Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 08:53

Karimov davrida xususiylashtirilgan mulklarni tortib olish boshlandi


Tadbirkorlar Mirziyoev Karimov davri privatizatsiyasini zimdan bekor qilayotganidan xavotirga tushmoqda.
Tadbirkorlar Mirziyoev Karimov davri privatizatsiyasini zimdan bekor qilayotganidan xavotirga tushmoqda.

Joriy yil yanvaridan boshlab turli instansiyadagi O‘zbekiston sudlarining keyingi 25 yil davomida davlat tasarrufidan chiqarilib¸ fuqarolarga xususiy mulk sifatida sotilgan ob’ektlarni qaytadan davlat ixtiyoriga qaytarish haqida qaror chiqarishi ko‘payib bormoqda. Ozodlikka xususiy tadbirkorlardan kelayotgan murojaatlarda “prezident qaror va og‘zaki topshiriqlari” bilan oqlanayotgan bunday sud qarorlarining O‘zbekiston konstitutsiyasi va qator qonunlar bilan kafolatlangan xususiy mulk daxlsizligiga zid ekani aytiladi.

Bunday adolatsizlik ustidan Oliy sudgacha shikoyat qilib¸ natija topmagan tadbirkorlar konstitutsiya va qonunlarni kim – prezident Mirziëev buzayaptimi yoki uning qaror va topshiriqlari bahonasida o‘z hududidagi ob’ektlarni boshqa shaxslarga pullashni boshlagan mahalliy hokimlar va ular buyrug‘ini bajaruvchi sudyalar buzayaptimi¸ degan savol javobi ochiq qolayotganini aytdi.

Ozodlik O‘zbekistondagi bir qator yirik mulkdorlar¸ Adliya tizimi va xususiylashtirish jarayoni mutaxassislari bilan suhbatlar asnosida bu savolga javob topishga urindi.

O‘zbekistonda Karimov davrida amalga oshirilgan xususiylashtirish – privatizatsiya jaraënining imi-jimida bekor qilinaëtgani iddaosini Ozodlikka toshkentlik yirik tadbirkor bildirdi.

“Doda ketsa” yaxshi bo‘ladi, deb o‘ylagan tadbirkorning “doda teginmagan” xususiy mulki tortib olinmoqda

Shaxsi sir qolishini so‘ragan bu tadbirkor¸ xususiylashtirish jarayonida¸ o‘sha paytdagi tartib asosida¸ poytaxtdagi qator yirik ob’ektlarni sotib olgan¸ biroq ularga katta sarmoya yotqizib¸ ishga tushirishni¸ mamlakatdagi biznes iqlimi o‘zgaruvchan degan xavotir bois¸ paysalga solib kelgan.

To‘g‘ri¸ davlatdan sotib olgan ob’ektlarni ishlatish uchun pul sarflamadim. Nimaga – chunki investitsiyam himoyalanmagan edi. Bugun uni ishga tushirib¸ daromad keltiradigan qilishim bilan¸ qaroqchilar qora maskalilarini yuborib¸ tortib olmasligiga kafolat yo‘q ediku! Kredit beradigan banki bo‘lmasa¸ biznesim nazoratchi-qaroqchilardan himoyalanmagan bo‘lsa¸ ahmoq bo‘lib investitsiya yotqizamanmi? Doda ketib¸ yaxshi kunlar kelsa¸ ishlatarman¸ deb qo‘yuvdim. Hokimlik endi bu ob’ektlarni “ishlatilmadi” deb xatlab¸ davlat tasarrufiga qaytarishni so‘rab¸ sudga arizachi bo‘lipti”¸ deydi bu tadbirkor.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ eng quyi instansiya rayon sudi atigi bir necha soat ichida O‘zbekiston konstitutsiyasi¸ qolaversa¸ ko‘plab qonunlar¸ jumladan “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi 2012 yilgi qonunga zid qaror chiqargan-qo‘ygan.

