Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:48

O‘zbekistonning yangi bosh militsioneri xalq orasida “murosasiz nemis” deb nom chiqargan


Po‘lat Bobojonov
Po‘lat Bobojonov

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 4 sentabrdagi farmoni bilan 56 yashar Po‘lat Razzoqovich Bobojonov O‘zbekiston ichki ishlar vaziri etib tayinlandi.

Joriy yil boshidan beri O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligida uch marta vazir almashdi.

2017 yilning 25 yanvarigacha bu vazifani Islom Karimov tomonidan tayinlangan Adham Ahmadboev bajargan bo‘lsa¸ Mirziyoev prezidentlikka saylanganidan bir oycha o‘tib¸ bu lavozimga Abdusalom Azizov Ichki ishlar vaziri qilib tayinlangan edi.

Bu vazifani general-leytenant Bahodir Matlyubov 2006 yilning 5 yanvarida Zokirjon Almatov Ichki ishlar vaziri lavozimidan olinganidan beri bajarib kelayotgan edi.

Avtoritar boshqaruv uslubiga asoslangan O‘zbekiston kabi davlat elitasi uchun muhim kuch ishlatar tizimlaridan biri bo‘lgan Ichki ishlar vazirligining yangi rahbari kim¸ degan savolga Po‘lat Bobojonovni yaqindan bilganlar ko‘magida javob izlaymiz.

Po‘lat qanday toblandi?

Po‘lat Bobojonov 1961 yil Xorazm viloyatining Bog‘ot tumanidagi eng nufuzli rahbarlaridan biri Razzoq Bobojonov xonadonida dunyoga kelgan. Uning onasi Enagul Masharipova Bog‘ot rayon ijroqo‘mi¸ otasi esa¸ kompartiya rahbari bo‘lgan.

Ozodlik suhbatlashgan yoshi katta bog‘otliklar Po‘lat Bobojonov o‘quvchilik davrida tuman kutubxonasidagi barcha kitobni birato‘la o‘qib nom chiqarganini esga olishdi.

Pirovardida Bobojonov Toshkent Davlat huquqshunoslik institutiga kirib¸ uni qizil diplom bilan bitiradi.

Bog‘ot tumanida u bilan birga ishlagan Xorazm viloyati sobiq mulozimlaridan biri Ahmad Xorazmiyning aytishicha¸ Bobojonov o‘sha yili huquqshunoslik institutini qizil diplomga bitirgan yagona student bo‘lgan:

- Men Bog‘otda selxoztexnika boshlig‘i bo‘lgan paytimda Po‘latbek tuman hokimi muovini edi. Birga ishlaganman. Bu kishining otasi Razzoq aka bilan ham birga ishlaganman. Po‘latbek keyin Xorazm viloyat prokuraturasi umumiy nazorat bo‘limida ishlagan davrini ham yaxshi bilaman. Po‘latbekni o‘z sohasini chuqur biladigan qat’iyatli rahbar sifatida tanidim. Men selxozximiya boshlig‘i bo‘lganda uning otasi Razzoq aka mening muovinim bo‘lgan. O‘sha paytdagi mulozimlar o‘z farzandlarini tanish-bnilish qilib o‘qishga kiritgani bor gap. Lekin Po‘latbek o‘z kuchi bilan o‘qishga kirib¸ uni qizil diplomga bitirdi. Bu muvaffaqiyatga Po‘latbek otasining aralashuvisiz o‘z tirishqoqligi bilan erishdi ¸ deydi suhbatdosh.

"Муросасиз немис" дея ном чиқарган Бобожонов мамлакат бош милиционери бўлди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:16:48 0:00

Murosasiz “nemis”¸ sotilmaydigan “o‘ris”

O‘zbekiston hukumatidagi kadr o‘zgarishlaridan xabardor mulozimning Ozodlikka aytishicha¸ Po‘lat Bobojonov prokuratura xodimlari orasida “chestniy o‘ris va murosasiz nemis” deya laqab olgan sanoqli kishilardan biridir:

- Bobojonov 2005—2006 yillarda Bosh prokuraturaning Soliq va valyuta jinoyatlariga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i, 2000—2005 yillarda esa O‘zbekiston bosh prokurori o‘rinbosari bo‘lganida “chestniy o‘ris va murosasiz nemis” degan laqab taqildi unga. Bu degani¸ pora olmaydi¸ deganidir. Qonunni ushlab¸ gapidan qaytmay turaverardi. Buxoro va Jizzaxda viloyat prokurori bo‘lgan paytida ham masalalarni porasiz hal qiladigan noyob mulozim deya nomi chiqdi¸ deydi suhbatdosh.

