Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 11:59

Tilxatlar reytingi - talabalar "paxtani og‘zimga solmayman" deb tilxat yozmoqda


TATU talabasi tilxati "Tilxatlar tanlovi"ning g‘olibi, deb topildi.
TATU talabasi tilxati "Tilxatlar tanlovi"ning g‘olibi, deb topildi.

O‘zbekistonda majburiy mehnatga barham berilayotgani to‘g‘risida turli minbarlardan aytilayotgan gaplar ko‘payayotgani barobarida shunday mehnatga majburlanayotganlar, xususan, talabalardan “paxtaga o‘z xohishim bilan chiqaman”, degan mazmunda tilxat olish holatlari ham ko‘payayapti. Ozodlikda ana o‘shanday tilxatlardan o‘nlabi to‘planib qolganki, bugun o‘sha tilxatlar orasida tanlov o‘tkazdik. Tanlov g‘olibiga ramziy "Oq oltin" medalini taqdim etadigan bo‘ldik.

"Fidoyi yoshlar"

Shu kunlarda butun O‘zbekiston bo‘ylab davom etayotgan paxta yig‘im-terimida yoshu qari, erkagu ayol, talaba yoshlar ishtirok etmoqda.

“Oltin qo‘llar” yaratgan “oq oltin” terimida tadbirkorlar yoki ular yollagan mardikorlar; bog‘cha bolalari va maktab o‘quvchilarining ota-onalari yoki ular yollagan mardikorlar; maorif va tibbiyot muassasalari xodimlari yoki ular yollagan mardikorlar qatnashmoqda.

Chuqur ildizlari Sovet Komsomoliga borib taqaladigan “Kamolot”ning merosxo‘ri – “Yoshlar ittifoqi” bu yilgi mavsumda misli avvalgi yillarda ko‘rilmagan tashabbus bilan chiqdi: paxta teruvchi “Fidoyi yoshlar” guruhlarini tuzdi.

"Tilxatlar tanlovi" reytingi

(Ro‘yxatusti Beshligi)

“Fidoyi yoshlar”dan ilhom olganmi yoki qalblari qo‘ri haroratini paxta dalasida biroz pasaytirish maqsadidadami, har qalay mamlakatdagi oliy o‘quv yurtlari talabalari mavsum boshlanishi bilanoq dalaga intila boshladi.

Dekanatu rektoratlarning qarshiligini ular tilxatlar, kafolat xatlari bilan yengib o‘tishga urinmoqda. Tilxat va kafolat xatlarida ular paxta terimida yuz berishi mumkin bo‘lgan har qanday balo-qazo uchun mas’uliyatni mardlarcha o‘z zimmalariga olmoqdalarki, biz bugun ana o‘sha hujjatlarning Ro‘yxatusti- Top Beshligini tuzishga qaror qildik.

Shunday qilib,

5- o‘rinda Samarqand Davlat tibbiyot instituti davolash fakulteti talabasining kafolat xati.

Xatga imzo chekuvchi bo‘lg‘usi do‘xtir paxtani “chanog‘ida qoldirmasdan terishga” kafolat bergan. Biroq kafolat xatini imzolovchi talaba o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarmasa, “talabalar safidan chiqarilishi to‘g‘risida ogohlantirilgani”ni tan oladiyu lekin qaysi qonunga binoan o‘qishdan haydalishini ko‘rsatmaganki, natijada bu hujjat tuzayotganimiz reytingning quyidan joy oldi.

4- o‘rinda Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi TATU talabalari va ishchi xodimlari imzolagan tilxat.

Bu hujjatda “tilxat” so‘zi ishlatilmagani bilan mazmun-mohiyatiga ko‘ra, u tilxatdir.

TATU talabasining tilxati ancha batafsil yozilgan bo‘lib, talaba o‘z zimmasiga olgan majburiyatlardan birinchisi “paxta tolasini og‘izga solmaslik”dir. Tilxatda, shuningdek, talaba “ortiqcha yuk ko‘tarmaslik” majburiyati ham bor.

Lekin talaba paxta dalasida ko‘taradigan yukning me’yori belgilab qo‘yilmaganki, bu kamchilik TATU talabasi tilxatining 4- o‘rinda qolishiga jiddiy sabab bo‘ldi.

3- o‘rinda Samarqand iqtisodiyot va servis instituti talabasining kafolat xati.

Bu hujjatga faxrli 3- o‘rinni ravo ko‘rganimizga uning anchayin puxta yozilgani sabab bo‘ldi. Bu hujjatni imzolagan talaba ota-onasining shaxsiga oid barcha ma’lumotlarni institut rahbarlariga taqdim etish majburiyatini ham zimmasiga olganki, bu ma’lumotlar paxtadan keyin ham kerak bo‘lishi, muhimi – institut rahbariyati bilan ota-onalar o‘rtasida chin insoniy munosabatlarning mustahkamlanishiga hissa qo‘shadi.

2- o‘rinda yana Samarqand Davlat tibbiyot instituti davolash fakulteti talabasi kafolat xatining yana bir varianti.

Reytingimizning 5- o‘rnini egallagan variantdan favqulodda farq qiladigan bu variant favqulodda puxta yozilganki, natijada “tilxatlar tanlovi”ning kumush medalini qozondi.

18 punktli bu tilxatni imzolab, uning har bir bandiga batamom rioya qilgan talaba institutni bitirgach, har qanday katta korxonaning Xavfsizlik texnikasi muhandisi bo‘lib ishlashi mumkin. Do‘xtirxonani esa, uyida ochib olsa ham bo‘laveradi.

Va nihoyat, 1- o‘rin!

“Tilxatlar tanlovi”ning mutlaq g‘olibi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabasi tilxatidir.

TATU talabasining bu yilgi tilxati reytingimizning 4- o‘rinni egallagan bo‘lsa, xuddi shu o‘quv yurti talabasining 2015 yilgi tilxatini musobaqamizning “Oq-oltin” medaliga sazovor, deb topdik.

Bu yerda gap Axborot texnologiyalari universiteti talabasining tilxatni qo‘lda yozganidagina emas. Gap bu tilxat an’analar bardavomligi, avlodlar orasidagi rishtalar uzilmasligi timsoli ekanligidadir.

Xullas, Sovetcha hayqiriqni biroz o‘zgartirib, Tilxat jil, Tilxat jiv, Tilxat budet jit! deymiz.

“Bu tilxatlar noqonuniydir”

Hazilni bir chetga yig‘ishtirib, jiddiy gapga o‘tiladigan bo‘lsa, yuqorida tilga olingan tilxatlarning barchasi talabalarning o‘zlari o‘ylab topgan narsa emasligini hamma biladi. Matni o‘quv yurti rahbariyati tomonidan yoziladigan va talabalarga qo‘l qo‘ydirib olinadigan bunday tilxatlar olish yildan-yilga urf bo‘lib borayotgani sababini oliy o‘quv yurtining sobiq o‘qituvchisi, ruhshunos olim Mahmudjon Yo‘ldoshevdan so‘radik.

- Talabadan bunday tilxat olish qonunga xilof. Kontrakt asosida o‘qishga kirgan talabani qanday qilib paxtaga olib borish mumkin?! Axir uning otasi pulni paxta terishi uchun to‘lagani yo‘qku? deb, savolga savol bilan javob berdi domla.

Ma’lumki, bu yil hokimlar, vazirlar turli minbarlardan majburiy mehnat taqiqlanishi haqida ko‘p gapirdi. Prezident Mirziyoevning o‘zi ham 19 sentabrda BMT Bosh Assambleyasining 72- sessiyasida qilgan chiqishida bunday dedi:

“Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rildi”.

Bas, shunday ekan, o‘quv yurtlari rahbarlari talabalarga tilxat yozdirish bilan o‘zlarini potensial jazodan himoya qilayotgandir?

Bu savolga javoban Mahmudjon Yo‘ldoshev “bu tilxatlarning noto‘g‘ri, noqonuniy ekanligini paxta terib katta bo‘lgan advokat ham isbotlay biladi”, dedi.

Huquqshunos fikri

Mahmudjon Yo‘ldoshev aytgan fikrni toshkentlik huquqshunos Gulnora Oqilova ham takrorladi.

- Agar paxta dalasida talabaga biron kor-hol bo‘lguday bo‘lsa, undan olingan tilxat o‘quv yurti rahbariyatini javobgarlikdan saqlab qololmaydi. Chunki, o‘quv yurti paxtaga jo‘natmasa, talaba bormasdi ham, tilxat ham yozmasdi. Axir, bolalar o‘z xohishi bilan tilxat yozib bermaydiku, to‘g‘rimi? Talabadan tilxat olish qonunga ziddir, dedi huquqshunos.

Ozodlik boshqa ikki huquqshunos bilan ham suhbatlashdi. Ularning fikricha, maqolaga ilova qilingan tilxatlar talabalarning mehnatga majburlanganiga dalil bo‘luvchi hujjat sifatida tan olinishi mumkin.

***

“Tilxatlar tanlovi”da konkursdan tashqari ishtirok etgan tilxatlar ham borki, ulardan ba’zilari bilan tanishtiramiz.

O‘zbekiston Davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti talabalari “Valentin kuni”ni nishonlamaslik to‘g‘risida tilxat bergan. 2015 yili yozilgan bu hujjat bilan talaba “fakultetni obro‘sizlantirmaslikka kafolat bergan”:

​Tilxat yozish amaliyoti O‘zbekiston aholisining barcha qatlamlariga yoyilganiga navbatdagi tilxat dalildir. AYoQSh xodimi quyidagi tilxatni yozar ekan, o‘z zimmasiga mamlakat yonilg‘i zahirasini tejash majburiyatini olgan.

Ozodlik arxividagi yana bir tilxat 2014 yili yozilgan bo‘lib, tilxat yozish tajribasi korxona, tashkilot, muassasa va o‘quv yurtlaridan xonadonlarga ham ko‘chganiga dalildir. Sirdaryo viloyat, Mirzaobod tumanidan kelgan bu hujjatga qo‘l qo‘ygan fuqaro o‘z zimmasiga oilasidan bir kishi paxta terimiga qatnashib, kuniga 60 kilodan paxta terib bermasa, jazolanishga tayyor ekanligini bildirgan.

XS
SM
MD
LG