Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 11:36

O‘zbekiston elchixonalari Komilovga savol beruvchilarni tayyorlamoqda


Abdulaziz Komilov
Abdulaziz Komilov

O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi ayrim elchixonalari tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan 5 iyulda bo‘ladigan ilk "jonli muloqot" chog‘ida oldindan kelishilgan savollarni beradigan odamlarni tayyorlamoqda. Ozodlik o‘z surishtiruvida O‘zbekistonning kamida uchta - Turkiya, Malayziya va Yaponiya vakolatxonalarida Komilovga savol beradigan talabalar bilan "repititsiya" o‘tkazilganini aniqladi.

"..sirk bo‘larkan"

Yaponiyada o‘qiydigan, ismi sir qolishini istagan o‘zbekistonlik talabaning Ozodlikka aytishicha, O‘zbekistonning Tokiodagi elchixonasi shu kunlarda Komilovga savol beradiganlar bilan suhbatlar o‘tkazmoqda.

"Elchixona savol-javobga odam tanlayapti, sirk bo‘larkan. O‘rtog‘im chiqadi, Yaponiyadan, eslab qolinglar, xato bo‘lsa aytasizlar, OVIR haqida savol beradi. Elchixonaga chaqirishibdi, savolni ham tayyorlab berisharkan, xullas Komilov bilan muloqot sirk bo‘larkan", - dedi Yaponiyada ta’lim olayotgan talaba.

Ozodlik O‘zbekistonning yana kamida uchta vakolatxonasida Komilov bilan bo‘ladigan "jonli muloqot"da oldindan tasdiqlangan savollarni beradiganlar bilan "repititsiyalar" o‘tkazilganini aniqladi.

Turkiyada yashovchi o‘zbekistonliklardan biri shunday suhbat 20 iyun kuni Istanbuldagi O‘zbekiston Konsulxonasida o‘tkazilganini aytdi.

"O‘sha kuni Turkiya bilan pryamoy liniya tashkil qilinar ekan. Shunga vazirga berilishi lozim bo‘lgan barcha savollar oldindan elchixona bilan kelishilgan holda bo‘lishi kerak deyishdi. Bizdan asosan odam savdosi bo‘yicha savollar bo‘ladi", - dedi ismi ochiqlanmasligini istagan o‘zbekistonlik.

"Ochiq muloqot"

Lekin, O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati mulozimi elchixonalar muloqot uchun oldindan savol tayyorlab ularni uchinchi shaxslar orqali vazirga berishga urinayotganini rad etdi.

- Bu bo‘lmagan gap. Muloqotda hamma to‘g‘ridan-to‘g‘ri savol berishi mumkin. Agar to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish imkoniga ega bo‘lmasa savolni matn shaklida yoki audio va video ko‘rinishda vazirning virtual qabulxonasiga, muloqot@tiv.uz rasmiy elektron manziliga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri jo‘natishi mumkin. Vazirlikning Facebook tarmog‘idagi sahifasi va Telegram tarmog‘idagi kanali orqali ham savol berishlari mumkin. Bu hamma uchun ochiq muloqot bo‘ladi. Lekin, ism va manzili nonma’lum bo‘lgan shaxslarning, odobsizlik mazmunida bitilgan mantiqsiz va ma’nosiz savollar ko‘rib chiqilmaydi, - dedi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining Ozodlik suhbatlashgan mulozimi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili"dagi topshiriqlari doirasida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 5 iyul kuni O‘zbekistondagi va xorijdagi hamyurtlari bilan muloqot o‘tkazadi va ularning savollariga javob beradi.

O‘zbekiston TIV rahbari bilan ilk onlayn muloqot Toshkent vaqti bilan soat 14:00 dan 16:00 ga qadar o‘tkaziladi.

Videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tadigan tadbirda O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalari va bosh konsulxonalari rahbarlari ishtirok etadi.

Bundan avval O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov aprel oyida mamlakatda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy jurnalistlar ishtirokida Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro press klubning matbuot yig‘inida Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoev bilan birga spiker sifatida ishtirok etgandi.

XS
SM
MD
LG