“Hozir sudlar hokimliklar tomonidan ishlatilmagan ob’ektlar ro‘yxatiga kiritilgan xususiy mulkni davlatga qaytarish haqida pachkalab qaror chiqarayapti. Bizning ishimizni ertalab boshlab¸ obeddan keyin qaror chiqarib¸ yopti-qo‘ydi. Nima emish¸ prezidentning maxfiy qarori bor emish. Hokim va sudlar ochiqlangan qarorlar emas¸ ana shu maxfiy buyruqqa bo‘ysunarmish. Odam tushunmay qoldi – prezident chindan ham shunaqa ikkiyuzlama o‘yin qilayaptimi¸ yoki hokim va sudlar “prezident aytdi”¸ degan bahonada privatizatsiyani bekor qilib¸ odamlarning xususiy mulkini o‘zi va yaqinlariga olib berayaptimi”¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan toshkentlik yirik tadbirkor.

Bu tadbirkor iddaosicha¸ O‘zbekiston sudlari¸ ayniqsa viloyat sudlariga¸ 1 sentabrga qadar hokimlik tuzgan ro‘yxatga tushgan xususiy mulk ob’ektlarini davlat tasarrufiga qaytarib¸ ularni “investitsiya yotqizib¸ ish o‘rinlari yarataman” deganlarga imtiyoz bilan bepulga berish jarayonini yakunlash haqida topshiriq berilgan.(Hozircha Ozodlik ixtiyorida bunday rasmiy topshiriq mavjudligini tasdiqlovchi dalillar mavjud emas - tahr.)

Bu degani¸ hokim va ular yaqinlari 1- privatizatsiyani bekor qilib¸ O‘zbekistonda o‘zlari uchun 2- privatizatsiyani amalga oshirishmoqda. Yangi hukumat keldi¸ yangi puldorlar keldi¸ yangi mulkdorlar tepaga chiqdi. Ular eski privatizatsiyani tan olmoqchi emas¸ privatizatsiya noto‘g‘ri bo‘ldi¸ deb sobiq davlat mulkini pererazdel qilishga¸ qaytadan bo‘lashishga kirishishdi. Bir qo‘ldan ikkinchi qo‘lga qaqshatib o‘tkazish boshlandi”¸ deydi bu tadbirkor.

Buxoroda ayni jarayon

Ozodlikka oylardan beri turli maktub va shikoyat bilan murojaat qilaëtgan o‘nlab tadbirkor Buxoro viloyatida ham xususiy mulk daxlsizligi oyoq osti qilinayotganini aytib¸ bu jarayon tepasida viloyat hokimi O‘ktam Barnoev turganini iddao qilmoqda.

Hurmatli prezidentimiz Shavkat Miromonovich 2017 yil mart oyidagi Buxoro viloyatiga tashrif chog‘ida “Zarafshon” mehmonxonasini bo‘sh va ta’mirlanmasdan yotgan qismini ta’mirlash va ishlatish chorasini ko‘rishni topshirgan bo‘lsa-da, ayrim mahalliy rahbarlar “Zarafshon” mehmonxonasi bilan qo‘shib uning atrofida joylashgan zamonaviy ta’mirlangan va to‘la quvvatda ishlab turgan¸ 80 ga yaqin ishchi o‘rni mavjud bulgan xususiy mulkimizni tortib olishmoqda.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo Buxoro sudining 2017 yil 13 aprel kungi majlisida sudya A. Bobomurodov hal qiluvchi qarori bilan, O‘zbekiston Respublikasining xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Buxoro viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan “Zarafshon” mehmonxonasini xususiylashtirish bilan bog‘liq 1995 yil 13 yanvar kunidagi 6-sonli buyrug‘i, 1995 yil 24 fevral kunidagi 33-sonli buyrug‘i xato chiqarilgan¸ deb men va boshqalarning kadastr guvohnomalarini “haqiqiy emas” deb topdi”¸ deyiladi tadbirkor Rashid Abdullaevning Ozodlikka yuborilgan maktubida. (Maktub prezident Shavkat Mirziyoevga yozilgan¸ nusxasi Ozodlikka jo‘natilgan – tahr.)

