Линклар

2 oktabr - dushanba kuni Toshkentdagi banklarning valyuta ayirboshlash shohobchalarida jismoniy shaxslarga valyuta naqd ko‘rinishda sotilmayotgani xabar qilinmoqda. O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov 24 sentabr kungi hukumat yig‘inida 1 oktabrdan jismoniy shaxslarning chet el vayutasini naqd xarid qilishiga ruxsat berilishini aytgan edi.

Ozodlik mobil muxbirining xabar qilishicha, "Xalq banki", "Milliy bank", "Ipoteka bank" va boshqa banklarning valyuta ayirboshlash shohobchalarida chet el valyutalari jismoniy shasxlarga naqd sotilmayotir.

"Bizga hali sotuvga ruxsat kelmadi, deyishyapti bank xodimlari. Odamlar borgan, lekin naqd sotuv yo‘q hali ham. Qachon bo‘lishi ham noma’lum, deyishyapti. Lekin, odamlarning qo‘lidan dollarni sotib olayapti banklar", dedi ismini oshkor qilmayotganimiz mobil muxbir.

Ayni paytda buning sabablari ham ochiqlanmayotir. Jumladan, "Ipoteka bank"ining Ozodlik muxbiri bilan mikrofonsiz suhbatlashgan xodimi: "Hozircha bizga naqd sotilsin, degan prouchenie kelmadi, nega kelmaganii sababini ham bizga aytishmadi", deb javob berdi.

24 sentabr kuni Reuters agentligi Bosh vazir Abdulla Aripov hukumat joriy yilning 1 oktabridan boshlab, jismoniy shaxslarga chet el valyutasini naqd sotishga ruxsat berishini ma’lum qilganini yozgan edi.

O‘zbekistonda 5 sentabrdan boshlab, prezident imzolagan PF-5177-sonli farmon asosida, yuridik va jismoniy shaxslarning xorijiy valyutani tijorat banklarida sotish-sotib olishiga ruxsat berilgan, ammo jismoniy shaxslarning valyutani naqd emas, konversion bank kartalariga tushirib olishi hamda bu puldan faqat chet elda foydalanishi mumkinligi belgilangan edi.

2 oktabr kuni Toshkent shahridagi banklarda bo‘lgan toshkentlik iqtisodchi Toshbek ham jismoniy shaxslarga chet el valyutasi naqd ko‘rinishda sotilmayotganini aytdi.

Uning aytishicha, naqd valyutaga ehtiyoji bo‘lganlar hanuz valyuta "qora bozor"iga murojaat qilmoqda.

"Qora bozor" avvalgiday erkin emas, valyutafurushlarda cho‘chish bor. Ammo, bekitiqcha savdo qilishayapti. Albatta, bu bozor tezda yo‘q bo‘lib ketmaydi. Bunga ma’lum vaqt kerak bo‘ladi", deydi iqtisodchi Toshbek.

Quyida iqtisodchi bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin:

Joriy oyda O‘zbekiston Markaziy banki milliy valyuta – so‘mni deyarli ikki barobar qadrsizlantirdi. Ya’ni, 5 sentabrgacha 1 AQSh dollarining rasmiy kursi 4210 so‘m bo‘lgan bo‘lsa, o‘sha kuni 8100 so‘mga chiqdi.

Reuters agentligining xabar qilishicha, O‘zbekiston hukumati milliy valyuta devalvatsiyasi oqibatlarini yumshatish uchun Jahon banki bilan 1 milliard AQSh dollari miqdorida qarz olish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

O‘zbekiston hukumati bu pul bilan o‘zbek so‘mining keskin devalvatsiyasidan keyin ijtimoiy sohada yuzaga kelgan vaziyatni yumshatishni rejalamoqda.

XS
SM
MD
LG