23 avgust kuni “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi bosh direktori Valeriy Tyan o‘z lavozimidan ozod etildi. 17 yildan beri Tyan boshqargan milliy aviakompaniya rahbarligiga “O‘zavtosanoat” raisi Ulug‘bek Ro‘ziqulov tayinlandi.
“Yaxshi uchuvchi¸ yomon boshqaruvchi edi”
Ozodlik manbalarining aytishicha¸ 71 yashar Tyan Islom Karimov vafotidan ko‘p o‘tmay¸ pensiyaga ketish istagini bildirgan¸ ammo prezident Mirziyoev unga hali ishlab turishni aytganidan so‘ng¸ lavozimida qolgan.
“O‘zbekiston havo yo‘llari”ga yaqin mulozimga ko‘ra¸ Tyan o‘zi tashkil qilgan yosh pilotlar o‘quv-mashq markaziga rahbarlikka qo‘yilishi mumkin.
Primoryelik etnik koreys Nikolay Tyan va leningradlik nemis Tereza Ikertning Qozog‘iston cho‘lida tug‘ilib¸ Sirdaryoda katta bo‘lgan o‘g‘li Valeriy Tyan¸ o‘z uchuvchilik faoliyatini An-2 (“kukuruznik”) samolyotidan boshlagan va O‘zbekiston mustaqilligidan so‘ng 1992 yilda Toshkentdan Nyu-Yorkka borgan birinchi Il-62 uchqichi komandiri bo‘lgan.
Rossiya nashrlarida aviatsiya mutaxassislari bildirgan fikrlarga ko‘ra¸ Tyan postsovet hududida yaxshi tanilgan uchuvchi-komandirlardan biri bo‘lgan.
“Valeriy Nikolaevich¸ chindan ham yaxshi uchuvchi¸ sodda qilib aytganda¸ yaxshi shofyor edi. Lekin “O‘zbekiston havo yo‘llari”ni yaratgan Arslon Ro‘zmetov kabi tashkilotchi yoki aviabiznesdagi yaxshi boshqaruvchi emas edi. Bu odam ijrochi¸ ispolnitel edi¸ bo‘lganda ham¸ yaxshi bo‘lmagan ijrochi edi. Birgina misol. Unga Samarqand aeroportini butun Yevroosiyo uchun ham yo‘lovchi¸ ham transport qatnovi habiga aylantirish taklifini berishdi. U buni o‘zgartirib¸ Navoiyda transport habi yaratmoqchi bo‘ldi¸ o‘xshamadi. Koreys shirkatlarini olib keldi¸ baribir yordam bermadi. Chunki Navoiy g‘oyasining o‘zi o‘lik tug‘ilgan bola edi. Infrastruktura yo‘q¸ sayyoh uchun notanish bu cho‘lning o‘rtasini qanday hab qilish mumkin¸ kim bu yerga qo‘nib-uchishni xohlaydi? Samarqand butunlay boshqa ideya edi¸ shuni Tyan yo‘qqa chiqardi”¸ deydi milliy aviakompaniya evolyutsiyasidan yaxshi xabardor mulozim.
"O‘zbekiston havo yo‘llari"dagi xizmat ko‘rsatish sifatining nihoyatda pastligi¸ shirkat xodimlarining mijoz bilan muomala qilish madaniyatini hanuzgacha o‘rgana olmagani¸ O‘zbekiston¸ xususan¸ Toshkent xalqaro aeroportidagi xizmat ko‘rsatish tizimining dunyodagi eng yomon darajada ekani ham¸ kuzatuvchilar fikricha¸ Valeriy Tyanning¸ yaxshi menejer bo‘lmaganiga yana bir misoldir.
Qarzga botgan milliy “yo‘llar”
“O‘zbekiston havo yo‘llari” rasmiy saytida keltirilgan ma’lumotga ko‘ra¸ kompaniya aviaparkida Boeing-757/767, Boeing-787-8 Dreamliner¸ A-320, IL-114-100 yo‘lovchi¸ hamda Boeing-767-300BCF yuk tashuvchi uchqichlari bor¸ shirkat muntazam sur’atda dunëning 40 dan ortiq shahriga parvozlarni amalga oshiradi.
Biroq, kompaniya vaziyatidan yaxshi xabardor Ozodlik manbasi¸ aslida milliy aviakompaniyaning moliyaviy-iqtisodiy ahvoli juda og‘irligini iddao qildi.
