Линклар

HRW Mirziyoevni ikkita faolni ozod qilib¸ yana ikkitasini qamash siyosatini to‘xtatishga chaqirdi

  • Озодлик

“O‘zbekistonda ikki faol ozod etildi¸ boshqalar qamaldi” deb nomlangan bayonot e’lon qilgan Human Right Watch inson haqlari guruhi¸ huquq faoli A’zam Farmonov va jurnalist Solijon Abdurahmonovlarning ozod etilganini olqishladi¸ ayni paytda¸ 27 sentabr kuni hibsga olingan jurnalist Bobomurod Abdullaev va boshqa siyosiy mahkumlarni ham ozod etishga chaqirdi.

“A’zam Farmonov va Solijon Abdurahmonovlarning uzoq yillik haqsizlikdan so‘ng ozodlikka chiqarilishi ijobiy xabar¸ ammo siyosiy qamoqlar charxpalagi to‘xtashi lozim. Prezident Mirziyoev barcha siyosiy mahbuslarni ozod qilib¸ O‘zbekiston fuqarolarining tanqidiy fikrini tinch yo‘l bilan izhor etish kabi fundamental haqqini kafolatlashi lozim”¸ deyiladi tashkilotning Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlov chiqargan baënotida.

27 sentabr kuni O‘zbekiston MXX xodimalri tomonidan yashirin tarzda hibsga olingan Bobomurod Abdullaevga Internetda Usmon Haqnazarov taxallusi bilan “tuhmat maqolalar e’lon qilib¸ O‘zbekistonda qonuniy yo‘l bilan saylangan birinchi va amaldagi prezidentni hokimiyatdan noqonuniy vositalar bilan ag‘darishga uringanlik” aybi qo‘yilmoqda.

Human Right Watch bayonotida¸ Abdullaevga qo‘yilayotgan ayblarning siyosiy xarakterga egaligi taxmin qilinadi va Abdullaev¸ qolaversa¸ yozuvchi Nurullo Otaxonov kabi boshqa dissidentlarga qo‘yilayotgan 159-modda bo‘yicha ayblovlardan voz kechishga chaqiriladi.

“O‘zbekiston rasmiylari fundamental inson haqlaridan foydalanganlarga qo‘yilgan siyosiy xarakterdagi ayblovlardan voz kechib¸ bunday ayb bilan qamalganlarning hammasini ozod etishi kerak. Mirziyoev mamlakat huquq-tartibot tizimlariga fuqarolarning erkin fikrni tinch yo‘l bilan izhor qilish uchun jazolanmasligi haqida ochiq-tiniq mujda bermog‘i lozim”¸ deyiladi bosh qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan Human Right Watch tashkiloti 4 oktabr kuni e’lon qilgan bayonotda jumladan.

27 sentabr kuni Istanbuldan Toshkentga kelgan yozuvchi Nurullo Otaxonov Islom Karimov xalqaro aeroportida huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan qo‘lga olindi va to‘rt kun hibsda saqlanganidan so‘ng¸ 1 oktabr kuni ozod etildi.

Ayni paytda¸ Otaxonovga nisbatan 2017 yil 11 may kuni Yashnobod tumani IIB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi 1-qismi («O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish») hamda 244-1 moddasi, 3-qismi, «g» bandi («Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish, ommaviy axborot vositalari yoki telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek, internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib sodir etish») bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov ishlari davom etmoqda¸ uning pasporti olib qo‘yilgan.

2005 yil Andijon voqealaridan so‘ng O‘zbekistondan chiqib ketishga majbur bo‘lgan Human Rights Watch tashkilotining yaqin kelajakda O‘zbekiston ichkarisida o‘z faoliyatini qayta davom ettirishiga rasmiy izn berilishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG