Линклар

15 декабр 2017, Тошкент вақти: 19:06

Prezident Mirziyoev bilan uchrashadigan tadbirkorlar ro‘yxati tuzilmoqda


Shavkat Mirziyoev bilan uchrashuvlarda asosiy tanqidni prezident qilishi¸ ishtirokchilarning esa¸ prezident gapiga qarsak chalib¸ ma’qullashi odat tusiga kirmoqda.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi o‘z hududiy bo‘linmalari orqali prezident Mirziyoev o‘tkazishi rejalanayotgan tadbirkorlar bilan videoselektor qatnashchilari ro‘yxatini tuzmoqda. Bu ro‘yxatga real biznes yuritib¸ real muammolarga duch kelayotgan tadbirkorlar kiritilishini ta’kidlagan palata rasmiylari hozircha uchrashuvning qachon bo‘lishi aniq emasligini bildirdi.

Ro‘yxatni shakllantirish ustida ish ketayapti

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Ozodlik gaplashgan rasmiysiga ko‘ra¸ prezident Shavkat Mirziyoevning tadbirkorlar bilan kutilayotgan alohida videoselektor yig‘ini "Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishi va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni ijrosi doirasida tashkil etilmoqda.

“Prezidentning 19 iyunda chiqargan 5087-sonli farmoni bor tadbirkorlikni rivojlantirish haqida. Bilasiz¸ prezidentimiz ish boshlagandan beri tadbirkorlarga ko‘proq erkinlik berish¸ ularni qo‘llab-quvvatlash haqida gapirib kelayapti. Endi tadbirkorlar bilan alohida uchrashib¸ gaplashmoqchi. Hozircha¸ biz bu uchrashuvga taklif qilinadigan tadbirkorlar ro‘yxatini shakllantirayapmiz. Lekin uchrashuvning qachon bo‘lishini hali aytishmadi”¸ dedi respublika Savdo-sanoat palatasi rasmiysi.

Palataning viloyatlardagi bo‘linmalari vakillariga ko‘ra¸ bu uchrashuvda har bir viloyatdan tanlangan 50-60 nafardan tadbirkor qatnashadi.

Ozodlikning¸ "Prezident bilan uchrashuvga faqat uning gapiga chapak chalib¸ maqtov bilan so‘zga chiqadiganlar tanlanmaydimi?" degan savoliga palataning viloyatlardagi rasmiylari¸ oxirgi ro‘yxatni biz emas¸ Toshkent tasdiqlaydi¸ degan mazmunda javob qaytardi.

Tanlov mezoni

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ Andijon viloyati Savdo-sanoat palatasi vakillari viloyat tadbirkorlariga telefon qilib¸ prezident bilan uchrashuvda qatnashishni istash-istamasligini surishtirmoqda.

“Andijonda 24 mingta tadbirkorlik sub’ekti rasman ro‘yxatga olingan. Ulardan qanchasi amalda ishlayapti¸ bunisi aniq emas. Ularning hammasi ham palataga a’zo bo‘lgan emas. Biz o‘zimizda telefonlari bor tadbirkorlarga telefon qilib¸ ularga shunaqa ro‘yxat tuzayotganimizni aytayapmiz¸ ro‘yxatga qo‘shilishni istashlarini so‘rayapmiz. Kimdir xorijga ketadigan¸ kimningdir yana boshqa ishlari bor. Hozircha unaqa katta ro‘yxat tuzilgani yo‘q. Andijonda ro‘yxatga olingan tadbirkorlar registratsiya nomeri¸ pasport ma’lumotlarini xabar qilishsa¸ ro‘yxatga kiritib qo‘yamiz”¸ dedi Andijon Savdo-sanoat palatasi xizmatchisi.

Palataning Buxorodagi bo‘linmasi rasmiysi ham prezident Mirziyoev bilan uchrashadigan tadbirkorlar ro‘yxatini tuzish jarayoni borayotganini tasdiqladi.

