Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:00

Prezident bayonotiga zid tarzda¸ maktab va kollej o‘quvchilari yana paxtaga chiqarildi


Ozodlik mobil muxbirlarining xabar berishicha, Qashqadaryo viloyatining Kasbi va Yakkabog‘ tumanlaridagi ba’zi maktablarning yuqori sinf o‘quvchilari 30 sentabrdan yana paxta terimiga chiqarilgan. Kollejlarning uchinchi kurs o‘quvchilari ham paxta terimiga haydalgan. Xalq ta’limi mutasaddilari bu xabarni na tasdiqladi va na inkor qildi.

Kasbi tumanidagi 55-umumta’lim maktabi o‘quvchilari paxta terayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan Ozodlikning mobil muxbiri o‘quvchilar bilan birgalikda o‘qituvchilar ham paxta terimiga chiqarilganini aytdi.

“O‘tgan shanba kuni, 30 sentabrdan boshlab maktablarning 8,9,10-sinf o‘quvchilari paxtaga chiqarildi. Bu sinflar uchun darslar tamoman to‘xtatildi. Mening akamning yuqori sinflarda o‘qiydigan ikki o‘g‘li ham paxtaga chiqayapti. Bu holat shu atrofdagi 6,4, 52-umumta’lim maktablarida ham kuzatilayapti. O‘quvchilardan mabodo biror begona kishi so‘rab qolsa, “darsimiz tushdan keyin yoki tushgacha, ota-onamizga yordam berish uchun chiqqanmiz”, deb aytish uqtirilgan”, dedi mobil muxbir.

Президент баëнотига зид тарзда¸ мактаб ва коллеж ўқувчилари яна пахтага чиқарилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:00 0:00
Бевосита линк

Ozodlik Kasbi tumani Xalq ta’limi bo‘limi mudiri To‘ra Shoymardanov bilan bog‘lanib, hukumat tomonidan taqiqlangani aytilgan maktab o‘quvchilarining yana paxta terimiga chiqarilganiga izoh berishni so‘radi.

Ozodlik muxbirining paxta haqidagi savolini eshitgan mudir¸ xabarni inkor qilmadi, ammo “uzr, vaqtim kamroq edi”, degan bahona bilan suhbatni uzib qo‘ydi.

To‘ra Shoymardonov takror qilingan qo‘ng‘iroqlarga boshqa javob bermadi.

Qarshidagi tibbiyot muassasalari xodimlari bilan Mirishkor tumaniga yuborilgan hamshira qiz Ozodlik bilan suhbatda o‘zi paxta terayotgan dalada yuqori sinf o‘quvchilari ham borligi haqida guvohlik berdi.

“Bu yerda ham 6-sinfdan yuqori maktab o‘quvchilari paxtaga chiqarilgan ekan. Darslar bo‘lmayapti ekan. Mana atrofimda hammasi paxta terishayapti. Telefonimda surat olib bo‘lmaydi, bo‘lmasa hozir olib yuborardim”, deydi Ozodlik suhbatlashgan hamshira.

Yakkabog‘ tumanining Madaniyat qishlog‘i mahalla faollaridan biri ham shaxsi sir qolish sharti bilan maktablarning yuqori sinf o‘quvchilari paxta terimiga chiqarilganini aytdi.

“Qishlog‘imizdagi 12-umumta’lim maktabining 5-sinfdan yuqori barcha o‘quvchilari dushanba kunidan boshlab paxta terimiga chiqarildi. 10 oktabrgacha paxtada bo‘ladi ekan”, dedi mahalla faoli.

Kollej o‘quvchilari ham paxtaga haydaldi

Ozodlik olgan ma’lumotlarga ko‘ra, Koson tumani Irrigatsiya va melioratsiya kollejining 3-bosqich o‘quvchilari 4 oktabrdan boshlab paxta terimiga chiqarilgan.

Buni ana shu kollejning o‘quvchilaridan biri Ozodlikka tasdiqladi.

“Bizning sinfdoshlar bugun yoppasiga paxtaga chiqarildi. Men darsga bormaganim uchun qoldim. Ertaga men ham chiqaman”, dedi o‘quvchi.

Yakkabog‘ tumanidagi kollejlardan birida ishlaydigan o‘qituvchi ismi sir qolish sharti bilan yuqori sinf o‘quvchilari vaqt-vaqti bilan paxta terimiga olib chiqilayotganini tasdiqladi.

“Kollejimiz 3-kurs o‘quvchilari 20,21,22 sentabr kunlari paxta terdi. Undan so‘ng, 24 sentabr kuni, barcha o‘qituvchilari bilan chiqarildi”, dedi o‘qituvchi.

Bosh vazirning gapi gap emasmi?

21 sentabr kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligida yarim tunda videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani va unda 22 sentabr soat 17:00ga qadar paxtaga jalb qilingan talabalar, o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlarini ortga qaytarish bo‘yicha topshiriq berilganligi haqida hukumat nashrlari xabar qilgan edi.

Bu topshiriq prezident Shavkat Mirziëev Nьyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh assambleyasi majlisidan qaytishi bilan berildi. O‘zbekiston prezidenti BMT minbaridan turib mamlakatda bolalar mehnati¸ majburiy mehnatga batamom barham berilgani haqida bayonot bergan¸ ammo o‘quvchi-talabalar¸ qolaversa¸ o‘qituvchi va shifokorlarning ayni bayonot qilingan kunda ham majburan paxta dalasida ekani xalqaro maydonda e’tirozga sabab bo‘lgan edi.

Bosh vazirning bu topshirig‘idan so‘ng, talabalar¸ o‘qituvchi¸ vrach va hamshiralar bir kun ichida o‘z o‘qish va ish joylariga ommaviy ravishda qaytarilgan edi.

Ob-havo soviy boshlagandan so‘ng paxta terimi rejasini bajarishi savol ostida qolgan viloyat va tuman hokimlarining o‘qituvchi va shifokorlarni turli tilxat va tahdidlar bilan paxtaga yuborish holatlari kuzatilmoqda.

Ozodlik suhbatlashgan hokimlik vakillari, byudjet tashkiloti xodimlari va o‘quvchi-talablarni majburiy mehnatga jalb qilish holatlari borligini muntazam inkor qilib keladi.

Paxta terayotgan o‘qituvchiyu shifokorlarning aytishlaricha, ulardan begona odam so‘rab qolgan taqdirda, ta’tilda yoki dam olish kuni bo‘lgani uchun, oilaviy byudjetini to‘ldirish maqsadida o‘z ixtiyori bilan terimga chiqqanligini aytish uqtirilgan, aks holda ishidan ajrash bilan po‘pisa qilinmoqda.

XS
SM
MD
LG