Линклар

O‘zbekiston Musulmonlar idorasi mamlakatda ishlayotgan 5 mingdan ortiq imomdan prezident Shavkat Mirziyoevga bildirishni istagan fikr va taklifini yig‘moqda. Namanganlik imomlardan biriga ko‘ra, ularning qo‘liga ikki varaqlik namuna berilgan va shu asosda, asosan, besh yo‘nalishda fikr bildirishgan. Mirziyoev o‘tgan oy din xizmatchilari bilan selektorda ularning fikrini so‘ragan edi.

Prezidentga o‘z fikrini bildirgan namanganlik imomga ko‘ra, uning viloyatidagi imomlar fikri idora va mahalliy hokimlik idoralari xodimlaridan iborat maxsus guruh tomonidan 5 kun davomida yig‘ilgan.

"Bizga namuna berishdi. Musulmonlar idorasi chiqargan ekan. Unda beshta yo‘nalish aytilgan: DEOdagilarni (Diniy ekstremistik oqim - tahr.) tavbasiga tayantirib, safimizga qaytardik, ajrashganlarni kamaytirdik, davomatda yo‘q o‘quvchilarni maktabga qaytardik, joniga qasd qilganga qarshi targ‘ibot qildik, qo‘shxotinlilikka qarshi ish olib bordik, deb yozilgan. Shuni aynan ko‘chirib, yozib berdik hammamiz", dedi ismini sir saqlagan namanganlik imom.

15 iyun kuni prezident Mirziyoev mamlakat imomlari va diniy xizmatchilar ishtirokida videoselektor majlisi o‘tkazgan edi. Unda qatnashish uchun 1 200dan ziyod imom Toshkentga chaqirildi, yana 8 mingga yaqin odam viloyatlardan turib ishtirok etdi.

O‘sha yig‘inida prezident imomlardan O‘zbekistondagi diniy siyosat haqida fikr-takliflari¸ shuningdek o‘z muammolari haqida fikr bildirishni so‘ragan edi.

Yig‘inda viloyatdan turib ishtirok etgan namanganlik imom Diniy idora prezidentning imomlarga aytgan bu taklifini "biroz o‘zgartirdi", degan fikrda.

"Prezidentimiz biz imomlardan nima muammolaringiz, dardingiz bo‘lsa, menga bildiring, dedi, to‘g‘ri so‘radi. Ammo bizdan olingan so‘rovnoma ko‘proq hisobotga o‘xshadi, menimcha. "Qilgan o‘zgarishlaringizdan ruhlandik, buncha odamni oqladik, bunchasini targ‘ib qildik va hokazo gaplarni yozdirishdi. O‘zimizning ko‘nglimizdagi gaplarni ochiq yozolmadik biz", dedi ismini oshkor etmaslikni so‘ragan imom.

Namanganlik imomning bu arziga munosabat bildirgan O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Kadrlar bo‘limi boshlig‘i Abdumannop Usmonov respublika imomlaridan "namuna asosida, bir qolipda fikr olinayotgani"ni rad etdi.

Uning aytishicha, mamlakatda mavjud 2037ta masjidda ishlayotgan imom va imom noiblari Mirziyoevga o‘z pozitsiyasini erkin bildirmoqda.

"To‘liq hammaning fikrini olayapmiz hozir, yig‘ayapmiz. Imomlar nima fikri bo‘lsa, muammosi bo‘lsa, prezidentga ochiq bildirayapti. Bu fikrlarni yig‘ib, muhokama qilamiz va natijasini ma’lum qilamiz", dedi diniy idoraning Kadrlar bo‘limi boshlig‘i Abdumannop Usmonov Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Shu yilning 15 iyunida prezidentning imomlar va din xizmatchilari bilan o‘tkazgan videoselektoridan so‘ng O‘zbekiston Diniy idorasi va Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Diniy qo‘mita boshchiligida iyul oyi boshida mamlakatda ishlayotgan 5 mingdan ortiq imom va imom noibi birma-bir suhbatdan ham o‘tkazildi.

Diniy idoradan olingan ma’lumotga ko‘ra, suhbat imomlarning ilmiy darajasini aniqlash uchun o‘tkazilgan, ayni paytda¸ darajasi past imomlarga chora ko‘rilishi hozircha nazarda tutilmagan. Viloyatlardagi ayrim imomlar buni attestatsiya deb atagan va suhbatda imomlarning bugungi ijtiomiy-moliyaviy ahvoli, ayniqsa, masjidda yig‘iladigan xayr-ehsonga qaram bo‘lib qolganiga oid shikoyatlari tinglanmaganidan arz qilgan.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, hozir O‘zbekistondagi 2037 masjidda 5 mingdan ortiq imom va imom noibi ishlamoqda. Musulmonlar idorasiga ko‘ra, imomlarning 80 - 90 foizi oylik bilan ta’minlangan. Bu oylik 300 ming so‘mdan 1-1 yarim million so‘mgachadir.

Mavjud tartibga ko‘ra, oylik miqdori har bir masjidning o‘z daromadi va ehsonlari hisobidan masjidda ishlovchi jamoaning o‘zi tomonidan belgilanadi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan farg‘onalik imomlardan biriga ko‘ra, "Bir yarim million so‘mlik oylikning yarmi soliqqa tortiladi, aksar imomlarda esa bu ham yo‘q - diniy xizmatni maoshsiz bajaradi".

XS
SM
MD
LG