Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:08

Prezident o‘z matbuot kotibi va televidenie raisini nega ishdan oldi?


O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati rahbari Asadjon Xo‘jaev va Milliy teleradiokompaniya raisi Bobur Alixonovlar bir kunda - 29 avgust kuni ishdan olindi. Bu haqdagi turli nashrlar xabarlarini Ozodlikka MTRKda ishlaydigan jurnalist tasdiqladi. Unga ko‘ra¸ bu ikki mulozim Samarqand shahrida boshlangan "Sharq taronalari" festivali yoritilishida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tufayli ishdan olingan. Lekin, bu xabarning, hozircha rasmiy tasdig‘i yo‘q.

Bu ma’lumotni O‘zbekiston prezidenti devonida ishlaydigan mulozim ham Ozodlik muxbiriga tasdiqladi.

Ayni paytda, Kun.uz nashri ham, o‘z manbalariga tayanib, bu ikki rahbarning ishdan olinishi "Sharq taronalari" festivali yoritilishi bilan bog‘liqligini ëzdi.

Seshanba kuni ishdan olingan Asadjon Xo‘jaev joriy yil martida prezident matbuot xizmati rahbari lavozimiga tayinlangan bo‘lsa¸ Bobur Alixonov MTRK raisi sifatida bor-yo‘g‘i 27 kun ishladi.

Mirziyoevning TVni isloh qilish tashabbusi ortidan Bobur Alixonov apreldan buyon kompaniya raisining birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.

U 2 avgust kuni lavozimdan ozod etilgan Xurshid Mirzohidov o‘rniga tayinlangan edi.

MTRKda ishlaydigan jurnalistning Ozodlikka aytishicha¸ O‘zbekiston MTRK Media markazida 21 avgust kuni bo‘lib o‘tgan majlisda TV dasturlarni tanqid qilgan Bosh vazir Abdulla Aripov Bobur Alixonovga hayfsan bergan.

Jurnalistga ko‘ra¸ o‘sha kungi majlisdayoq Bobur Alixonovning ishdan ketishi aniq bo‘lgan.

“Sharq taronalari”ning ochilish marosimini efirga uzatgan texniklar nega jazolandi?

“Sharq taronalari” festivalining TV translyatsiyasi bilan shug‘ullanayotgan guruh a’zosining Ozodlikka aytishicha¸ 28 avgust kungi efir uchun mas’ul bo‘lgan texnik xodim va tasvirchilar jazolangan.

- Prezident oilasini ko‘p ko‘rsatib yuborishgani uchun, kechagi efirda band bo‘lganlarga ogohlantirish berildi. Tushuntirish xati yozildi. Prezident oilasi, rafiqasi, ikki nafar kuyovi, kichik o‘g‘ilchasi katta ekranda ko‘rsatilganiga aybdor qidirishyapti,- deydi suhbatdosh.

MTRK kanallaridan birida yaqinda ish boshlagan va ismi aytilishini istamagan jurnalistga ko‘ra¸ "Sharq taronalari" festivali yoritilishida prezident matbuot xizmati rahbari Asadjon Xo‘jaev va Milliy teleradiokompaniyasi raisi Bobur Alixonovlar asosiy mas’uliyat yuklangan mulozim bo‘lishgan.

Musiqa festivalining telenamoyishida prezident oila a’zolari ko‘ringan
Musiqa festivalining telenamoyishida prezident oila a’zolari ko‘ringan

Jurnalistga ko‘ra¸ milliy telekanal orqali prezident oila a’zolari katta planda ko‘rsatilgani bilan bog‘liq holat ortidan bu ikki mulozim 29 avgust kuni ishdan bo‘shatilgan:

- Yulduz Usmonova qo‘shiq aytayotgan paytda prezidentning har ikkala kuyovi yirik planda ko‘rsatildi. Farruh Zokirov qo‘shiq aytganida prezidentning kenja o‘g‘li qatorlar orasida yugurib yurgani ko‘rsatildi. Bu narsa davlat rahbariga yoqmagan. Bosh vazir Abdulla Aripov va davlat maslahatchisi Hayriddin Sultonov ishtirokida 29 avgust kuni o‘tkazilgan kichik majlisda Xo‘jaev va Alixonov ishdan bo‘shatildi, - dedi jurnalist.

Musiqa festivali telenamoyishida prezidentning ikki kuyovi ham katta planda ko‘ringan
Musiqa festivali telenamoyishida prezidentning ikki kuyovi ham katta planda ko‘ringan

30 avgust peshingacha bo‘lgan holatda MTRK raisi o‘rinbosari lavozimi bo‘sh qolmoqda.

MTRKda ishlaydigan bir-biridan mustaqil jurnalistlarning ishonishicha¸ MTRK raisligiga Bosh vazirning qudasi¸ 2005 yildan to joriy yil fevraligacha televideniega rahbarlik qilib kelgan Alisher Xo‘jaev nomzodi ko‘rib chiqilmoqda.

TV dagi rahbar almashinuv silsilasi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev hokimiyatga kelgandan so‘ng televideniedagi bir qancha rahbarlarni almashtirdi.

Mirziyoev O‘zbekiston Xalq artisti, xonanda Ozodbek Nazarbekovni “Yoshlar” teleradiokanali Bosh direktori qilib tayinladi. Ammo oradan uzoq vaqt o‘tmay, Nazarbekov O‘zbekiston Madaniyat vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi.

Joriy yilning fevral oyida Xurshid Mirzohidovni MTRK raisi qilib qo‘ygan prezidentning o‘zi avgust oyi boshida uni ishdan bo‘shatdi va Bobur Alixonovni direktor qilib qo‘ydi.

29 avgust kuni Alixonov ishdan bo‘shatildi.

O‘zbekiston Milliy teleradikompaniyasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan 17 avgust kuni bo‘shatilib, “O‘zbekiston" kanaliga direktor etib tayinlangan Xayrulla Nuriddinov 21 avgust kuni yana eski lavozimiga qayta tiklandi.

Uch kun Milliy teleradiokampaniya raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan Bahodir Yunusov esa “O‘zbekiston” telekanaliga direktor bo‘ldi.

"O‘zbekiston 24" telekanalining ma’lum qilishicha, “O‘zbekiston” telekanaliga Xayrulla Nuritdinovgacha direktorlik qilgan Nodir To‘laganov Ozod Hamidxo‘jaev o‘rniga "O‘zbekiston 24" telekanali direktori etib tayinlangan.

XS
SM
MD
LG