Линклар

Ozodlikning Andijonda o‘quvchilarning paxta terayotgani xabarini huquq faoli isbotlab keldi

  • Садриддин Ашур/Озодлик

Andijon viloyati Ulug‘nor tumanidagi 13-maktab o‘quvchilari o‘qituvchilari nazoratida paxtaga ketmoqda. 3 noyabr, 2017 yil.

Ozodlikning Andijon viloyatida quyi sinf o‘quvchilari ham paxtaga chiqarilayotgani xabari ortidan inson huquqlarini himoya qilish Alyans tashkiloti faoli Yelena Urlaeva viloyatda bo‘lib, u erdagi vaziyat bilan tanishib qaytdi. Ulug‘nor va Baliqchi tumanlarida quyi sinf o‘quvchilarining paxta terayotganini suratga tushirgan huquq faolining aytishicha, bolalarni o‘qituvchilarning o‘zlari dalaga olib chiqyapti. Ozodlik bir hafta avval Baliqchi tumani quyi sinf o‘quvchilari paxtaga chiqarilgani haqida xabar bergan edi.

Ulug‘nor tumanida o‘quvchilar sumkalari bilan paxta teryapti
Ulug‘nor tumanida o‘quvchilar sumkalari bilan paxta teryapti

​Inson huquqlarini himoya qilish Alьyans tashkilot faoli Yelena Urlaeva 3 noyabr kuni Andijon viloyatining Ulug‘nor va Baliqchi tumanlarida maktab o‘quvchilari paxta terimiga chiqarilayotganiga o‘zi guvoh bo‘lganini Ozodlikka aytdi:

- Ozodlikning Andijonda o‘quvchilar paxta teryapti degan xabaridan so‘ng men u yerga bordim. Men Ulug‘nor tumanidagi 13-maktab, 3-sinf o‘quvchilarining o‘qituvchilari hamrohligida maktabdan chiqib paxta terimiga olib ketilayotganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Soat 11 edi. Men ularni paxta dalasigacha kuzatib bordim. Suratga ham tushirdim. O‘quvchilar paxta terishni boshlaganda, men borib o‘qituvchilariga “bu noqonuniy, o‘quvchilarni paxtaga chiqarish mumkin emas”, deb baqirdim. Keyin ularning hammasi daladan qochib ketdi, deydi huquq faoli.

O‘qituvchilarning o‘zlari o‘quvchilarni paxta terimiga olib ketmoqda
O‘qituvchilarning o‘zlari o‘quvchilarni paxta terimiga olib ketmoqda

​Yelena Urlaeva boshqa paxta maydonlarida ham o‘quvchilarni ko‘rganini aytar ekan, ularning ba’zilari darsga olib boradigan so‘mkasi bilan paxta terimiga chiqqanini aytadi:

- Dalada paxta qolmagan, chanoqlarda bor xolos. Bolalar ko‘m-ko‘k ko‘saklarni chuvib ho‘l paxtani ajratib olyapti. Bilasizmi, kichkina-kichkina bolalar zovurdagi omonat yog‘och ko‘prikdan o‘tishadi ekan, ular yiqilib ketishi ham mumkin edi. Ular bilan gaplashsam, o‘qituvchilari kamida ikki-uch kilo paxta topib kelishni buyurgan ekan, deydi Yelena Urlaeva.

Yelena Urlaeva paxtaga chiqarilgan o‘quvchi bilan
Yelena Urlaeva paxtaga chiqarilgan o‘quvchi bilan

​Ozodlik Ulug‘nor tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri Sultonposhsha Ahmadova bilan bog‘lanishga harakat qildi, lekin mudir qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

Dalada paxta qolmagan bo‘lsa ham o‘quvchilardan paxta topib kelish so‘ralyapti
Dalada paxta qolmagan bo‘lsa ham o‘quvchilardan paxta topib kelish so‘ralyapti

Huquq faoli Yelena Urlaeva Baliqchi tumanida ham maktab o‘quvchilarining terimga chiqarilganiga guvoh bo‘lganini aytdi:

- Baliqchi tumanidagi paxta dalasida 1-maktabning beshinchi sinf o‘quvchilarini ko‘rib suhbatlashdim. Ularning aytishlaricha, maktab direktori Sayyora Xonkeldieva ularni paxta terishga majburlagan. O‘quvchilar kamida ikki kilo paxtasiz darsga kelishi mumkin emas ekan, deydi Yelena Urlaeva.

Ozodlik bir hafta avval Andijon viloyatining Baliqchi tumanida quyi sinf o‘quvchilari paxtaga chiqarilayotgani haqida xabar bergan edi.

Baliqchi tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri Nurxon Hamidova Ozodlik bilan suhbatda o‘quvchilarning paxta terib kelayotgani aks etgan suratlarni inkor qilishga harakat qilgan edi:

“Shunga ishondilaringmi? Endi suratni hozir kompьyuterda ishlashi mumkin, fotoshop qilishi mumkin. Jurnalistlar endi sizlar shunga ishonib tursalaring, demak, hech kimga ishonish mumkin emas ekanda”, dedi mudira.

Yelena Uraleva Ozodlikka taqdim etgan suratlarda esa maktab o‘quvchilarining o‘qituvchilari nazoratida paxta terimiga ketayotgani va bolalarning so‘mkalari bilan paxta dalasida ekanligi aks etgan.

Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov 22 sentabr kuni viloyat hokimligida o‘tkazilgan majlisda maktab va kollej o‘qituvchilari, o‘quvchi va talabalari hamda tibbiyot xodimlarining dala mehnatiga jalb etilishi jinoyat ekani, bunday hol aniqlangan taqdirda xodimlarni dalaga chiqargan rahbarlar nafaqat lavozimidan ayrilishi, balki jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirgan edi.

“Bugundan boshlab Andijon viloyati bo‘yicha, chunki men Andijon bo‘yicha javob beraman, 18 yoshga to‘lmagan fuqaro, byudjet tashkiloti xodimlari, asosan maktab o‘qituvchilari, o‘quvchilari, xodimlari, tibbiyot xodimlari, vrachlar, hamshiralar, kollej xodimlari, o‘qituvchilari, o‘quvchilari, shularni birortasi dalaga chiqishi bu jinoyat. Va oliy o‘quv yurti talabalari va o‘qituvchilari ham bunga kiradi. Qaysi tumanda, qaysi sektorda mana shu toifa odamlar paxta terib yurgani aniqlansa rahbariga nisbatan nafaqat lavozimidan ketish balki jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantiraman”, - degan edi Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov.

Ozodlik shu paytgacha Andijon viloyatida o‘qituvchi va shifokorlarning paxta terimiga majburan jalb etilayotgani haqida o‘nlab maqola chop qilgan bo‘lsa ham, biroq shu paytgacha biror amaldorning jinoiy javobgarlikka tortilgani haqida xabar olgani yo‘q.

XS
SM
MD
LG