir taraf esa bu tadbirlar O‘zbekiston mustaqilligi ideallariga zid ekani va zamonaviy Rossiya siyosatining xatarli propagandasi ekanligini ta’kidlashmoqda. Ularga ko‘ra¸ “sovet mifologiyasi ijodi bo‘lgan afsonalar O‘zbekistonni orqa xovlisi deb biladigan Rossiya siyosiy manfaatlari uchun samarali ishlamoqda. Ozodlik muxbiri tarixchi olim va publitsistlar bilan suhbatlashib bu mavzuga oydinlik kiritdi.

Back in the USSR

9 may kungi tantanalarni Toshkentda kuzatgan munaqqid va blogger Akmal Rizev 1988 yili Beatles mashshog‘i Pol Makkartni kuylagan “SSSRga qaytish” qo‘shig‘i esga tushganligini aytadi.

- 25 yil o‘tib Sovet simvolikasining bu qadar tez o‘zbekistonga qaytgani menga mashxur qo‘shiq misralarini eslatdi. Men SSSRga qaytdim. Sen tasavvur ham qila olmaysan omading kelganini Men SSSRga yana qaytdim.

Beatles qo‘shig‘i satrlari ijobat bo‘lganidan ko‘ra¸ mustaqillik haqida 25 yil gapirgan mulozimlarning bir kunda fikrini o‘zgartirgani meni taajubga soldi deydi munaqqid.

Yulduz Usmonova bayram faoliga aylandi
Yulduz Usmonova bayram faoliga aylandi

​Ho‘sh bir kunga bo‘lsa ham SSSRga qaytishning nima yomon tarafi bor deb so‘raymiz toshkentlik shoir va publitsist Zarif Sultoniydan.

- Hammasi ana shu bir kundan boshlanadi. Bu bir kun asrlarga tatigulik kun bo‘lishi hech gapmas.

Hozir qandaydir ko‘rinmas kuchlar bor va ular harakatga tushib qolishgan. Bu Moskvadan turib Rosstrudnichestvo idorasining Toshkendagi bo‘limi orqali boshqarilyapti.

Ekspansiyaga start berilgan allaqachon. Hozir bir mamlakatni ishg‘ol qilsh uchun u yerga qurol ko‘tarib borish shartmas. Qalblar va fikrlar ishg‘ol qilinsa bo‘ldi. Ular ana shu siyosiy texnologiyani ishga solyapti. Rus kolonializmi qaytadan jonlanyapti. Lekin dushman faqat tashqarida emas, ichimizdagi dushmanlar yanayam xatarli¸ - deydi toshkentlik publitsist Zarif Sultoniy Ozodlik bilan suhbatda.

Toshkent 9 may kuni
Toshkent 9 may kuni

Qo‘qonlik 34 yashar blogger Shukurjon Islomov bu masalaga sal boshqacha yondoshishini aytdi:

- Uzil kesil fikr bildiradigan bo‘lsak sovet simvolikasi qaytishiga qarshiman. Masalan, bosh maydonimizda qizil bayroq va Sovet ittifoqining ramzlari o‘rnatilishi qabul qilib bo‘lmas holat. Chunki bizning o‘z ramzlarimiz, o‘z davlatchiligimiz bor. Ammo tarixni eslash uchun bir yilda bir marta urushda halok bo‘lgan ajdodlarni yodlab, rasmini ko‘tarib yurish yoki veteranlarga gul berish an’analari, Sovet ittifoqida kuylangan qo‘shiqlar ijro etilishida biror salbiy narsa ko‘rganim yo‘q. Chunki bu bizning tariximiz. Darvoqe, Sovet ittifoqi tarkibida yashagan davrimizda ham asriy milliy qo‘shiqlarimiz ijro etilgan, madaniyatimiz va ayrim ramzlarimiz saqlanib qolgan. Qaytish boshqa, eslash boshqa¸ deydi blogger.

Ijtimoiy tarmoqda bu munozaraga fikr bildirgan yuzer Hasan Jo‘raev “Karimov o‘limidan bir yil ham o‘tmay hammayoq "Katyusha" bo‘lib ketgani va bunga Mudofaa vazirligi, Kamolot jalb qilingani biroz ajablanarli.” deya yozadi.

Mafkurasizlik bo‘shlig‘ini sovet cho‘pchaklari to‘ldirmoqda

O‘zbekistonlik psixolog olim va shoir Mahmudjon Yo‘ldoshev Ozodlik bilan suhbatda “25 yil mobaynida O‘zbekiston hukumati olib borgan mafkurasizlik siyosati hosilasi bo‘lgan bo‘shliqni sovet cho‘pchaklari to‘ldirmoqda” deya ta’kidlaydi.

Toshkentlik blogger Akmal Rizevning aytishicha¸ O‘zbekistondagi MTRK va MY 5 kanalida 9 may arafasida Sovet davlatini va kommunistik g‘oyalarni tarannum etadigan qo‘shqi va filmlar namoyish qilingan:

- 25 yillik tanafusdan so‘ng o‘zbek telekanallarida sovet propagandasi maxsuli bo‘lgan asarlar namoyish qilindi. Shu yillar ichida ilk marotaba sovet davrida KGB zobiti bo‘lgan o‘zbek qariyalar TVga chiqib sovet vataniga qanday sodiq bo‘lgani haqida faxrlanib gapirishdi. Meni hayratga solgan eng katta cho‘pchak MY 5 kanalida berilgan “Hitlerning "Orqadan zarba" rejasini o‘zbek razvedkachisi to‘xtatib qolgan edi” degan film bo‘ldi. Bu kino “ijodkorlari” ochiqchasiga KGB va SSSR bilan fahrlanishadi¸ deydi bloggger.