“Zarafshon” mehmonxonasi mulkdorlaridan biri Vladimir Chjenning Facebookdagi “Xalq bilan muloqot” sahifasida ëzishicha¸ Buxoro tumanlararo fuqarolik sudining qarori ustidan yuqori instansiya sudi¸ Bosh prokuratura va prezident portaliga qilingan shikoyatlar umuman natija bermagan.

“Zarafshon” mehmonxonasi va uning atrofidagi ob’ektlar mulkdorlaridan birining Ozodlikka aytishicha¸ tadbirkorlar prezidentning 23 fevral va 18 aprel kungi qarorlaridan kelib chiqib¸ bu ob’ektni ishga tushirishga hozirliklari va shu maqsadda kredit olishda yordam berishni so‘rab viloyat hokimligiga murojaat qilgan.

Ammo hokim bizga yordam berish o‘rniga¸ xususiy mulkimizni tortib olib¸ uni boshqalarga berishga qaror qildi. Sudlar qo‘g‘irchoq. Asl niyat¸ prezidentni ro‘kach qilib¸ ishlamay turgan emas¸ yaxshigina ishlab turgan ob’ektlarni o‘z odamlariga olib berishdir”¸ deydi bu tadbirkor.

Ozodlik bilan suhbatda Buxoro viloyati hokimligi rasmiysi¸ bu jaraënlarning prezident qaror va topshiriqlari asosida amalga oshirilayotganini ta’kidladi va hokim sha’niga bildirilayotgan ayblovlarni rad qilishga urindi.

Advokat: Xususiy mulkni musodara qilish uchun tirnoq tagidan kir qidirilmoqda!

O‘zbekiston qonunchiligi¸ hatto Mirziyoev qabul qilgan qaror va qonunchilikka o‘zgartishlar xususiy mulk daxlsizligini kafolatlab¸ xususiylashtirish natijalarini qayta ko‘rib chiqishni taqiqlab turgan bir paytda sudlar qaysi huquqiy asosda bu qonunlarga teskari qarorlar chiqarmoqda?

Ozodlik bu savolni ayni kunlarda uchta mulkdor huquqini sudda himoya qilayotgan toshkentlik advokatlardan biriga berdi.

Bular protsedurniy xato topayapti. Kamchilik qidirsangiz¸ hammaning hujjatlaridan xato topasiz. O‘tgan 25 yil davomida privatizatsiya bilan bog‘liq qonunchilikka qancha o‘zgartish kiritildi¸ qonun osti aktlar o‘zgarib ketdi¸ mulk xususiyligini¸ uning tegishli tarzda rasmiylashtirilgani isbotlovchi hujjatlar ro‘yxati o‘zgarib ketdi. Bu birinchisi. Ikkinchisi¸ bizning mulkdorlarimiz¸ tadbirkorlarimiz qonunchilikni bilishmaydi¸ bu o‘zgartishlardan xabarsiz yuravergan. Xullas¸tortib olaman¸ desa¸ topayapti protsedurniy kamchilik. Hozircha faqat bitta ishda¸ xususiy mulkdor davlatdan sotib olgan ob’ektni falon muddat ichida ishga tushiraman deb¸ bunga mablag‘i borligini isbot qilganidan keyin¸ sud mulkni egasida qoldirdi. Qolgan ikkitasi hali davom etayapti. Kerak bo‘lsa¸ Oliy sudgacha boramiz¸ deb turibmiz"¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan advokat.

13 iyun – prezident Mirziyoev privatizatsiya natijalarini qayta ko‘rib chiqishni taqiqlovchi qonunni imzoladi

Shavkat Mirziyoev hokimiyatga kelishidan ko‘p o‘tmay¸ mamlakatda xususiylashtirilgan davlat ob’ektlarining ishlamay yotganiga e’tibor qarata boshladi. O‘z bayonotlarida prezident urg‘uni xususiylashtirilganidan beri ishlamay yotgan ob’ektlarni tortib olish emas¸ balki ularni ishlatishga yordam ko‘rsatish masalasiga qo‘ydi.

Bu jarayonning huquqiy asosini yaratish maqsadida prezident 23 fevral kuni «Tadbirkorlarning ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanishlarini yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2796-sonli qarorga¸ 18 aprel kuni esa¸ «Xususiylashtirilgan korxonalar bilan ishlash samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2895-sonli qarorga imzo chekdi.

2895-sonli qaror muqaddimasida aytilishicha¸ O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan so‘ng «mulkni xususiylashtirish va davlat tasarrufidan chiqarish bo‘yicha tizimli ishlar doirasida 30 mingdan ortiq davlat ob’ekti, shu jumladan, 6,5 mingta yirik va o‘rta korxona xususiy mulk qilib sotilgan va natijada bugunga kelib nodavlat sektoriga yalpi ichki mahsulotning 81 foizidan ko‘prog‘i, sanoat ishlab chiqarishining 94 foizi va barcha band aholining 82 foizidan ziyodi to‘g‘ri kelmoqda».

2017 yilning 13 iyun kuni Mirziyoev «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunchilik hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish¸ shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini tasdiqladi.

Bu qonunning 34-moddasi bilan 2012 yil 24 sentyabrda qabul qilingan «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi O‘RQ–336-sonli Qonuni 24-moddasining uchinchi qismi quyidagi shaklda tahrir qilindi:

«Xususiylashtirish natijalarini, shu jumladan ob’ektlarning qiymatini baholash natijalarini qayta ko‘rib chiqish va bekor qilish masalalari yuzasidan davlat organlari, shu jumladan nazorat, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar tomonidan tashabbus bilan chiqish taqiqlanadi».

Davlat tizimlarining xususiylashtirish natijalarini qayta ko‘rib chiqishi taqiqlanadi¸ degan yangi qonun bandiga¸ shaxsan Shavkat Mirziyoev imzo chekdi va bu o‘zgartish 14 iyundan kuchga kirdi.

11 avgust – Mirziyoev "privatizatsiya natijalariga teginib bo‘lmaydi" deganlarni «axmoq»qa chiqardi

Ayni paytda¸ prezidentning yopiq eshiklar ortida o‘tkazayotgan yig‘ilishlarda¸ hokimlik va nazorat organlari¸ xususan prokuraturaga xususiylashtirilganidan beri ishga tushirilmagan ob’ektlarni xususiy egalaridan tortib olib¸ ularni yangi mulkdorga berish vazifasini topshirayotgani va bu topshirig‘i ijrosini shaxsan o‘zi kuzatib borayotgani aytiladi.

Shavkat Mirziyoevning 11 avgust kungi yig‘ilishda aytgan mana bu gaplari¸ prezidentning nafaqat xususiylashtirish natijalarini qayta ko‘rib chiqishni boshlagani¸ balki davlatga qayta tortib olingan bu ob’ektlar asosida yangi biznes-rejalar tuza boshlaganini ko‘rsatadi:

- Toshkent viloyatida ishlamagan 570 ta korxonadan 50-60 foizi Toshkentda o‘tirgan g‘o‘dayganlarniki! Toshkentda o‘tirgan katta-katta tashkilotlarda yo oldin rahbar bo‘lgan¸ prokuror bo‘lgan¸ hokim bo‘lgan yo vazir bo‘lgan¸ zamprem’er bo‘lgan¸ prem’er bo‘lgan¸ balo bo‘lgan¸ battar bo‘lgan. Bekorchi¸ oddiy odam yo‘q. Agar oddiy odam bo‘lganida u yoki tashlab ketardi qo‘rqqanidan¸ yoki bir narsa qilardi adolatli bo‘lib. Nima uchun tashlamayapti?Orqasida odami bor. To‘xtab tur hali sotamiz buni¸ deyapti. To‘xtab tur¸ hali vaqt keladi¸ davlatga shunday sotamizki¸ xalqni juvonmarg qilamiz¸ deydi. O‘tiripti. Endi shuni man bilib turib bir narsa qilmasam.. Shuning uchun Bosh prokurorning 1-o‘rinbosarini komissiya raisi qildim privatizatsiya degan komitetning. U aybdor emas¸ undan oldingi noinsoflar qo‘l qo‘ygan¸ kerak odamni oladi. Abdulla Nigmatovich qaror chiqaradi¸ umuman Abdulla Nigmatovich bosh bo‘lib¸ Bosh vazirimiz¸ shu tashkilotlarni bir oyning ichida suyagini suyakka¸ lahmini lahmga¸ oqini oqqa¸ qorasini qoraga ajratsak¸ bilasizlarmi nima bo‘ladi?

Oldingilar nima degan – eto privatizirovanniy (kuchli istehzo ohangida – tahr) ...Xususiylashtirilgan¸ teginib bo‘lmaydi. Kim aytgan teginish mumkin emas deb? Qarorda yozib qo‘yilgan – xususiylashtirishni qaytarish mumkin emas¸ deb. Kim yozgan uni? Kechirasizlaru¸ uni o‘sha paytlardagi axmoq odamlar yozgan!(Bu qarorlar prezident Islom Karimov 2012 yil imzolagan qonunga asoslangan – tahr.)

Adolat nuqtai-nazaridan biz privatizatsiya qilishdan oldin mulkdorlar sinfini¸ boylarni paydo qildirishimiz kerak edi. Ular yo‘q ediku! Kechirasizlarku¸ Toshkent viloyatidagi 500 taning (xususiylashtirilgan davlat ob’ektlari nazarda tutilmoqda – tahr.) orqasida 20 ta odam turibdi. Boshqa odam yo‘q.Oddiy odam yo‘q. 20 ta odam turipti¸ yoki 50 odam turipti. Oddiy odam sotib ololmagan uni. Nimaga uni xo‘p¸ bir yil indamadik¸ ikki yil indamadik¸ uch yil indamadik¸ to‘rt yil indamadik¸ hey musurmon¸ sal oluvding shuni¸ mani mahallamda odamlar beish yuripti¸ shu yerda ishlatgin¸ degan odam yo‘q bizda!

Man bugun juda katta vakolat bilan aytaman - kecha qaror chiqti va aytaman o‘sha qaror bo‘yicha foydalanilmayotgan yirik ob’ektlar negizida 18 ta kichik sanoat zonasi tashkil etishni rejalashtirish topshiriq berdim bugun” (Prezidentning 11 avgust kungi baënotidan iqtibos tugadi – tahr.)

Mutaxassislar: Janob prezident¸ privatizatsiya natijalariga teginish yaxshilikka olib bormaydi!

Ostonadagi Yevroosiyo iqtisodiy universiteti dotsenti Saparboy Jubaev¸ privatizatsiya natijalarini yopiq sud zallarida qayta ko‘rib chiqib¸ ularni bekor qilish oqibatlari “voy” ekanini aytadi:

- Savodli investor davlat emas¸ xususiy mulkdor bilan ishlaydi. Xususiylashtirish mamlakat investitsion iqlimini belgilovchi asosiy omillardan biri. Shuning uchun O‘zbekiston privatizatsiyani bekor qilish emas¸ uni oxiriga yetkazish kerak. Bugun davlat xususiy mulkni har xil bahona topib tortib olish emas¸ aksincha¸ legalizatsiya qilishi kerak. Kimdir qaysidir mulkka¸ hujjatlari joyida bo‘lmagan holda egalik qilib kelgan bo‘lsa¸ davlat shu odamning hujjatlarini to‘g‘irlashga yordam berib¸ bu jarayonni tugatish kerak¸ aksincha emas.