“Buxoro viloyatidagi tadbirkorlik sub’ektlari umum soni 35 mingdan oshadi¸ agar fermerlarni ham qo‘shsak. Lekin kichik tadbirkorlarni ajratsak¸ 15¸5 mingdan oshadi. Ulardan palatamizga a’zo bo‘lganlari soni 1300 ga yaqin. Bular ichidan¸prezident bilan videoselektorga taklif qilinadiganlarni tanlash¸ oson emas. Lekin¸ bu tanlovda prioritet real biznes¸ birinchi galda ishlab chiqarish bilan shug‘ullanayotgan faol tadbirkorlarga beriladi. Real ishlaëtgan tadbirkor real muammolarniyam yaxshi biladi¸ prezidentga aytadigan gapi¸ beradigan taklifi bo‘ladi”¸ dedi Buxoro Savdo-sanoat palatasi vakili.

“Real tadbirkorning real muammosini hal qilishning iloji bo‘lmayapti”

Bu bayonot 19 iyul kuni Ozodlik suhbatlashgan andijonlik tadbirkor¸ O‘zbekistondagi birinchi xususiy bank – “Rustambank” asoschisi Rustam Usmonovga oid.

Prezident Mirziyoev o‘tkazishi rejalanayotgan tadbirkorlar bilan uchrashuvga qatnashish istagida ekanini bildirgan Usmonov¸ bunday ro‘yxatga qo‘shishlariga ishonmasligini ta’kidlaydi.

“Agar¸ mo‘’jiza ro‘y berib¸ bu uchrashuvda qatnashsam¸ prezidentga nafaqat o‘zbekistonlik tadbirkorlar¸ balki butun mamlakat rivojiga to‘siq bo‘layotgan birlamchi muammo bank tizimida ekanini aytgan bo‘lardim”¸ deydi Usmonov:

- Iqtisodni harakatlantiradigan qon tomirlarining egasi¸ uning arteriyasi bu Markaziy bankdir. O‘zbekiston Markaziy banki sotsialistik uslub bilan kapitalizmni boshqarmoqchi. Qo‘polroq aytsam¸ bokiraligini saqlab¸ bola tug‘moqchi ayolga o‘xshab ish tutayapti. Butun dunyoda MB siyosati tadbirkorlikni rivojlantirishga qulay sharoit yaratishga asoslansa¸ bizda¸ aksincha¸ uning faoliyatiga aql bovar qilmaydigan to‘siqlar yaratishga qaratilgan. Bank siyosatini tubdan o‘zgartirmay turib¸ O‘zbekistonni bugungi ayanchli iqtisodiy vaziyatdan olib chiqishni iloji yjq. Bu haqda men prezident portaliga ko‘p yozdim¸ Mirziyoev bilan uchrashuvga kirsam¸yana shuni aytgan bo‘lardim¸ deydi Usmonov.

“O‘zbekistonda erkin tadbirkorga kun yo‘q¸ degan xulosaga keldim”

Ayni paytda¸ “Rustambank” asoschisi¸ o‘zi va o‘zi kabi mamlakatdagi jiddiy muammolarni kun tartibiga qo‘yadigan boshqa tadbirkorlarning prezident bilan uchrashuvga yaqin yo‘latilmasligini qo‘shib o‘tadi.

- Zotan¸ menga endi bunday uchrashuvning ham keragi yo‘q endi. O‘tgan hafta Rossiya fuqaroligini oldim va biznesimni Rossiyada davom ettirish uchun O‘zbekistondan chiqib ketishga qaror qildim. Prezidentning to‘g‘ri va yaxshi gaplari vaziyatni o‘zgartirishiga ishonmay qo‘ydim. Bu sistemani o‘zgartirish uni yaratib¸ shuning orqasidan manfaat ko‘rayotganlarga topshirildi. Bular o‘zi o‘tirgan shoxga bolta urmaydiku! Shunga O‘zbekistonda tadbirkorlik qilib bo‘lmaydi¸ degan xulosaga kelib¸ Rossiyaga chiqib ketayapman¸ deydi Rustam Usmonov.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG