Линклар

Tvitter ijtimoiy tarmog‘i Rossiya bilan bog‘liqligi gumon qilingan 200 ta akkauntni yopib qo‘ydi, chunki ulardan Russia Today (RT) telekompaniyasi joylashtirgan 2000 ga yaqin reklama topildi. Ayni ijtimoiy tarmoq ham AQShda 2016 yilda bo‘lib o‘tgan prezident sayloviga Rossiyaning ta’sir ko‘rsatishga uringani yuzasidan taftish o‘tkazmoqda.

Tvitter rahbarlari 28 sentabr kuni AQSh Kongressining razvedka masalalari bo‘yicha qo‘mitasiga ushbu natijalar xususida axborot berdi.

Kompaniya vakilining onlayn blogda yozishicha, Feysbuk ijtimoiy tarmog‘idagi 450 ta soxta akkauntga bevosita bog‘liq 22 ta Tvitter akkauntini aniqlab, o‘chirib tashladi. Feysbuk xodimlari o‘sha akkauntlarning Rossiyaning AQSh sayloviga aralashishga aloqasi bo‘lganini aytmoqda.

“Feysbuk yaqinda o‘z taftishi natijasi o‘laroq 450 ka yaqin akkaunt haqidagi ma’lumotni oshqor qildi va biz ham o‘sha soxta akkaunt egalaridan 22 nafarining Tvitterda ham tegishli akkaunti bo‘lgan, degan xulosaga keldik”, deyiladi o‘sha blogda.

Yana aytilishicha, o‘sha akkauntlarning faoliyati Tvitterning spamga qarshi qoidalarini buzgani uchun to‘xtatildi, ya’ni o‘sha akkaunt egalari internetni ayni xabar yoki havola nusxalari bilan to‘ldirib tashlagan.

Kompaniya vakili Rossiyaning Feysbukdagi akkauntlari bilan bog‘liq yana 179 ta soxta akkaunt aniqlanganini va o‘sha shubhali akkauntlar faoliyati kompaniya qonun-qoidalarini buzgani uchun to‘xtatib qo‘yilganini xabar qildi.

Ma’lum etilishicha, davlatga qarashli va Kreml siyosatini targ‘ib qiluvchi RT telekompaniyasi Tvitterdagi reklamalarga 271,100 dollar ajratgan hamda saylov yilida AQSh bozoriga mo‘ljallangan 1823 ta xabarni tarqatgan.

Feysbuk vakili saylov kampaniyasi davrida Rossiya targ‘iboti bilan bog‘liq 100,000 AQSh dollarilik reklama sotib olinganini aytgan edi. Shundan so‘ng AQSh parlamenti a’zolari ijtimoiy tarmoqlardagi bunday reklamalar uchun qat’iy tartib joriy etish taklifi bilan chiqdi.

RT telekompaniyasi bosh muharriri Margarita Simonyan Tvitterdan reklama sotib olinganlik holatlarini himoya qilib chiqdi. U RTning G‘arbda jamoatchilik fikrini chalg‘itishga yo‘naltirilgan va davlat qo‘llab-quvvatlagan ijtimoiy tarmoq kampaniyalariga aralashib qolganlik haqidagi gumonlarni o‘zidan soqit qilmoqchi bo‘lgan ko‘rinadi.

Simonyan 29 sentabr kuni RTning Tvitterdan reklama sotib olgani oddiy tijorat amaliyoti bo‘lganini, lekin bu holat AQShning ichki ishlariga aralashish deb noto‘g‘ri talqin qilinganini aytdi, deb xabar qiladi Rossiyaning RIA davlat axborot agentligi.

– Endi biz bor gapni tan olishimiz kerak, – dedi Simonyan kinoya bilan. – biz aeroportlarda, taksilarda, e’lonlar taxtasida, internet va radioda ham reklamaga pul sarfladik. Reklamalarimiz hatto CNN orqali ham namoyish etildi.

Lekin AQShning parlament a’zolari Tvitterdagi soxta akkauntlarning fosh etilishi Rossiyaning saylov natijalariga ta’sir ko‘rsatishga urinishlari haqidagi gumonlarga qo‘shimcha oydinlik kirita olmaganidan taassufda.

Parlamentning ikkala partiyaga ham mansub a’zolari ijtimoiy tarmoqlar Moskvaning targ‘ibot deb atalayotgan ishlarini amalga oshirishida yetakchi rol o‘ynaganini hamda Qo‘shma Shtatlarda siyosiy janjalga va Donald Trampning prezident etib saylanishiga sabab bo‘lganini aytmoqda. Moskva bunday iddaolarni rad etib kelayotir.

Tvitter ham Feysbuk ortidan siyosiy reklamani fosh qiluvchi tartib-qoidalarini takomillashtirmoqchi ekani xabar qilindi.

XS
SM
MD
LG