Линклар

O‘zbekiston Respublikasi Musulmonlar idorasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, maxsus ro‘yxatlarga kiritilganlar bilan imomlar va hokimliklar vakillari iyul oyi ichida o‘tkazgan suhbatlar natijasida 4 ming 152 kishi "oqlangan", ya’ni "qora ro‘yxat"dan chiqarilgan. Bu kishilarga ular yashab turgan manzillardagi masjidlar imom-xatiblari kafillikka o‘tgan. Idora yana 5 mingga yaqin kishi tez fursatda "oqlanishini" ma’lum qildi.

Musulmonlar idorasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, prezident Mirziyoev topishirig‘i bilan respublika bo‘ylab dindorlar bilan o‘tkazilgan suhbatlarning birinchi bosqichi yakuniga etgan.

"Imomlarimiz jami 10 ming 990 kishiga kafolat bergan. Bulardan 4 ming 152 kishi oqlandi. Ikkinchi bosqichda qolganlar ham ro‘yxatdan chiqariladi", deyiladi idora rasmiysidan olingan ma’lumotda.

Ma’lum bo‘lishicha, mahalla qo‘mitalari, hokimiyat, kuch ishlatar idoralar vakillari ishtirokidagi guruhlar respublika IIV tomonidan tuzilgan ro‘yxatga nomi kiritilgan va muntazam nazoratda turgan kishilarning uylariga borib, suhbat o‘tkazgan.

Suhbatda asnosida taqiqlangan diniy ekstermistik guruhlarga a’zo emasligi aniqlangan yoki bu guruhlarga aloqador bo‘lgan bo‘lsa-da, keyinchalik bu yo‘ldan qaytganiga ishontirgan kishilar imomlar kafilligi ostida "oqlangan" - nazoratda turuvchi shaxslar ro‘yxatidan chiqarilgan.

Farg‘ona viloyatida shunday suhbatlarda ishtirok etgan imomga ko‘ra, ro‘yxatga nomi tushib qolganlarning yarmidan ortig‘i, aslida, taqiqlangan diniy ekstremistik oqimlarga a’zo emasligi aniqlangan.

"Prezidentimiz Andijonda aytgandiku: "Telefonida bilmasdan birovga bir narsa o‘tkazib qo‘yganni ham ro‘yxatga tiqib qo‘ygansizlar, oqlanglar shularni", deb. Xuddi shunaqada. Har xil Telegram va hokazo, saytlardan bir-biriga o‘tib yuravergan diniy ma’ruzalar, o‘zi bexabar. Lekin, tekshirganda telefondan chiqib qolib, ro‘yxatga tushib qolavergan. Shular juda hursand bo‘lishdi: "Shunaqa kunlar ham bor ekanku, rahmat!" deyishdi. Oqladik qanchasini", dedi ismini oshkor etishni istamagan farg‘onalik imom.

Shu tariqa, xalq orasida "qora ro‘yxat" nomini olgan ro‘yxatdan ismlari o‘chirilgan kishilardan ikki katta guruhi Toshkentda tantanali marosimda ishtirok etdi.

Biri Toshkent Islom universiteti, yana biri O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instuti binosida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishlarga Toshkent shahrida nomi ro‘yxatlardan chiqarilgan mingga yaqin kishi chaqirildi.

Xususan, Islom universitetidagi marosimda qatnashgan va o‘zi ham shu oqlanganlar safida bo‘lgan o‘zbekistonlik Abror Muxtor Aliy ro‘yxatdagilarni uch toifaga ajratdi.

"Ro‘yxatga nohaqdan tushib qolganlar bor. Rostdan ham shu adashgan toifalar orasiga kirib qolgan, keyin to‘g‘ri ilm olib, tavba qilib qaytganlaram bor. Keyin tuhmat bilan tushib qolganlar ham bor, menga o‘xshaganlar. Men tuhmat bilan tushib qolgan edim. Men birorta diniy oqimga a’zo bo‘lmagan, radikal faoliyat bilan shug‘ullanmaganman. Suhbatga chaqirishdi. Bordim, tushuntirdim. Mendan uzr so‘rashdi va shu ro‘yxatdan chiqarishdi. Keyin Shayhontoxur tumani bo‘yicha 500 ga yaqin kishini Islom universitetida to‘plab, mustaqil O‘zbekiston tarixida avval bo‘lmagani uchun, Anvar qori aka e’lon qildilar", dedi Abror Muxtor Aliy.

Unga ko‘ra, Shayhontoxur tumanida tuzilgan ro‘yxatda jami 700 dan ortiq kishining ismi bo‘lgan, bulardan 550 dan ortig‘i "oqlangan".

O‘zbekistonda keyingi yillar davomida respublika bo‘ylab taqiqlangan diniy-ekstremistik guruhlarga aloqadorlar, moyillik ko‘rsatganlar yoki adashib qo‘shilib qolgan kishilar hamda ularning oila a’zolari ro‘yxati respublika Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati va prokuratura organlari hamkorligida tuzilgan.

Ro‘yxatga nomi kiritilgan shaxslar nazorat ostidagi fuqarolar bo‘lib, ular har hafta, ayrimlari esa oyda bir marta o‘zi yashab turgan manzilga mas’ul uchastka noziri idorasida davomatdan o‘tadi yoki tuman IIB suhbatdan o‘tkazib turiladi.

Nomi ro‘yxatga tushgan shaxslarning xorijga chiqishi ham cheklangan va odatan, bundaylarning chiqish vizasi olish so‘rovi rad etilgani haqida Ozodlikka murojaatlar kelib turadi. Bundaylar davlat tashkilotlariga ham, odatan, ishga olinmaydi, olinsa-da, quyi lavozimlarda ishlaydi.

Jumladan, so‘nggi 20 yilga yaqin muddat davomida shunday nazorat ostida saqlangan Abror Muxtor Aliy, endilikda, "oqlangan"idan juda mamnun ekani va shu kunlarda o‘ziga rasman ish topish harakatini boshlaganini qo‘shimcha qildi.

Hozircha Ozodlik tinglovchilarining diniy motivlar bilan ozodlikdan mahrum qilingan minglab mahbuslar ishi qayta ko‘rib chiqilishi yoki ularni avf qilish ehtimoliga oid savollariga javob bo‘lguday ma’lumot yo‘q.

XS
SM
MD
LG