Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:15

Uyini dollarga sotganlarni jazolash orqali ko‘chmas mulk bozorini so‘mga ko‘chirishmoqchi


Hukumat qisman valyuta konvertatsiyasi joriy etganidan so‘ng qora bozordagi valyutafurushlar huquq tizimlari nishoniga aylandi.
Hukumat qisman valyuta konvertatsiyasi joriy etganidan so‘ng qora bozordagi valyutafurushlar huquq tizimlari nishoniga aylandi.

Erkin konvertatsiya amaliyotining joriy etilishi va 50 ming so‘mlik yangi banknotaning muomalaga kiritilishi ortidan O‘zbekistondagi barcha to‘lovlarning so‘mda amalga oshirilishiga zarur sharoit yaratilganiga ishonayotgan mamlakat huquq tizimlari¸ 26 yildan beri asosan AQSh dollarida bo‘lib kelgan ko‘chmas mulk bozoridagi oldi-berdilarni o‘z yangi nishoniga aylantirishi mumkin.

“Ikkilamchi bozorda uy-joy va avtomashina oldi-sotdisi uchun hisob-kitoblarni xorijiy valyuta, asosan AQSh dollarida amalga oshirish deyarli barcha uchun odatiy holga aylanib qolgan.Xabarlarga ko‘ra, bundan buyon huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan shu kabi holatlarga qarshi jiddiy kurashiladi”¸ deb yozdi Kun.uz sayti 10 oktabr kuni.

Garchi bu Internet nashri “jiddiy kurash”ning qay ko‘rinishda bo‘lishiga aniqlik kiritmagan bo‘lsa-da¸ uning ham qora bozordagi valyuta savdogarlariga qarshi kurash shaklida bo‘lishi taxmin etilmoqda.

Shu kunlarda O‘zbekiston telekanallarida nazorat organlarining maxsus amaliyotlar natijasida “valyutchik”larni “jinoyat joyida” qo‘lga olayotgani tasvirga olingan videomateriallarni tez-tez ko‘rsatmoqda.

O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra¸ mamlakat hududidagi hisob-kitob va to‘lovlar¸ ayrim mustasnolardan tashqari¸ faqat so‘mda amalga oshirilishi shart. Uy-joy va mashina savdosi bunday mustasnolar ro‘yxatiga kirmagani bois¸ oldi-berdini dollar ( yoki rubl yoki evro)da qilish taqiqlangan.

O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining kuni-kecha rasmiy maqom berilgan lex.uz saytida 11 oktabr kuni ko‘rilgan variantida bunday qonunbuzarlik uchun birinchi marta quyidagi jazo belgilangan:

170-modda. Valyuta boyliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish

Valyuta boyliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish —valyuta boyliklarini musodara qilib, eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Lex.uz saytida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks ustiga “hozirgi vaqtda mazkur hujjatga o‘zgartirish kiritilmoqda”¸ deb yozib qo‘yilgan¸ ammo bu o‘zgarishning qaysi moddalarga tegishli bo‘lishi hozircha ochiqlanmagan.

Ayni paytda¸ O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining ayni qonunbuzarlik uchun jazoni ko‘zda tutuvchi 177-moddasiga joriy yilning 29 mart kuni tahrir kiritilgani va jazoning kuchaytirilganini ko‘rish mumkin.

Bu moddaga ko‘ra¸ “fuqarolarning qonunga xilof ravishda ancha miqdorda valyuta qimmatliklarini olishi yoki o‘tkazishi¸ shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa¸ eng kam ish haqining 75 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi."

Ayni harakat "juda ko‘p miqdorda yoki uyushgan guruh tomonidan¸ëki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa¸ eng kam ish haqining 200 baravaridan 500baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi."

(O‘zbekiston hududidagi eng kam ish haqi miqdori 149 775 so‘m qilib belgilangan).

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqay boshlagan xabarlarda ham¸ O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish tizimlarining shu kunlarda mazkur qonunchilik ijrosini ta’minlash ishiga jiddiy kirishaëtganidan ogohlantirish bor.

Garchi amaldagi qonunchilikka zid bo‘lsada ikkilamchi bozorda uy-joy va avtomashina oldi-sotdisi va hisob-kitoblar aksar xollarda valyutada amalga oshiriladi va bunga ko‘pchilik ko‘nikib qolgan. Bundan buyon mazkur holatga ham qarshi jiddiy kurashiladi. Ya’ni bunday bitimlar xuddi hozirda noqonuniy valyuta oldi-sotdisiga qarshi uzluksiz va tizimli qonuniy choralar ko‘rilayotgani singari doimiy ta’qib va nazoratga olinadi. Uy va mashina oldi-sotdisi bitimlarida milliy valyuta - so‘mda kelishuv tuzish ham mulkingizni, ham sarmoyangizni asraydi. Ogoh bo‘ling”¸ deyiladi Telegram tarmog‘idagi o‘zbekistonlik foydalanuvchilarga tarqatilgan xabarlardan birida.