“Hozir butun boshli milliy aviakompaniyada ikki dona Il-76 (yuk tashuvchi uchqich -tahr.) qolgan¸ qolgani tamom bo‘lgan – motori yo‘q¸ dvigateli yo‘q¸ korpus qolgan¸ xolos. Olingan Boeing va A-320 larning hammasi kredit va lizingda¸ aviakompaniyaning milliard dollardan ko‘proq qarzi bor. Davlatdan aeroport rekonstruksiyasi¸ aviaparkni yangilash uchun olingan mablag‘lar eb bitirilgan. Prezident Mirziyoev buni yaxshi bilardi¸ faqat aviashirkatni isloh qilishga navbat endi yetib keldi”¸ deydi milliy aviakompaniyadagi ahvoldan yaxshi xabardor suhbatdosh.
2013 yilda “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi uchta Airbus A-310 va uchta RJ-85 rusumidagi uchqichni kim oshdi savdosiga qo‘yganini e’lon qilgan edi. O‘shanda ixtiyorida jami 31 ta uchqich borligi aytilgan aviashirkat bunday choraga¸ mutaxassislar ta’kidicha¸ zararga ishlab kelayotgani¸ o‘z aviaparkiga texnik xizmat ko‘rsata olmay qolgani¸ lizingga olingan G‘arb samolyotlari uchun olgan ulkan qarzlarini vaqtida qaytara olmay qolgani bois¸ qo‘l urgan edi.
Ammo milliy aviashirkat o‘z moliyaviy-iqtisodiy avholining abgorligini biror marta jamoatchilik oldida e’tirof etgan emas.
«O‘zbekiston havo yo‘llari» sotuvga qo‘yiladi»
Ozodlik suhbatlashgan mulozimlardan birining aytishicha¸ "O‘zbekiston havo yo‘llari" rahbarligiga Ulug‘bek Ro‘ziqulov milliy aviakompaniyada jiddiy strukturaviy islohot qilish topshirig‘i bilan qo‘yilgan.
«Hukumat dasturi ishlab chiqilayapti. Unga ko‘ra¸ «O‘zbekiston havo yo‘llari» kompaniyasi privatizatsiya qilinadi¸ aeroportlar¸ uchqichlar¸ xizmatlarning hammasi xususiy shirkatlarga sotiladi. Toshkent aeroporti dunyodagi eng yomon aeroportlardan biri¸ uni tuzatishga pul yo‘q. Ahvolni tuzatishning privatizatsiyadan boshqa yo‘li yo‘qligi ko‘rinib turipti.
«Gosavianadzor» havo yo‘llariga berilgan¸ bular xohlasa samolyot beradi¸ xohlamasa bermaydi¸ xohlasa koridor beradi¸ xohlasa bermaydi. Buni «O‘zbekiston havo yo‘llari» nazoratidan chiqarish taklifi bor. Shirkat aviaperevozkaniyam¸ aeroportlarniyam¸ aviaxavfsizlikniyam o‘z monopoliyasiga aylantirdi va boshqalarning na yo‘lovchi tashishiga ¸ na yuk tashishiga ruxsat berdi. "Abu Saxiy" bundan istisno. Agar ana shu monopoliyaga yo‘l berilmaganda edi¸ bu paytgacha¸ O‘zbekistonda 10-15 ta kichik-kichik xususiy aviashirkatlar ishlab turgan bo‘lardi¸ aeroportlarimiz dunyodagi eng yomon aeroportlar ro‘yxatiga tushmas¸ yo‘lovchilar buncha qiynalmas edi¸ aviaperevozkalar buncha qimmat bo‘lmas edi.
Xalqaro maydondagi ahvol ham abgor. Xorij aviakompaniyalarining O‘zbekistonga uchishini ataylab nevigodniy qilib qo‘yishdi. Biletlarni so‘mga sotasan deyishdi¸ lekin ularning so‘mini konvertatsiya qilib berishmadi. Aeroportni qimmat¸ qo‘nish-ko‘tarilishni qimmat¸ parkovka narxlarini qimmat qilib qo‘yishdi. Lufthansa, Czech Airlines kabilar O‘zbekistonga uchmay qo‘ydi¸ Rossiya shirkatlari talashib-tortishib¸ biletlarni dollarga sotiladigan qilishga erishdi¸ arzon aviashirkatlar O‘zbekistonga umuman yaqinlashmadi. Ana shularning hammasi endi bosqichma-bosqich isloh qilinadi. Har qalay¸ berilgan taklif¸ muhokamadagi tavsiyalar¸ strategiyadagi gaplar shu mazmunda. Ijrosi qanday bo‘ladi¸ bu boshqa masala»¸ dedi 23 avgust kuni raisi o‘zgargan «O‘zbekiston havo yo‘llari» shirkati yaqin kelajagiga to‘xtalgan Ozodlik suhbatdoshi.