Postsovet hududidagi privatizatsiya¸ albatta¸ jiddiy kamchiliklar bilan bo‘ldi. Lekin unga qaytish va bekor qilishning oqibati voy. Bu ishni Belarusda Lukashenko qildi – Shushkevich qilgan privatizatsiyani birato‘la bekor qildi. Natijani ko‘rib turibmiz¸ Belarusda davlat boshqaruvidagi sotsialistik iqtisod. Qirg‘iziston¸ Ukrainada har revolyutsiyadan keyin kelgan hokimiyat oldingi privatizatsiyani qayta ko‘rib chiqishni boshlaydi. Natija – bardak¸ deydi bu iqtisodiy tahlilchi.

Ozodlik O‘zbekiston konstitutsiyasi va qonunchiligida belgilangan xususiy mulk daxlsizligiga oid kafolatlar bekor qilinmay turib¸ yangi prezidentning og‘zaki topshirig‘i va qarorlari asosida Karimov davri privatizatsiyasining amalda bekor etila boshlagani oqibatlarini izohlashni so‘rab o‘zbekistonlik iqtisodchilardan biriga murojaat qildi.

Ismi sir qolishini so‘ragan iqtisodiy tahlilchi¸ Mirziyoevning 11 avgust kungi gaplarida jon borligi¸ keyingi 25 yil davomida davlat mulkini suv-tekinga xususiylashtirganlarning Karimov davri elitasi va ularga aloqadorlar ekanini e’tirof etmaslik mumkin emasligini aytdi.

Shunga qaramay¸ bu mutaxassis¸ privatizatsiya natijalarini bekor qilish oqibatlari mamlakat va Mirziyoevning uzoq muddatlik rejalari uchun ularni tan olishdan ko‘ra qimmatroqqa tushishini ta’kidladi.

“Har kelgan prezident o‘zidan oldingisi davrida o‘tkazilgan xususiylashtirish jarayonini bekor qilaversa¸ mamlakat iqtisodining muhim ob’ektlari tinimsiz qo‘l almashaversa¸ pul va sarmoya yaxshi ko‘radigan barqarorlik va uzviylik tamoyili yo‘qqa chiqadi. Bitta shaxsning qosh-qovog‘iga qarab o‘zgaradigan muhitni sarmoya yoqtirmaydi¸ na ichki¸ na tashqi sarmoyador bunaqa joyga risk qilib pul tashlamaydi¸ aksincha¸ borini¸ olib chiqib ketishga harakat qiladi. Shuning uchun Mirziyoev¸ xususiy mulk daxlsizligiga shaxsan o‘zi (almashib turadigan prezidentlar emas – tahr.) emas¸ kim kelishidan qat’iy nazar¸ davlat va uning qonunlari kafil ekanini amalda ko‘rsatishi lozim”¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan mutaxassis.

Ozodlik bilan yozishmaga bu suhbatdosh¸ iqtisodiy tarmoqdan olingan mana bu fikrlarni ilova qildi.

“Mulk xususiy. Davlatdan sotib olingan. Egasi undan samarali foydalanmasa, foydalana oladigan boshqa qaysidir tadbirkorga sotadi, bu...

- Oddiy arifmetika. Erkin bozor.

Mulkdan foydalanmasa, davlat tekinga qaytarib olsa va foydalana oladigan boshqa qaysidir tadbirkorga (qayta) sotsa, bu...

- Oddiy afermitika. Erkin mozor”.

O‘zbekistonda¸ 25 yillik kutishdan so‘ng¸ erkin bozor iqtisodiga o‘tamizmi¸ ëki mamlakat erkin mozorga qarab ketadi¸ bu Mirziyoevning xususiylashtirish natijalariga munosabatiga bog‘liqdir”¸ deydi iqtisodiy tahlilchi.

XS
SM
MD
LG