Линклар

Шошилинч хабар
06 декабр 2019, Тошкент вақти: 08:36

Chechenistonda talabalar yoppasiga... futbolga safarbar qilinmoqda


Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Grozniydagi "Ahmad Arena" stadionida. 2017, 7 oktabr

Chechenistonda hokimiyat mulozimlari respublika markazi – Grozniy shahridagi oliy o‘quv yurtlari rahbariyati va talabalari bilan uchrashuvda ularni “Ahmad” futbol klubi o‘yinlarini borib ko‘rish talab darajasida bo‘lmagani uchun “katta muammolar” bo‘lishidan ogohlantirdi.

Bu haqda “Kavkazskiy uzel” saytiga 14 oktabr kuni Checheniston davlat universitetining majlislar zalida o‘tkazilgan uchrashuv ishtirokchilaridan biri aytib bergan.

13 oktabrda “Ahmad” klubi Moskvaning “Spartak” jamoasi bilan o‘yinda 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lgan edi.

Talabalardan birining aytishicha, 14 oktabr kungi uchrashuvda Checheniston davlat universiteti rektori Zaurbek Saidov, shuningdek, Neft universiteti va Pedagogika universiteti rektorlari, fakultetlar dekanlari ishtirok etgan.

Checheniston hukumati mulozimi Grozniy futbol klubi o‘yinlarini tomosha qilishga bormaganlarni vatanparvar emaslikda ayblagan va uning so‘zlariga ko‘ra, “barcha yaramaslarga” o‘qishdan haydash bilan tahdid qilgan.

Checheniston davlat universiteti rektoriga esa, talabalarning stadionga borishini ta’minlamasa, ishdan haydalishini aytgan.

“Kavkazskiy uzel” yana bir suhbatdoshiga tayanib yozishicha, hukumat mulozimi oliy o‘quv yurtlari rahbarlaridan “Ahmad” klubining Dog‘istonning “Anji” klubi bilan 30 oktabrga rejalashtirilgan o‘yiniga 100 foizlik davomatni ta’minlashni talab qilgan.

Grozniydagi "Ahmad-Arena" stadioniga talabalarning borishini nazorat qilish uchun har bir talabaga bittadan o‘rindiq biriktirib qo‘yilgan va o‘rindiq nomeri talabaning talaba biletiga yozib qo‘yilgan.

Bundan oldin talabalar Grozniydagi "Rubin" klubi bilan o‘yinga borishga majburlangani to‘g‘risida shikoyat qilgan edi. Klubning bosh direktori Ahmad Aydamirov bu ma’lumotni bo‘lmag‘ur gapdeb atagan edi. O‘shanda "Ahmad" klubi g‘alaba qilgan edi.

Grozniydagi "Terek" futbol jamoasi Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning otasi Ahmad hoji Qodirovning otasi sharafiga “Ahmad”, deb atalgan.

Ahmad Qodirov 2004 yil, 9 may kuni Checheniston markazi Grozniy shahri stadionida bayram tadbiri o‘tkazilayotgan paytda amalga oshirilgan terroristik huruj qurboni bo‘lgan.

1976 yil, 5 oktabrda tug‘ilgan Ramzan Qodirov 2007 yil 5 aprelidan buyon Checheniston rahbaridir.

O‘zini prezident Putinning “sodiq askari” deb ataydigan Ramzan Qodirov turli bayonot va aksiyalari tufayli musulmonparvar sifatida tanilgan.

Rossiyalik inson huquqlari faollari Qodirovni Chechenistonni inson huquqlarini o‘ta qo‘pol tarzda buzish evaziga boshqarib kelayotganlikda, ayblab keladi. Ularning fikricha, jurnalist Anna Politkovskaya, siyosatchi Boris Nemsovlarning o‘ldirilishi izi ham aynan Checheniston va Ramzan Qodirovga olib borishi mumkin.

XS
SM
MD
LG