Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:04

Qibraylik o‘qituvchi: Bu yil hasharchi yollash uchun 700 ming so‘mdan pul yig‘ildi


E’tiboringizga Toshkent viloyat, Qibray tumanida yashaydigan o‘qituvchidan kelgan xatni tahrirsiz havola qilayapmiz. Matn qisqartirilmadi, muallifning imlo va punktuatsiyasi saqlab qolindi.

***

Assalomu alaykum, hurmatli Ozodlik radiosi muhbirlari! Kamina kamtarin qulingiz oddiygina bir maktab o‘qituvchisiman. Sizlarga Qibray tumanidan yozmoqdaman. Ushbu yozganlarim kimlarningdir hamiyatiga tegib qolishi mumkinligini bilganim holda, xavfsizlik nuqtai nazaridan ismi sharifimni sir tutishni lozim topdim. Buni to‘g‘ri tushunasizlar degan umiddaman. Yo‘qsa sho‘rimga sho‘rva to‘kilib, “Trollar” izolyatoridanmi yoki boshqa joydanmi menga “propiska” qilib berishlari mumkin. Kamina mana ancha yildan beri maktabda ishlayotgan bo‘lsamda, shu kungacha qancha voqea-hodisalarning guvohi bo‘ldim. Shular to‘g‘risida to‘xtalmoqchiman. Demak, boshladik.

Bugungi ma’ruzamni “Kimga aza, kimga to‘y” deb nomladim. Xalqimizning ajoyib bir gapi bor: “Osmon yiroq, yer qattiq”. Juda topib aytilgan gap. Avvallari buni tushunmasdim. O‘qituvchi bo‘lgach tushundim. Bu gap ayni o‘qituvchilar uchun aytilgan bo‘lsa kerak.

Nimaki qilsang tilak, bariga o‘qituvchi kerak…

Hozirgi kunda o‘qituvchi jamiyatimizdagi “eng kerakli” shaxsga aylanib qoldi. Nimaki qilsang tilak, bariga o‘qituvchi kerak… yo‘g‘e, uzr adashdim. Sal boshqacharoq edi nazarimda. “Nimaki qilsang tilak, bariga o‘qish kerak”. Ha, endi to‘g‘ri bo‘ldi. endi boyagi gapga qaytsak, “Osmon yiroq, yer qattiq”. O‘qituvchilar shu qadar “kerakli” shaxsga aylandiki, bu ishlardan qochib berkinaman desangiz, joy topolmaysiz. Rahbarlar osmonga chiqsez oyog‘izdan, yerga kirsez qulog‘izdan tortib olmoqda. Qayoqqa qochishga hayronsiz. Tili boshqayu, dili boshqa bo‘lgan munofiq amaldorlaru, o‘z obro‘yini o‘ylaydigan rahbarlar, cho‘ntagini qappaytirish bilan ovora bo‘layotgan laganbardorlarni ko‘rsam kulgim keladi. Negaligini bilmadim.

Endi maqsadga o‘tsak. Bugungi asosiy masala “PAXTA”. Bugungi kunning dolzarb mavzusi ya’ni, O‘zbekistondagi dolzarb mavzu. Bu mavzu qizg‘in muhokama qilinmoqda. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, ojizlar muhokama qilmoqda, kuchlilar bu paytda ishini bitirmoqda. Kamina ham shu ojizlar qatorida.

Paxta milliy boyligimiz, iftixorimiz, uni vaqtida terib olish, nobud qilmaslik vazifamizdir. Paxta terishga hech qanday qarshiligim yo‘q. Chunki meni bobom ham paxta tergan, otam ham tergan, men ham teryapman, hudo xoxlasa, bolalarim ham tersa kerak.

Asosiy qonunimizda ham milliy boylikni asrab-avaylash fuqarolarning asosiy burchi ekanligi eslatib o‘tiladi. Bu masalada hech qanday muhokamaga o‘rin yo‘q. Lekin yaqinda bir narsani guvohi bo‘ldim.

Televizorga 4 ta aqlli chiqib olib, o‘qituvchilarni muhokama qilmoqda. emishki, jamiyatimizni rivojlantirish o‘z qo‘limizda, chetdan birov kelib bizga paxtamizni terib bermas yoki ko‘chamizni obodonlashtirib bermas ekan. Shuning uchun e’tiroz bildirmasdan obodonlashtirish-u, paxta terishda o‘qituvchi jonbozlik ko‘rsatishi kerak ekan. To‘g‘rida, o‘qituvchi axir fidoiy bo‘lsa.

Lekin o‘sha aqllilarga qarab bir gap aytgim keldi. O‘zingizchi? O‘zingiz ham obodonlashtirishda yoki paxta terishda qatnashasizmi? Nima uchun o‘zingiz shu gapga amal qilmaysiz? Axir, asosiy qonunimizning 18-moddasida: “O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy mavqei va ijtimoiy kelib chiqisidan qat’iy nazar qonun oldida tengdirlar” deb yozib qo‘yilganku. Yoki biz ijtimoiy tabaqalashgan jamiyat qurmoqdamizmi? Balki Qonunning shu moddasiga o‘zgartirish kiritish zarurdir. Shunda e’tirozu, muammolar bo‘lmasdi.

Bizning maktabda ishlaydigan o‘qituvchilardan bu yil hasharchi yollash uchun 700 ming so‘mdan pul yig‘ildi.

Lekin meni o‘ylantirayotgan narsa, masalaning boshqa tomonidir. Ya’ni paxtadan kim, qancha daromad ko‘rmoqda? Bizning maktabda ishlaydigan o‘qituvchilardan bu yil hasharchi yollash uchun 700 ming so‘mdan pul yig‘ildi. Ular ichida texnik xodimlar, farroshlar ham bor. Qisqasi o‘rta hisobda 20 mln. so‘m pul yig‘ildi. Mahalliy aholidan 10 ta hasharchini yollab, ishlatish uchun 1 oyga 10 mln. so‘m pul sarflanadi. Ya’ni, har biriga 1 mln. so‘mdan. Ularning yeb – ichishlari uchun yana 3 mln. so‘m, direktorning yo‘l harajatlari uchun 2 mln. so‘m. jami 15 mln. so‘m bo‘ldi. Yollangan 10 ta hasharchi kuniga o‘rtacha 80 kg.dan paxta tersa, 800 kg. bo‘ladi.

Hozirgi kunda 1 kg paxtaning narxi 500 so‘m bo‘lsa, bir kunlik paxtaning narxi 400 ming so‘mni tashkil qiladi. Taxminan 2 hafta davomida shuncha miqdorda paxta teriladi. Demak 1-terimda 6 mln. so‘m sof foyda. 2-terimda esa undan sal kamroq bo‘ladi. Bu pullar xar holda terimchilarga emas, direktorga nasib qiladi. Ana endi direktorning paxta mavsumida oladigan foydasini o‘zingiz hisoblab ko‘ring. Menimcha direktorlarni ushbu foydadan soliq to‘lashga majbur qilinsa, adolatdan bo‘lardi. Harna davlatimizga ozgina foyda bo‘lardi deymanda.

Ikkinchi masala, 1 kunlik paxta. Bir kunlik paxtaga butun tuman bo‘yicha taxminan 300 yoki 400 kishi keladi. Ularni paxtaga olib borish uchun esa, 20 transport vositasi kerak. Ya’ni marshrutkalar. Odam yig‘ilib, kolonna yurgunicha ertalabki 8 bo‘ladi. Paxtaga yetib borib, dalaga kirguncha esa soat 11 bo‘ladi. Borgan 300 ta odam kechgacha 2 ta telejkada paxta teradi. Ya’ni 8 yoki 10 tonna. Buni pulga chaqsak 5 mln so‘m bo‘ladi. Lekin shu paxta uchun jalb qilingan marshrutlar o‘z yo‘nalishida yursa, o‘rtacha 300 ming so‘mdan pul ishlaydi. Demakki 6 mln so‘m. Davlatga qancha foyda bo‘lishi mumkin edi.

Yaqinda Bosh vazirimiz tomonidan o‘qituvchi, shifokor va talabalarni paxtadan qaytarish bo‘yicha farmoyish berilgan edi. endi esa o‘qituvchi va shifokorlar yana paxtaga haydalmoqda.


3-masala esa, “Farmoyishi oliy”. Yaqinda Bosh vazirimiz tomonidan o‘qituvchi, shifokor va talabalarni paxtadan qaytarish bo‘yicha farmoyish berilgan edi. endi esa o‘qituvchi va shifokorlar yana paxtaga haydalmoqda. Xuddi dalada yomg‘irdan oldin mollarni iniga haydab kirib, quyosh chiqqach yana dalaga haydagandek gap.

Buni qandoq tushunish mumkin. Bosh Vazirimizning farmoyishlari, aytgan so‘zlari qaerda-yu hokimlarning qilayotgan ishi qaerda. Buni nima deb nomlash mumkin? Buni “Qaror boshqa, ijro boshqa” deb nomlasak to‘g‘ri bo‘lardi.

Ha, nima ham derdim. Kimga aza-yu, kimga to‘y. muhimi yurtimiz tinch bo‘lsin, yurtboshimiz omon bo‘lsinlar. Lekin o‘zboshimcha rahbarlar va hokimlarga qarata bir so‘z demoqchiman. Bu yurtga ko‘plar hokimlik qildi, ko‘plar kelib ketdi. Lekin shulardan sanoqlisigina yaxshi nom qoldirdi. Ana shu nomni aqllilar, laganbardorlar yoki munofiqlar emas, balki xalq, ha oddiygina xalq hozirgacha saqlab kelmoqda, avloddan-avlodga yetkazmoqda. Bu nomni bardavom, barhayot bo‘lishligida o‘qituvchilarning hissasi borligini unutmanglar. Agar ma’ruzam kimningdir nafsoniyatiga tekkan bo‘lsa, uzr so‘rayman.

XS
SM
MD
LG