Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:17

Hokimning yer berish va’dasiga ishongan “uyushmagan aholi” yotib paxta termoqda


Qashqadaryo viloyat hokimi Zafar Ro‘ziev uyushmagan aholini paxtaga chiqarish uchun ularga yer uchastkasi¸ sog‘lig‘ini tiklashga moddiy yordam va ishsizlarga ish va’da qildi. Hokimning Yakkabog‘ tumanida bergan bu va’dasi ortidan hokimiyatdan er ololmay yurganlar ko‘ngilli ravishda “paxta oxiriga qadar“ qo‘shni Kasbi tumanida yotib paxta terishga jo‘namoqda. Hozircha hokimiyat vakillarining o‘zlari ham bunday va’daning amalga oshish-oshmasligidan bexabarliklarini bildirmoqda.

Rag‘bat mevasi

Yakkabog‘lik 50 yashar Mehriniso (ismi o‘zgartirilgan) to‘rt kun avval ko‘rpa-to‘shagi bilan Kasbi tumaniga paxta terishga ketganlardan biri.

“Mahallaqo‘m hokim paxtaga chiqqanga 2 sotixdan 4 sotixgacha yer beradi¸ deganini eshitib¸ o‘zim ko‘ngilli bo‘ldim keldim. Uchta o‘g‘lim bor¸ uylantirib¸ ro‘zg‘orini boshqa qilishim kerak. Paxta tugaguncha yaxshi xulq-atvor bilan ko‘p paxta terganlarga 4 sotix yer berisharkan. Shunga ishonib chiqdik. Hozir maktabda yotib paxta terayapmiz¸ biz bilan kelganlar orasida 70 yashar kampirlar ham bor”¸ deydi Ozodlik paxta dalasidan topgan yakkabog‘lik bu ayol.

Yakkabog‘ hokimligining Ozodlik suhbatlashgan mulozimi¸ uyushmagan aholini paxtaga chiqarish uchun yer va’dasi tuman emas¸ viloyat hokimidan chiqqanini aytdi.

Va’da

“Yaqinda viloyat hokimi kelganda¸ shunaqa dedi. Uy-joy qurish uchun tenderda paxtaga chiqib¸ yaxshi terganlarga arzonga berilsin dedi. Har bitta mahallaga 50 tadan uyushmagan aholini paxtaga chiqarish rejasi berilgan. Ayrim mahallalardan 55-60 ta boraman degan chiqqan bo‘lsa¸ ayrimlaridan hech kim xohlamadi. Asosan uy-joydan qiynalib qolgan¸ ishsiz¸ daromadsiz oilalardan ketishdi. 80 foizi uyda o‘tirgan ayollar. Ularga ham imtiyoz va’da qilindi¸ ham har uch kunda tergan paxtasi pulini oladi. Hech kim ularni majburlayotgani yo‘q”¸ dedi tuman hokimligi mulozimi.

Va’daga vafo qilinishiga kafolat hozircha yo‘q

Ayni paytda¸ bu suhbatdosh¸ viloyat hokimi va’dasining Yakkabog‘da qanday amalga oshirilishi haqida hech qanday aniq ma’lumot yo‘qligini e’tirof etdi.

“Bu viloyat hokimining va’dasi. Bu odam xalqni aldamas har qalay. Odamlar unga ishonib ketdi. Agar bu yil aldasa¸ kelasi yil hech kim chiqmaydiku?!”¸ deydi hokimlik mulozim.

Qashqadaryo viloyat hokimligining Ozodlik suhbatlashgan rasmiysi¸ Zafar Ro‘zievning nafaqat Yakkabog‘¸ boshqa tumanlarda ham ayni va’dani berayotganini tasdiqladi.

“Hokim faqat yer emas¸ boshqa narsalar ham va’da qildi. Masalan¸ kimningdir uyida kasali bor¸ uni davolatishga pul topolmay yurgan bo‘lishi mumkin. Yoki qo‘lida diplomi bilan¸ ish topolmayotgan bo‘lishi mumkin. Ana shularga hokim yordam va’da qildi. Asosan¸ yeri ko‘p¸ lekin aholisi kam Kasbi¸ Mirishkor kabi tumanlarga boshqa tumanlardan ko‘ngillilarni yuborayapmiz. Odamlar o‘z xohishi bilan chiqayapti”¸ dedi viloyat hokimligi rasmiysi.

Ayni paytda¸ bu mulozim ham hokim va’dasini ijro etish mexanizmi qanday bo‘lishidan ko‘p ham xabardor emasligini e’tirof qildi.

“Qashqadaryoda yer ko‘p. Bu masalani tuman hokimlari o‘z resursidan chiqib hal etadi. Moddiy yordam kimning hisobidan berilishi paxta tugasa aniq bo‘lar”¸ dedi bu mulozim.

Aldagani bola yaxshi...

Yaqinlaridan biri hokimiyat va’dasiga ishonib¸ paxtaga ketgan qashqadaryolik tadbirkor Ozodlik bilan suhbatda¸ bunday baënotlarni “yosh bolaga xo‘rozqand va’da qilish” deb atadi.

“Bizning xalq juda sodda¸ ishonuvchan. Hokim nima desa¸ shunga ishonaveradi. Qarindoshlarimdan ham bittasi¸ “borma¸ aldayapti”¸ desak ham ketdi. Hozir va’dani beradi-da¸ paxta tugagandan keyin¸ har xil bahona topib¸ hech narsa bermaydi¸ deb o‘ylayman. Chunki birorta rasmiy qaror¸ dogovor yo‘q¸ qanday ishonishadi bu gapga¸ hayronman. Yer bo‘lsa¸ nimaga shu paytgacha bermading¸ ishni¸ pulni qaysi cho‘ntagingdan olib berasan¸ deb so‘rashmaydiyam biznikilar. Yomoni¸ bularni ko‘chadan ushlangan “Damas”larga solib¸ jo‘natishayapti. Bu shofyorning pravasi bormi¸ odam tashishga haqqi bormi-yo‘qmi¸ so‘rab ham o‘tirmayapti. Yo‘lda biror avariya bo‘lsa¸ yana kimlardir kuyib ketadi”¸ dedi Ozodlik suhbatlashgan mahalliy skeptiklardan biri.

"Aldashlarini bilamiz..."

Mehriniso o‘zi va o‘zi kabi cho‘l hududida og‘ir sharoitlarda paxta terayotganlarning aldanib qolish ehtimoli borligini bilishini aytadi.

“Uyimda kasal erimni¸ o‘g‘illarimni tashlab keldim paxtaga. Uydagilar¸ “aldaydi¸ mahallaqo‘m paxtaga borsang¸ 4 sotix yer imtiyozli narxda beriladi¸ deb tilxat yozib bersin¸ so‘ragin”¸ deyishdi. Hech kim¸ hech qanaqa yozma tilxat bermadi. Bizning pasport nusxalarimiz¸ yashash adresimizni yozib olishdi¸ ro‘yxat tuzishdi. Har kun qancha paxta terayotganimizni ham yozib borishayapti. Paxta tugasa¸ mahallaqo‘m hokimiyatga spravka berarkan. Shu oila ko‘ngilli bo‘lib paxtaga chiqdi¸ yerga¸ yordamga muhtoj¸ deb. Keyin yer berilar ekan”¸ deydi Kasbi dalasida paxta terayotgan Mehriniso.

Majburiylikdan rag‘batga o‘tish taktikasi

Zafar Ro‘ziev 21 sentabr tungi videoselektorda Bosh vazir Abdulla Aripov hokimlarga talaba va o‘quvchilar¸ o‘qituvchi va vrachlarni paxtadan qaytarib¸ paxta terishga uyushmagan aholini jalb etishni topshirishi ortidan xalqqa "shirinkulcha" va’da qilgan yagona hokim emas.

Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov 22 sentabr kuniyoq viloyat hokimligida o‘tkazilgan majlisda o‘z xohishi bilan paxtaga boradiganlarga imtiyozlar va’da qilgan edi.

O‘z chiqishida Abdurahmonov¸ xususan¸ ko‘ngilli ravishda paxtaga chiqqan ishsizlarga ish topib berish, tadbirkorga imtiyozli kredit¸ ayollarga esa¸ arzon uy va’da qildi.

Bir kun avval O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov paxta dalalaridagi talabalar, o‘qituvchi va shifokorlarni qaytarishga buyruq bergan edi.

Bu hokim ham o‘z va’dasining qay mexanizm asosida¸ qachon¸ qaysi resurslar hisobiga amalga oshishi haqida gapirmadi.

XS
SM
MD
LG