Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:02

N. Otaxonov: “Bu kunlar”imni Matbuot agentligi “ekstremistik” deb topganini eshitdim


Yozuvchi Nurullo Otaxonovning Ozodlikka norasmiy manbalarga tayanib aytishicha¸ uning "Bu kunlar" kitobi Matbuot va axborot agentligida uch marta muhokama qilingan va 30 oktabr kuni kitobda “konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz” borligi to‘g‘risida rasmiy xulosa chiqarilgan. Toshkent IIBB Tergov boshqarmasining Otaxonov ishiga bevosita aloqador mutasaddisi​ Ozodlikning "Bu kunlar" ekspertizasiga oid savolini javobsiz qoldirdi.

Matbuot va axborot agentligi o‘tkazgan ekspertiza 27 sentabr kuni Istanbuldan Toshkentga uchib kelishi bilan Toshkent aeroportida hibsga olinib, 1 oktabr kuni ozod etilgan taniqli yozuvchining kitobi ustidan o‘tkazilgan ikkinchi ekspertizadir.

"Qo‘shimcha ekspertiza"

Nurullo Otaxonovning 31 oktabr kuni Ozodlik bilan suhbatda aytishicha¸ 1 oktabr kuni ozodlikka chiqarilganidan beri o‘tgan vaqt ichida so‘roqqa chaqirtirilmagan¸ 15 kuncha avval pasporti qaytib berilgan:

- Shundan keyin bemalol vodiyga borib keldim¸ kecha Jizzaxga ta’ziyaga borib qaytdim¸ harakat erkinligimga hech qanday to‘siq yo‘q¸ degan yozuvchi¸ ayni paytda tergov bilan aloqador ayrim norasmiy xabarlar o‘zida hayrat va xavotir uyg‘otganini aytadi:

- O‘tgan bir oy ichida menga ham¸ advokatimga ham tergovga oid biror rasmiy xabar berilmadi. Pasportimni olishga borganda¸ kitoblaringiz ekspertizaga berilgan¸ xulosasi chiqsa¸ xabar qilamiz¸ deyishgandi. Ammo norasmiy xabarlarga ko‘ra¸ “Bu kunlar” kitobim Matbuot va axborot agentligida uch marta muhokama qilinibdi. 24 oktabr kungi muhokamada MXXdan kelgan rasmiylar ekspert komissiyasiga¸ bu kitob haqida avvalgi xulosani chiqarib bering¸ degan topshiriq beribdi. Kecha¸ 30 oktabr kuni komissiyaning uchinchi yig‘ilishida hamma bir ovozdan shu xulosani tasdiqlab¸ kitobda davlat to‘ntarishiga chaqiriq bor¸ degan xulosani tasdiqlabdi. Bilgan joyim shu yergacha¸ boshqa narsa bilmayman. Toshkentda ekanimni bilib turishganiga qaramay¸ meni chaqirtirishmadi ham¸ bildirishmadi ham¸ deydi Nurullo Otaxonov.

31 oktabr kuni O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining Ozodlik bog‘langan bir emas¸ uch rasmiysi¸ bunday muhokamalar bo‘lib o‘tgani va unda Nurullo Otaxonov aytgan xulosaga kelinganiga oid ma’lumotni na tasdiqladi va na inkor qildi. Uchala rasmiy ham birdek “bunday yig‘ilishda bevosita qatnashmagani va undan bexabar”ligini aytish bilan cheklandi.

Ayni paytda¸ Toshkent IIBB Tergov boshqarmasining Otaxonov ishiga bevosita aloqador mutasaddisi ham Ozodlik bilan suhbatda yozuvchi kitob ustidan yangi ekspertizaning qaysi idoraga topshirilgani va uning qaysi bosqichda ekaniga oid savolini javobsiz qoldirdi.

