Линклар

Jizzax viloyati G‘allaorol tumani Uzunbuloq qishlog‘i yaqinidagi tog‘da oltin qazish ishlari bilan g‘ayriqonuniy shug‘ullangan o‘ndan ortiq odamni 6 iyun kuni tosh bilan tuproq bosib qolishi oqibatida 4 kishi halok bo‘lgan va yana 2 kishi og‘ir holatda kasalxonaga yotqizilgan. Bu haqda Ozodlikka qurbonlar yaqinlari ma’lum qildi.

Qurbonlar yaqinlariga ko‘ra, G‘allaorol tumanining Uzunbuloq qishlog‘idan taxminan o‘n kilometrcha uzoqdagi tog‘dan oltin qazish ishlari bilan g‘ayriqonuniy shug‘ullanadigan o‘ndan ortiq odamni 6 iyun kuni bir necha o‘n metr chuqurlikda tog‘ jinslari bosib qolgan.

Bu fojiada uch nafar yaqin odamidan ayrilgan Hoshim Mahramovning Ozodlikka aytishicha, jiyanini qutqargani borgan ukasi va yana bir jiyani ham tuproq tagida qolib halok bo‘lgan:

- Bu voqea 6 iyunga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. O‘sha kuni tog‘amning 25 yashar o‘g‘li Rasul nobud bo‘lgan. Ertasi kuni bu voqeadan xabar topgach 45 yashar avtobuschi ukam Akmal va akamning o‘g‘li Rahmon o‘sha yerga borib, qutqaruv ishlarida qatnashadi. Ammo, Rasulning jasadi ko‘rinib qolib, tortib olamiz deganlarida yana tuproq va tosh ko‘chib bularni ham bosib qoladi va ukam, jiyanim ham halok bo‘ladi. Moltop qishlog‘ida yashaydigan Ixtiyor Botirov degan yigit ham nobud bo‘lgan, - dedi Hoshim Mahramov.

Uning ilova qilishicha, qutqaruv ishlarida qatnashgan yana ikki jiyani og‘ir jarohatlar bilan kasalxonaga yotqizilgan:

- Rustam va Ikrom degan jiyanlarimni ham Xudo bir asradi. Ular ham qutqarish harakatida bo‘lganda tog‘ bosib qolgan. Rustamga ancha jiddiy jarohat yetgan, hozir reanimatsiyada yotibdi, Ikrom esa travmotologiya bo‘limida, - dedi Hoshim Mahramov.

Uning aytishicha, qutqaruv ishlarida Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari ishtirok etgan.

Tuproq tagida o‘sha kuni qancha odam qolganligi haqida aniq ma’lumot yo‘q.

Rasman tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha kuni g‘ayriqonuniy oltin qazish uchun yer ostiga 15 nafarga yaqin odam tushgan.

Qutqaruvchilar bundan tashqari yana ikki odamni qutqarib olgani aytiladi.

Jizzax viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, qutqaruv ishlari tugaganini aytdi:

O‘sha joy ekskavator yordamida qazilib, qutqarish ishlari olib borildi. Bir necha kishi qutqarib olindi. To‘rt kishi o‘lik holda topildi. Yer ostida boshqa odam qolmagan”, dedi mulozim.

G‘allaorollik Nabijon Jo‘raboevning aytishicha, Uzunbuloq qishlog‘ining tepasida bo‘lgan bu konda odamlar bir necha yildan buyon g‘ayriqonuniy oltin qazish ishlari bilan shug‘ullanib kelgan:

- Mening bilishimcha, odamlar o‘n yillardan buyon bu joydan g‘or qazishib oltini bor ruda olisharkan va uni Kashshob qishlog‘iga olib kelib, yanchib, oltin yuvib olisharkan. Bu ancha davom etdi. Bultur va o‘tgan yili militsiya reydlar qilib, ancha odamni ushlab keldi ham. Lekin natijasi nima bo‘ldi, bilmayman. Anig‘i shuki, odamlar qazishda davom etdi. Aytishlaricha, 30-40 metrgacha yer ostiga qazib tushgan ekan, - dedi Nabijon Jo‘raboev.

Noqonuniy qazuvlarda o‘lim hollari yuz berib turadi.

2013 yili Samarqand viloyati Paxtachi tumanida yashovchi Quvonchbek Jumaev besh nafar sherigi bilan konga o‘g‘rilikka kirib¸ ruda kavlab olayotganlarida, ustlariga tog‘ jinslari qulab tushgandi.

Jumaev va uning uch nafar sherigi jarohatlangan, ikki nafar sherigi esa tosh ostida qolib nobud bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG