Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:39

O‘zbekiston termasining ikki muhim o‘yini yana Babayanga ishonib topshirildi


O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Milliy terma jamoa Bosh murabbiysi Samvel Babayan lavozimida qolishi va jamoani Xitoy va Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinlarga u yetakchiligidagi trenerlar shtabi tayyorlashini bildirdi.

Federatsiya saytida 15 iyun kuni e’lon qilingan bayonotda Samvel Babayan boshchiligidagi murabbiylar shtabiga ish va vazifani oxiriga yetkazib qo‘yish uchun imkoniyat berilishi haqda aytilgan

"O‘zbekiston terma jamoasining 31 avgustda Xitoyga qarshi safardagi o‘yini hamda 5 sentabr kuni Koreyaga qarshi Toshkentdagi o‘yinlariga jamoani Samvel Babayan tayyorlaydi", - deyilgan bayonotda.

Bundan avval O‘zbekistondagi uff.uz, maydon.uz kabi yetakchi futbol saytlarida ishqibozlar O‘zbekiston milliy terma jamoasi murabbiysi Samvel Babayanning iste’fosini talab qilib chiqishdi.

"Samvel Babayan ketishi kerak. Uning o‘zi ariza yozishi va tinchgina lavozimini topshirishi shart. U kuchsiz! Undagi saviya JChga chiqish uchun yetmaydi. Uni faqat bitta sababga ko‘ra ushlab turishlari mumkin: moddiy manfaat. Boshqa sabab yo‘q", - deyiladi uff.uz saytida e’lon qilingan bayonotda.

O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi esa ishqibozlarning chaqiriqlariga hurmat bilan qarashini bildirgan.

"Jahon chempionati saralash o‘yinlaridan keyin ishqibozlar va turli OAVda yuzaga kelgan vaziyatdan xabardor va milliy terma jamoaning keyingi taqdiri haqidagi bahs va munozaralar, taklif va murojaatlarni juda yaxshi tushunib turibdi. O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi har bir futbol ishqibozi o‘zining shaxsi fikri borligi va uni erkin ifoda qilish vakolatiga ega ekanligiga hurmat bilan qaraydi", - deyilgan O‘FF bayonotida.

Dushanba kuni O‘zbekiston Eronga 2:0 hisobida mag‘lub bo‘lganidan so‘ng 2018 yilgi jahon chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish shansini deyarli yo‘qotgandi.

Chorshanba kuni JCh saralash o‘yinlaridagi O‘zbekistonning “A” guruhidagi asosiy raqibi Janubiy Koreyani Qatar terma jamoasi 3:2 hisobida yenggani va ayni guruhdagi Xitoy va Suriya jamoalari o‘yini durang bilan yakunlangani O‘zbekiston milliy jamoasiga 2018 yilda Rossiyada bo‘ladigan jahon birinchiligi o‘yinlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyati qayta paydo bo‘ldi.

Ayni shu hol ishqibozlarni Babayan iste’foga ketishi kerak, degan talablar bilan chiqishga g‘ayratlantirgan.

"Kechagi Qatar taqdim etgan imkoniyatdan keyin barchasi o‘zgardi. Endi futbol ishqibozi va jurnalistlarini ushlab qolib bo‘lmaydi. Hozir chora ko‘rish kerak. Hozir Babayan ketishi kerak. Agar hozir Babayan ketmasa, saldan keyin uni ushlab turganlar aniq ketadi", - deb yozilgan uff.uz sayti bayonotida.

O‘zbekistondagi futbol sohasi jurnalisti Bobomurod Abdulla ham ijtimoiy tarmoqlarda Samvel Babayanning iste’foga chiqishini yoqlayotgan muxlislar bilan hamfikr ekanini aytdi.

- Bizda chempionatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqishga yana shans paydo bo‘ldi. Chunki, Qatar terma jamoasi bizdan oldinda ketayotgan Janubiy Koreyani yutib qo‘ydi. Oramizdagi bir ochkolik farq saqlanib qoldi. Ana endi biz safarda Xitoy bilan, o‘zimizda esa Janubiy Koreya bilan o‘ynaymiz. Mana shu ikkita o‘yinni yutsak O‘zbekiston ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri jahon chempionatiga chiqishi mumkin. Lekin, Babayan bilan biz buni uddasidan chiqa olmaymiz, men bunga yuz foiz aminman. Babayan oxirgi saralash bosqichida to‘rtinchi o‘yinni boy beryapti. U iste’fo berishi kerak. Otni kechuvda almashtirib bo‘lmaydi, deyishadi, to‘g‘ri. Lekin, Babayan shunaqa otki uni almashtirmasang cho‘kib ketasan, - deydi futbol sohasidagi o‘zbekistonlik mustaqil jurnalist Bobomurod Abdulla Ozodlik bilan suhbatda.

Ozodlik ishfibozlarning iste’fo chaqiriqlari yuzasidan munosabat olish uchun Samvel Babayanning o‘ziga bog‘landi.

Lekin Babayan yig‘ilishda ekani va vaqti yo‘qligini aytdi.

Ayni paytda uff.uz saytida O‘zbekiston milliy terma jamoasiga qaysi murabbiy kelishi kerak, deb hisoblaysiz, degan so‘rov e’lon qilingan.

Hozirga qadar shu so‘rovda qatnashganlarning 47 foizi o‘zbek termasiga xorijdan nomdor trener olib kelish kerakligini aytishgan.

Respondentlarning 41 foizi jamoaning avvalgi murrabiysi Vadim Abramovni qayta trenerlikka tayinlash kerak, degan fikr bildirgan.

So‘rovda qatnashganlarning 5 foizi Samvel Babayan o‘z o‘rnida qolaversin, deb javob qilgan.

XS
SM
MD
LG