Bozor hozircha o‘z qonunlari bilan ishlamoqda

11 oktabr kuni Ozodlik suhbatlashgan Toshkentdagi ko‘chmas mulk oldi-sotdisiga vositachilik qiluvchi bir necha agentlik xodimi¸ savdoning avvalgidek dollarda bo‘layotganini bildirdi.

Konvertatsiya ochildi¸ deyilganidan beri biror narsa o‘zgarganini ko‘rmadim. Oldi-sotdi¸ haliyam dollarda. Notariusda tasdiqlanadigan shartnomada¸ oldingidek¸ so‘mda ko‘rsatiladi. Lekin sotuvchi bilan oluvchining o‘zi kelishib¸ pulning asosiy qismini dollarda berishayati. Hozircha birovning ushlanganini ko‘rmadim¸ eshitmadim”¸ dedi Toshkentdagi yirik rieltorlik shirkati xodimi.

1-notarial idoraning Toshkent shahridagi tuman bo‘limlaridan biri xodimi¸ uy-joy va mashina savdosiga oid shartnomada narxning so‘mda ko‘rsatilishi bois¸ sotuvchi va oluvchining shartnomadan tashqaridagi kelishuviga notariuslar aralashmasligi va mas’ul emasligini ayta turib¸ savdoning asosan dollarda davom etayotganidan xabari borligini qo‘shimcha qildi.

Odamlar nega uyini so‘mda sotishni istamaydi?

Ozodlik muxbiri bu savolni 11 oktabr kuni bank xodimlari¸ maklerlar va notarius xodimlariga berdi.

Yillardan beri ikkilamchi uy-joy savdosiga vositachilik qilib kelayotgan makler¸ muammoning asl ildizi bank tizimining risoladagiday ishlamayotganiga borib taqalishini taxmin qiladi.

Odamlarda bank tizimiga ishonch yo‘q. Shuning uchun uyiniyam¸ mashinasiniyam asosan¸ dollarda sotadi va uyida saqlaydi. Bankka qo‘ygan pulini istagan paytida¸ istalgan shaklda – naqd yoki naqdsiz olishiga¸ uni istalgan paytda istalgan valyutasiga sarson bo‘lmasdan almashtirib olishiga ishonchi yo‘q. Uyni so‘mda sotdi ham deylik¸ banklar aholiga naqd valyutani erkin sotmayotgan bir paytda¸uni qaerda valyutaga aylantiradi? Uni konversion kartaga o‘tkazish uchun qancha ovora bo‘lish kerak. Shunga tinchgina¸ dollarda sotib qo‘yaqoladi-da!”¸ dedi Ozodlik suhbatlashgan maklerlardan biri.

Ozodlik suhbatlashgan toshkentlik iqtisodchilardan biri¸ O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan beri milliy so‘mning zahira valyutasiga aylana olmayotgani bois¸ qimmat oldi-berdilarning so‘mda qilinmasligini aytadi.

O‘tgan yilning shu davridagi 1 million so‘m bilan bu yilgi 1 million so‘mning qurbi o‘rtasidagi farq kamida ikki baravar! So‘m ikki baravarga qadrsizlandi. 26 yildan beri so‘m zahira valyutasiga aylana olmadi va yaqin kelajakda aylanishi ham qiyin. Bunday inflyatsiya zamonida kim o‘zi va bola-chaqasi moliyaviy xavfsizligining asosiy kafolati bo‘lgan ko‘chmas mulkini so‘mda sotib¸ so‘mda saqlaydi?”¸ deydi Ozodlik gaplashgan mutaxassislardan biri.

Ko‘chmas mulk bozoridagi savdoning so‘mga o‘tmagani va o‘tmayotgani sharhlagan yana bir bank xodimi¸ buning uchun “bank tizimiga, fiskal siyosatga ishonch bo‘lishi lozim. Hozircha unisiyam, bunisiyam yo‘q”¸ deya fikr bildirdi.

Bank-moliya tizimini isloh qilishdan ko‘ra¸ “alvasti ovlash” osonroq!

11 oktabr kuni Ozodlik suhbatlashgan mutaxassislar O‘zbekiston hukumatining ko‘chmas mulk va mashina bozoridagi oldi-berdini so‘mga o‘tkazishning iqtisodiy-moliyaviy mexanizmlari emas¸ balki aynan jazo usullarini qo‘llashga moyilligini aytishdi.

Ular fikricha¸ jazo mashinasini qo‘llash mamlakat moliya-iqtisodiy tizimida tub islohotlar qilishdan ko‘ra osonroq va qisqa muddat ichida “qisman natija” beradigan yo‘ldir.

Kimlardir illyustratsiya uchun “qora maskalilar” tomonidan bosiladi”¸ qanchadir dollar davlat xazinasiga musodara qilinadi¸ “milliy valyutani mensimaganlar” jazo oladi va bular xalqqa namoyish etiladi. Bu bozorni bir muddat hurkitib yuborishi mumkin. Lekin bu kabi jazo choralari bilan jarayonni to‘xtatish¸ hatto uni uzoq muddat nazoratga olish ham mumkin emas”¸ deydi Ozodlik suhbatdoshlaridan biri.

XS
SM
MD
LG