Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:32

Davlat xaridlariga mas’ul "yopiq" tashkilot yopildi, yangisi qachon ochilishi noma’lum


O‘zbekistonda davlat xaridlarini amalga oshirishga mas’ul bo‘lgan Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi direksiyasi faoliyati tugatildi. O‘zbekiston prezidentining 31 iyul kuni imzolagan “Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat va korporativ xaridlar tizimini yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ayni tashkilot davlat va korporativ xaridlarni tenderlar o‘tkazmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida yopiq amalga oshirib kelgani tanqid qilingan.

“Savdolar doirasida asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, qayta ishlangan xom ashyo va materiallarni xarid qilishning amaldagi tartibi turli xil korrupsiya ko‘rinishlari, shu jumladan, real bozor kon’yunkturasini inobatga olmasdan shartnomalar tuzish, narxlarni oshirish va sifatsiz mahsulotlarni etkazib berish uchun sharoit yaratmoqda”, deyiladi prezident Shavkat Mirziyoev 31 iyul kuni imzolagan qarorda.

O‘zbekistonda tugatilgan Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi direksiyasi o‘rnida qanday idora tashkil etilishi ma’lum emas.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining davlat xaridlariga mas’ul bo‘lgan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda hozirda korporativ xaridlarning ochiq va shaffofligini ta’minlovchi yangi tizim joriy etish masalasi muhokama etilayotganini aytdi.

- Qanday bo‘lmasin hamma uchun ochiq bo‘lgan yagona tizim tashkil etiladi. Shaffof tizim davlat xaridlarini amalga oshirishda korrupsiya, otkat, narxlarning asossiz oshirilishi kabi holatlar oldini oladi, deb o‘ylaymiz. Hozir bu bo‘yicha ish boryapti, - dedi Vazirlar Mahkamasi mulozimi.

Gruziya, Qirg‘ig‘iston, Ukraina kabi boshqa sobiq sovet o‘lkalarida davlat xaridlari uchun mas’ul bo‘lgan tashkilotlar tugatilib, ular o‘rnida shaffof tizimlar joriy etilgan.

Ukrainada ikki yildan buyon davlat tenderlari ProZorro deb ataluvchi onlayn tizimida amalga oshirib kelinmoqda.

Soliq to‘lovchilar puliga xarid qilmoqchi bo‘lgan har bir idora va shirkat faqat shu tizim orqali savdoni amalga oshirishga majbur.

Mazkur tizim korrupsiyaga qarshi kurashuvchi Transparensi Interneshnl tashkilotining Ukrainadagi bo‘limi ko‘magida yo‘lga qo‘yilgan.

Tashkilotning ProZorro tizimini joriy etishda bevosita qatnashgan mutaxassisi Viktor Nestulya Ozodlik bilan suhbatda tizim mukammal ishlayotganini aytdi.

- Bu “hamma narsani hamma ko‘rib turibdi” degan tamoyil asosida ishlaydi. Ya’ni davlat xaridlari hamma uchun ochiq. Oddiy aholi uchun ham, nazoratchilar uchun ham onlayn rejimida ochiq ishlaydi. Masalan, qandaydir idora soliq to‘lovchilar puliga A4 formatida qog‘oz sotib oldi, deylik. Qanaqa qog‘ozni qay miqdorda qanchaga qaerdan sotib oldi? Bir-ikki tugmani bosib bu xaridga oid barcha hujjatlarni olishingiz mumkin. Bu tizim korrupsiyaga qarshi kurashning muhim komponenti bo‘lib xizmat qilmoqda va shu paytgacha davlat xaridlarida muammo kuzatilmadi, - dedi Viktor Nestulya.

Transperensi Interneshnl tashkiloti mutaxassisi Nestulya O‘zbekistonda davlat xaridlarini amalga oshirib kelgan monopolist tashkilotning tugatilishini to‘g‘ri qaror, deb hisoblaydi.

- Chunki monopoliya yomon tizim, bunday tizim doim g‘irromliklar uchun maydon bo‘lib kelgan. Ukrainada ham ikki yil avval davlat haridlariga davlatga qarashli monopolist shirkat mas’ul bo‘lgan. Jamoatchilik uchun yopiq bo‘lgan va hech kim uni nazorat qilmagan va hech kim u yerda g‘irromlik bo‘lmagan, deb aytolmagan. O‘zbekistonda ham monopolist shirkat tugatilib, o‘rnida shaffof tizim yaratilishi haqida gap ketayotgan ekan, buni faqat olqishlash mumkin, - deydi Nestulya.

Lekin, O‘zbekistonda tugatilgan Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi direksiyasi o‘rnida tuzilajak tizimning qanchalik shaffof bo‘lishi ma’lum emas.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga birgalikda ikki oy muddatda davlat va korporativ xaridlar tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishni tayinlagan.

XS
SM
MD
LG