"Ayblov asosi"

Prezident Shavkat Mirziyoev chaqiriqlaridan ruhlanib¸ Turkiyadagi muhojiratdan qaytgan yozuvchi Nurullo Otaxonovning Toshkent aeroportida hibsga olinishi¸ ijtimoiy tarmoqlardagi faol o‘zbekistonliklar orasida e’tirozga sabab bo‘lgan edi.

Ham mamlakat ichkarisi¸ ham xalqaro maydonda bildirilgan tanqid va prezidentga qilingan chaqiriqlar ortidan yozuvchi ozod qilingan bo‘lsa-da¸ Otaxonovga nisbatan 2017 yil 11 may kuni Yashnobod tumani IIB tomonidan ochilgan ish yuzasidan tergov jarayoni davom etmoqda.

Yozuvchi¸O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi 1-qismi («O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish») hamda 244-1 moddasi, 3-qismi, «g» bandi («Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish, ommaviy axborot vositalari yoki telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek, internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib sodir etish») bo‘yicha ayblanmoqda.

Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi boshlig‘i Doniyor Toshxo‘jaev Nurullo Otaxonov ishi yuzasidan bergan bayonotida¸ “barcha zarur tergov tadbirlari o‘tkaziladi, agar zarurat tug‘ilsa, qo‘shimcha ekspertiza belgilanadi”¸ deya ma’lum qilgan edi.

Ayni paytda¸ “qo‘shimcha ekspertiza” chiqaradigan xulosaning tergov jarayonidagi salmog‘i¸ uning yo‘nalishiga qanday ta’sir ko‘rsatishi haqida rasmiy izoh berilganicha yo‘q.

Joriy yil boshida “Bu kunlar” kitobini ekspertizadan o‘tkazgan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari qo‘mitasi chiqargan xulosaga ko‘ra, kitobda «ekstremistik» g‘oyalar mavjud¸ deb topilgan edi.

"So‘nggi umid - prezidentdan!"

23 oktabr kuni yozuvchi Nurullo Otaxonov Facebookdagi sahifasida¸ o‘zining hibsdan ozod etilishi bevosita prezident Shavkat Mirziyoev topshirig‘iga ko‘ra amalga oshgani haqida bildiruv yozib¸ prezidentga minnatdorlik bildirgan edi.

"Tashvishli kunlarim menga joni-dili bilan qayishgan do‘stlarimdan biri bugun tilpon qildi. Odamni to‘lqinlantirib yuboradigan bir-ikki xabar aytib qoldi. Mening ishimga shaxsan Prezident aralashibdi! Qamoqdan shoshilinch chiqarilishim bevosita u kishining tashabbusi ekan!

To‘g‘risi, ilk kundanoq men buni taxmin qilgan edim. Ammo qo‘limda aniq bir bilgi bo‘lmagani uchun to shu kungacha indamay keldim. Do‘stimning qat’iy ishonch bilan aytgan gapi mening taxminimni ham qat’iy ishonchga aylantirdi. Ko‘nglim ko‘tarildi. Hozircha “Ish”im to‘la yopilmagan, kelajak taqdirim hali uncha oydin emasa-da, oldindan o‘zim va oilam nomidan mamnuniyat va tashakkurlarimni bildirib qo‘ygim keldi. Olloh rozi bo‘lsin!" deb yozdi Nurullo Otaxonov qo‘shimcha ekspertizaga oid tafsilotlar xabarini olishi arafasida.

Ozodlik bilan suhbatda ham ushbu fikrlarni ta’kidlagan yozuvchi¸ bir ijodkor va uning romanini jinoyatga bog‘lash jarayoniga yana bevsoita prezident aralashuvi nuqta qo‘yishiga umid bildirdi.

Yozuvchi bilan suhbatni to‘lig‘icha quyida tinglashingiz mumkin.

Н. Отахонов: “Сўнгги умидим президентдан!"
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:20:22 0:00
Бевосита линк


XS
SM
MD
LG