Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:28

Pasportini unutgan yo‘lovchilar M-39 yo‘lida Qozog‘iston orqali o‘ta olmaydi


Toshkent-Termiz M-39 avtomobil yo‘lining Qozog‘iston hududi orqali o‘tadigan qismi ochilgani e’lon qilinganidan so‘ng, yo‘lni yaqin qilmoqchi bo‘lib chegara maskaniga kelgan yuzlab avtomobil egalari va yo‘lovchilar ortga qaytib, eski yo‘ldan yurishga majbur bo‘ldi. Haydovchilarning aytishicha, ular bu hududdan faqat biometrik pasporti borlargina o‘ta olishi mumkinligini bilmagan.

Feysbuk ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilaridan biri 13 iyul kuni bu yo‘ldan yuzlab odamlar o‘tolmagani haqida shunday sharh qoldirdi:

“Kechagina M-39 (Toshkent-Termiz Qozog‘iston chegarasi orqali) ochildi deb OAVda shov-shuv bo‘lgan edi, ammo bugun 07:00 da postga borganimizda yopiq holda ekan. Chegarachining aytishicha yo‘l 08:00 dan 18:00 gacha ochiq bo‘lar ekan va bolalar uchun ham chet elga chiqish uchun beriladigan maxsus pasport bo‘lishi shart ekan. 100 ga yaqin mashina ya’ni 500 nafar odami bilan sal kam 40 km yo‘lni hamda vaqtini yo‘qotgan holda orqaga qaytishga majbur bo‘ldik. Nima uchun OAVlarida bu to‘g‘risida aniq ma’lumot berilmadi. Maslahatim, tinchgina 26 km (30 min) uzoqroq bo‘lsada o‘zimizning yo‘limizda yuringlar”, deb yozdi Feysbuk foydalanuvchilaridan biri.

Har kuni o‘z avtomobilida Toshkentga qatnaydigan jizzaxlik haydovchi Shokirning aytishicha, odamlar zamon o‘zgarganini, boshqa davlat hududida faqat pasport bilan yurish mumkinligini esdan chiqarib qo‘yishgan:

- Bu yo‘l yopilguncha, ya’ni 2006 yilga qadar hech kim chegarada pasport ko‘rsatmasdan o‘tgan. Hozir esa, zamon boshqa. Men, kecha pasportimni ko‘rsatib, bemalol Toshkentga borib keldim. Biometrik pasport talab qilinyapti, eski pasportlar o‘tmaydi ekan. Qozoq chegarachilari migratsion karta berib, shuni to‘ldirish shartligini aytyapti. Qozog‘iston hududini bosib o‘tgandan so‘ng, bu kartochkani o‘zimizning chegarachilarga topshirib, ketamiz. Pasporti yonida bo‘lmagan o‘nlab mashinalar ortga qaytib, avvalgi yo‘ldan ketishyapti, dedi Shokir.

O‘zbekiston – Qozog‘iston davlat chegarasida “Oq oltin – Selinniy” va “Malik – Sirdaryo” o‘tkazish punktlarining rasmiy ochilish tantanasi 11 iyulda o‘tkazilgan edi. Mazkur chegara punktlari orqali Toshkent-Termiz yo‘nalishidagi M-39 trassasi o‘tgan. Tantana Janubiy Qozog‘iston viloyati rasmiylari tomonidan uyushtirilgan.

Trassaning qayta ochilishi Jizzax, Samarqand tomondan Toshkentga keluvchilar va ketuvchilarning yo‘lini 24 kilometrga qisqartiradi.

O‘zbekiston – Qozog‘iston davlat chegarasida “Oq oltin – Selinniy” va “Malik – Sirdaryo” o‘tkazish punktlarining ochilishi ortidan o‘zbekistonliklarga M-39 yo‘lining Qozog‘iston hududidan o‘tuvchi qismidan foydalanishga imkoniyat yaratildi.

Dastlab, mazkur chegara punktlari va M-39 trassasining ochilishi to‘g‘risida 13 fevral kuni Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi Erik Utembaev ma’lum qilgan edi. Utembaev mazkur yo‘l fevral oyi oxirigacha ochilishiga umid bildirgan.

Biroq keyinroq bu yo‘l va chegara punktlari 15 mayda ochilishi e’lon qilindi. Ushbu ikkita chegara punktini ochish bo‘yicha prezident Mirziyoev 26 aprel kuni maxsus qarorni imzolagan.

Toshkentdan Termizgacha bo‘lgan yo‘lni 24 kilometrga qisqartiruvchi M-39 yo‘li Qozog‘istonning Maqtaaral tumani hududidan o‘tadi.

Bu punktlardan yuk tashuvchi avtomobillar va tijorat tovarlarini ortgan mashinalar o‘tishi taqiqlangan.

XS
SM
MD
LG