Линклар

Шошилинч хабар
15 декабр 2019, Тошкент вақти: 02:17

Andijondan 10 000 dan ziyod hasharchi poezdda Toshkent viloyatiga jo‘natildi


Andijon vokzalida terimchilar Toshkent viloyatiga poezdda paxtaga jo‘natilmoqda.

Andijon viloyatidan o‘qituvchi va shifokorlar dohil o‘n mingdan ziyod odam maxsus poezdlarda Toshkent viloyatining To‘ytepa, Bo‘ka, Chinoz tumanlariga paxta terimiga safarbar etildi. Terimchilar so‘nggi besh kun davomida “O‘zbekiston temir yo‘llari” shirkatining poezdlarida Toshkent viloyatiga tashilgan. Poezdlar terimchi tashishga jalb etilgani sabab Andijon-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lovchi poezdi qatnovi vaqtincha to‘xtatilgan.

Andijondagi byudjet tashkilotlar xodimlari, jumladan o‘qituvi va shifokorlar, mahalla aholisidan tashkil topgan maxsus otryadlar Toshkent viloyatiga poezdlarda paxta terimiga jo‘natildi.

Paxtaga sabarbar etilgan andijonliklardan biri terimchilarni poezdga chiqarish jarayoni aks etgan audioni Ozodlikka jo‘natdi.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:08 0:00
Бевосита линк

Andijon shahrida yashaydigan mahalla faollaridan birining Ozodlikka yozishicha, odamlarni poezdda Toshkent viloyatiga paxta terimiga jo‘natish hozir ham davom etyapti:

- 5 kun avval birinchi poezdda kamida 2 yarim ming odam ketdi, To‘ytepaga. Ular orasida o‘qituvchi va shifokorlar ham bor. Mahallalardan ham odamlarni yig‘ib, olib ketyapti. Shunday poezd har kuni Andijondan Toshkent viloyatining Bo‘ka, Chinoz, To‘ytepa tumanlariga terimchi tashiyapti. Ularda paxta ko‘p ekan, terimchi oz ekan. Hokimlikdagilarning aytishicha, Toshkent viloyati Andijondan jami 16 ming terimchi so‘rabdi, - deydi andijonlik mahalla faoli.

Andijon vokzalidan har kuni 2 mingdan ziyod terimchi Toshkent viloyatiga poezdda jo‘natilmoqda.
Andijon vokzalidan har kuni 2 mingdan ziyod terimchi Toshkent viloyatiga poezdda jo‘natilmoqda.

Andijon viloyat hokimligi rasmiylari esa, mahallama-mahalla yurib, kimda-kim paxtaga bormasa, qishda uylariga gaz ballonlari berilmasligi haqida ogohlantirgan.

- Qo‘shnilarimiz hammasi paxtaga ketdi, chunki uyma-uy yurib ro‘yxatga olyapti. Hokimlik vakillari “bormasang, qishda gaz ballon mana olasan”, deb mushtini ko‘rsatyapti. 10 kunga yotog‘i bilan olib ketyapti Bo‘kaga, - dedi Andijonning Dehqonobod mahallasida yashovchi onaxon.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” shirkatining Andijon bo‘limida ishlaydigan temiryo‘lchining Ozodlikka aytishicha, hasharchilar maxsus eshelonlarda va yo‘nalishli poezdlarda tashilmoqda:

- So‘nggi 5 kun davomida 4 ta maxsus eshelon jo‘natildi. Asosan To‘ytepa va Bo‘kaga. Poezd qatnovini Toshkent viloyat hokimligi tashkillashtirdi, terimchilarning yo‘lkirasi hokimlik hisobidan bo‘lyapti, - dedi temiryo‘lchi.

Andijondan Toshkentga yo‘lkira ikki baravar qimmatladi

Poezdlar terimchi tashishga jalb etilgani sabab Andijon-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lovchi poezdi qatnovi vaqtincha to‘xtab qolgan.

Andijondan Toshkentga taksi yo‘lkirasi esa ikki baravar oshgan.

- Andijondan Toshkentga mashina yo‘lkirasi 35-40 ming so‘m edi 70 ming so‘m bo‘lib ketdi. U yoqdan kelish 100 ming so‘mdan ko‘p. Chunki poezd to‘xtab qoldi. Poezdda odam tashimayapti, hasharchi tashiyapti, - deydi andijonlik kirakash.

Bundan oldin Farg‘ona viloyatidan 16700, Namangan viloyatidan 1900 va Surxondaryo viloyatidan 14900 nafar hasharchi paxta terish uchun Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Jizzax viloyatlariga maxsus poezdlarda tashilgani haqda xabar bergan edik.

O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripovning shaxsan topshirig‘i bilan aholisi ko‘p bo‘lgan vodiy viloyatlarining korxona va tashkilotlar ishchi-xizmatchilari, uyushmagan aholi hisobidan hasharchilar otryadlari tashkil etildi.

O‘zbekistonda shu paytgacha o‘n minglab hasharchilarni ommaviy ravishda boshqa viloyatlarga poezdlarda olib borish kuzatilmagan edi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 20 sentabr kuni BMTda qilgan chiqishida majburiy mehnatga batamom barham berilgani haqida baënot bergan edi.

Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov esa 22 sentabr kuni viloyat hokimligida o‘tkazilgan majlisda maktab va kollej o‘qituvchilari, o‘quvchi va talabalari hamda tibbiyot xodimlarining dala mehnatiga jalb etilishi jinoyat ekani, bunday hol aniqlangan taqdirda xodimlarni dalaga chiqargan rahbarlar nafaqat lavozimidan ayrilishi, balki jinoiy javobgarlikka tortilishi haqda ogohlantirgan edi.

XS
SM
MD
LG