Taniqli jurnalist Sharof Ubaydullaevning eslashicha¸ Po‘lat Bobojonov 2006—2011 yillarda Jizzax viloyati prokurori bo‘lib ishlagan paytida birorta korrupsion sxemalarga aloqadorligi haqida gap chiqmagan:

- Jizzaxda ishlagan davrida Bobojonov odamlar orasida yaxshi obro‘ qozondi. Ta’magirlik yoki reyderlik qilgani haqida gap-so‘z chiqmadi. Bugungacha Ichki ishlar vaziri bo‘lgan Abdusalom Azizov o‘sha paytda Jizzax IIB boshlig‘i lavozimida ishlagan. Jizzaxda yaxshi nom chiqarganlar bugun Mirziyoev komandasiga olinmoqda¸ deydi suhbatdosh.

G‘ijduvonlik tadbirkorni “prokuror zulmidan” qutqargan prokuror

Po‘lat Bobojonov 2011 yilda Buxoro viloyati prokurori bo‘lib ishlagan davrida “muammoni adolatli” hal qiladigan mulozim sifatida esda qoldi, deydi Ozodlik suhbatlashgan buxorolik tadbirkor:

- G‘ijduvon tuman prokurori tumandagi ikki ishi yurishgan tadbirkor aka-ukalardan o‘lpon talab qiladi. O‘lpon unmaganidan keyin prokuror ulardan qasos olib bir akani qamatadi¸ ukani esa yirik jarimaga tortadi. Ko‘p o‘tmay Bobojonov Buxoro viloyatiga prokuror bo‘lib keladi va aka-ukalar advokati unga arz qiladi. Bobojonov bu muammoni o‘rganib¸ qayta tergovga yuboradi. Oqibatda aka qamoqdan ¸ uka esa jarimadan qutuldi. Adolat qaror topib¸ qasoskor tuman prokurori boshqa ishga o‘tib ketib qutulib qoldi. Bobojonovning biror tadbirkorga o‘lpon solganini¸ zulm qilganini men bilmayman¸ deydi suhbatdosh.

Mirziyoev IIVni korrupsiyadan qutqarmoqchi

Nega O‘zbekiston prezidenti bor yo‘g‘i 9 oy ishlagan Abdusalom Azizovni Mudofaa vaziri qilib tayinlab¸ o‘rniga Bobojonovni tayinladi?

O‘zbekiston hukumatidagi kadr o‘zgarishlaridan xabardor mulozimning Ozodlikka aytishicha¸ bundan maqsad IIVni korrupsiyadan qutqarishdir:

- IIV tizimi eng korrupsiyalashgan vazirlik sifatida mamlakat prezidentining xavotiriga sabab bo‘lgani Mirziyoevning selektor majlislaridagi gap-so‘zlardan ma’lum. Bu sohadagi korrupsiyani minimumga tushirish maqsadida kadr o‘zgarishi qilindi. Ikkinchidan¸ bugungi vaziyat bu vazirlik tepasida prezidentga eng sodiq odam turishini taqozo qiladi. Bobojonov uzoq yillar davomida Mirziyoev komandasidagi sodiq odam sifatida qolmoqda¸ deydi suhbatdosh.

Minnatdorik mujdasi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev joriy yil boshida olimlar bilan uchrashgan paytida akademik Sa’dulla Iskandarovni ustozim deya minnatdorlik bilan esladi. Jurnalist Sharof Ubaydullaevga ko‘ra¸ Toshkent Irrigatsiya institutida rektor bo‘lib ishlagan paytida Sa’dulla Iskandarov bo‘lg‘usi prezidentni har tomonlama qo‘llab- quvvatlab kelgan:

- Shavkat Miromonovich student paytidan akademik Sa’dulla Iskandarov nazariga tushdi. Komsorg¸ partorg kabi lavozimlarga tavsiya qilindi. Sa’dulla Iskandarov SSSRdagi legenderniy qaxramon rais Iskandar Do‘stovning o‘g‘lidir. Po‘lat Bobojonovning otasi Razzoq Bobojonov esa Iskandar Do‘stovning eng yaqin shogirdi edi¸ deya eslaydi taniqli jurnalist.

Eslatma: Siz ham O‘zbekiston hukumati tepasiga kelaëtgan yangi rahbarlar¸ xususan Po‘lat Bobojonovni yaxshi bilsangiz¸ bilganlaringizni Ozodlik orqali jamoatchilik bilan o‘rtoqlashishingiz mumkin. Ma’lumot va mulohazalaringizni sharh katakchasiga yozish¸ yoki Telegram, WhatsApp, Facebookdagi sahifalarimizga yuborish orqali Ozodlik bilan baham ko‘ring.

XS
SM
MD
LG