Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:12

Muddati bitgan OVIR bilan MDHdan chetda yurganlar jazolanmaydi (VIDEO)


O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi konsuli Azim Ozotov Pragada
O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi konsuli Azim Ozotov Pragada

Xorijda muddati bitgan chiqish vizasi bilan boshqa davlatlarga borib yurgan O‘zbekiston fuqarolari jazodan ozod qilindi. O‘zbekistonning Germaniyadagi konsuli Azim Ozotovning aytishicha, bundan faqat MDH davlatlari istisnodir. ​Ya’ni, MDH davlatlarida chiqish vizasi bitgan fuqarolar O‘zbekistonga qaytishi kerak.

Germaniyadagi O‘zbekiston elchixonasining 9 iyul kuni Praga shahrida o‘zbekistonliklar bilan uchrashgan konsuli Azim Ozotov muddati bitgan chiqish vizasi bilan xorijda harakatlangan fuqarolarga belgilangan jazo qisman bekor qilinganini ma’lum qildi.

​- Xorijda chiqish vizasining muddati bitgan fuqarolar Shengen vizasi hududidagi mamlakatlar, AQSh, Avstraliya, Turkiya kabi davlatlarga sayohat qilishi mumkin. Bu endi qonunbuzarlik hisoblanmaydi, - dedi konsul Ozotov.

Ammo, MDH mamlakatlari bundan mustanosidir.

Konsulning Chexiyada yashayotgan o‘zbekistonliklar bilan o‘tgan uchrashuvda bergan bu bayonoti ko‘pchilik uchun yangilik bo‘ldi.

Ammo, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi qoshidagi Xorijga chiqish-kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasidan (Respublika OVIRi) olingan ma’lumotga ko‘ra, yangi tartib 2016 yilning may oyida joriy etilgan.

Bunga qadar xorijda yurgan paytida chiqish vizasining muddati tugagan o‘zbekistonliklarga uchinchi davlatga chiqish taqiqlangan va yurtga qaytib, vizasini uzaytirish talab qilinardi.

Bu tartibni buzganlar esa ​O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 223-moddasiga ko‘ra, eng kam ish haqining 200dan 400 barobarigacha jarima, bu harakatni takror-takror sodir etgan taqdirda uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum etish ko‘zda tutilgan edi.

Respublika OVIRidan olingan ma’lumotga ko‘ra, chiqish vizasi tartibini buzganlarga 2014 yilda joriy etilgan jinoiy javobgarlik ortidan "ijtimoiy ahamiyati katta bo‘lmagan qonunbuzarlik bois, sudlangan fuqarolarni soni ko‘payib ketgan".

"Shuni inobatga olgan holda 2016 yilning may oyida Ichki ishlar vazirligi, Prokuratura va Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan Vazirlar Mahkamasining 1995-yildagi 8-sonli qaroriga o‘zgartish kiritildi. Endi, fuqaroning chiqish vizasi muddati xorijda bitgan bo‘lsa, masalan, Turkiyada bitgan bo‘lsa, uchinchi davlatga chiqishiga ruxsat beriladi. Masalan, Turkiyadan Amerika, Osiyo davlatlari, Yevropaga borishi mumkin. U davlatlardan to‘g‘ri O‘zbekistonga qaytsa, jazolanmaydi. U davlatlardan yana Turkiyaga qaytib, keyin O‘zbekistonga qaytsa ham jazolanmaydi", dedi respublika OVIRining mulozimi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, bunda faqat MDH - Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlar istisnodir.

"Ya’ni, qachon chiqish vizasi tartibi buziladi? Qachonki, xorijda yurganida chiqish vizasining muddati tugagan fuqarolar MDH mamlakatlariga kirib, keyin yana MDH hududidan chiqib, xorijiy davlatga ketsa, tartibni buzgan bo‘ladi. Ya’ni, masalan, Turkiyada vizasi tugagan fuqarolar Rossiya yoki Qozog‘istonga kirsa va u erdan yana Turkiyaga yoki viza talab qilinadigan boshqa xorijiy mamlakatga chiqib ketsa, tartibni buzgan bo‘ladi", dedi dedi respublika OVIRining mulozimi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Ayni paytda, mulozim nega aynan MDH mamlakatlari istisno qilingani sabablari haqida ma’lumot bermadi.

Eslatib o‘tamiz, MDH - Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga 12 davlat a’zo - O‘zbekiston va unga qo‘shni to‘rt davlat: Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston hamda Rossiya, Gruziya, Ukraina, Moldova, Belorus, Ozarboyjon, Armaniston.

Rasmiyga ko‘ra, viza tartibini buzgan shaxslarga belgilangan jazo o‘zgarishsiz qolgan.

JKning 223-moddasiga binoan "Belgilangan tartibni buzib chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish yoxud chegaradan o‘tish — eng kam oylik ish haqining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi".

Respublika OVIRidan olingan ma’lumotga ko‘ra, fuqaroga jazo belgilashda, uning muddati bitgan chiqish vizasi bilan necha bor sayohat qilgani inobatga olinib, jarima yoki qamoq muddati qo‘llanishi mumkin.

XS
SM
MD
LG