Toshkentlik taxlilchi Anvar Nazirov 25 yil davomida Rossiya telekanalari olib borgan propaganda oqimiga o‘zbek telekanallari ham qo‘shilganidan taassuf bildirdi.

- Bu nima, O‘zbekistonda shahar bedarvozami? Hamma narsani chegarasi bo‘ladi! Qanaqa yana o‘zbek razvedkasi?? O‘zbekiston SSR bu Sovet davlatining bir qismi bo‘lgan, viloyat statusiga ega respublika. Sovet O‘zbekistonida Sovet Konstitutsiyasi bo‘yicha armiyaga, razvedkaga, mustaqil tashqi siyosatga haq bo‘lmagan! Sovet armiyasi, Sovet razvedkasi faqat bo‘lgan! nahotki shu oddiy narsani omma bilmaydi deb o‘ylaysiz? Balki Germaniya O‘zbekiston bilan alohida urush oborgan? Bu ertaklarni o‘zbek mediasi bog‘cha bolalariga borib aytsin¸ deydi Anvar Nazirov.

Xatarli sinptom

Nazirovga ko‘ra¸ “sovet patriotizmi haqidagi ertaklarning yana kun tartibiga chiqqani xatarli simptom”

- Masalan shu kunlarda “Xalqlar do‘stligi” degan ertak parvarishlanmoqda. Afsus Shomahmudovlar yodgorligi rusparast va sovetparastlar sig‘inadigan siymoga aylanib qoldi. Shomahmudovlarning aybi yo‘q¸ lekin davlatning 9 may atrofidagi populizmi rusparastlarga qo‘l kelmoqda¸ degan suhbatdosh Sovet davrida parvarishlangan ertaklarni fosh qilish zarurligini ta’kidladi:

-O‘zbekistonga kelgan barcha urush yetimlari oilalarga joylashtirildi degan gap noto‘g‘ri. Ularning ko‘pi yetimxonalarda tarbiyalangan. Shu bilan birga yetim bolalarni asrab olgan o‘zbeklar ham ko‘p bo‘lgan. Sovet propandasi esa ularni orasidan biografiyasi to‘g‘ri bo‘lgan ishchilar sinfi vakilini tanlab olib ikona yaratdi¸ deydi suhbatdosh.

Xalqlar do‘stligi haykali ënida
Xalqlar do‘stligi haykali ënida

O‘zbek sovet yozuvchisi Rahmat Fayziyning yetimlarni olib saqlagan temirchi Shomahmudovlar oilasi gaqidagi “ Hazrati inson” romanida bu voqea O‘zbekistonning o‘sha paytdagi rahbarlari ko‘magida tashkillashtirilgani haqida ishoratlar bor.

Masalan o‘sha davrda Sovet O‘zbekistoni rahbari Yo‘ldosh Oxunboboevning bu oilaga tashrif buyurib iqtisodiy va tashkiloiy muammolarni tizimli ravishda hal qilib turgani romanda aks etadi.

-Xolbuki Shomahmudovlardan tashqari yetim asragan boshqa o‘zbek oilalar ham bo‘lgan¸ yordam esa faqat Shomahmudovlarga berilgan deydi Akmal Nazirov.

Shomahmudovlar oilasi haqida film yaratgan SSSR xalq artisti Shuhrat Abbosov o‘z vaqtida bu filmning yetarlicha “agitatsion rolik” bo‘lmagani sovet mulozimlari tarafidan tanqid qilinganini eslaydi:

- Zuxra Raximovna degan rahbar ayol meni urishib bergan. Nega non ocheredini tasvirlagansiz deb. U opa kinoni hudddi gazetadagi propaganda kabi bo‘lishini istagan. Gazetalarga esa men ishonmasdim¸ - deydi san’atkor.

Shavkat Mirziëev 9 may kuni
Shavkat Mirziëev 9 may kuni

​O‘zbekistonlik blogger Akmal Rizaevning aytishicha¸ o‘zbek sovet sovet prozasi uzoq yillar davomida “SSSRga fidokor o‘zbeklar haqida “cho‘pchaklar to‘qib kelgan:

- Said Ahmadning “Ufq” romani qaxramoni bo‘lgan o‘zbek urushdan qochib kelgan o‘g‘lini otib o‘ldiradi. Boshqa roman va qissalarda esa o‘zbeklar urushga karnay -surnay chalib o‘z ixtiyorlari bilan borishgani tarannum qilinadi¸ - deydi blogger.

Ikkinchi jahon urushi haqidagi qator maqolalar muallifi¸ jurnalist Mavlon Shukurzoda buni haqiqatdan uzoq deb hisoblaydi:

- Bunday gapni eshitmaganman. Urushda qatnashgan raxmatli dadam bu xakida xech gapirmaganlar¸ - deydi jurnalist.

Toshkentlik taxlilchi Anvar Nazirov esa Sovet O‘zbekistoni tarixida armiyadan qochib kelgan o‘g‘lini o‘ldirgan ota hikoyasi qayd etilmaganligini aytadi:

- Mani o‘zimni qarindoshlarim urushdan qochib kelganlarni yashirishgan. Hech bir ota o‘z o‘g‘lini otib o‘ldirmagan. Bunday fakt yo‘q. O‘zbeklar urushga o‘z ihtiëri bilan borishmagan. Ularni haydab ketishgan. Ularga ishonishmagan. Ularni orqasida KGBning vertuxaylar degan askarlari miltiq o‘qtalib turishgan. Orqadan sovetlar otgan¸ oldindan esa nemislar otgan. Zambarak yemiga aylangan o‘zbeklar ikki o‘t orasida nobud bo‘lishgan, - deydi Anvar Nazirov.

XS
SM
MD
LG