Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:36

Vazir muovini ilk bor huquq himoyachilari bilan majburiy mehnatni muhokama qildi


O‘zbekiston. Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri muovini Erkin Muhiddinov (chapdan beshinchi) majburiy mehnat masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv ishtirokchilari orasida. 2017, 13 noyabr
O‘zbekiston. Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri muovini Erkin Muhiddinov (chapdan beshinchi) majburiy mehnat masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv ishtirokchilari orasida. 2017, 13 noyabr

Xalqaro mehnat tashkilotining (XMT) Toshkentdagi ofisi 13 noyabr kuni uyushtirgan davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari mahalliy inson huquqlari himoyachilari bilan majburiy mehnat bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qildi.

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan inson huquqlari himoyachilari XMTda o‘tkazilgan uchrashuvni, unda hukumat mulozimi qatnashgani uchun, “tarixiy” uchrashuv, deb atadi.

Fuqarolarni majburiy mehnatga, xususan paxta terimiga jalb etish faktlarini qayd etib kelayotgan inson huquqlari himoyachilari taklif etilgan davra suhbatiga Jahon banki, xalqaro Human Rights Watch tashkiloti vakillari ham qatnashdi, deb xabar qildi suhbatda ishtirok etgan Yelena Urlaeva.

Voyaga yetmaganlarni paxta terimiga jalb etish holatlarini yillardan buyon jamoatchilikka oshkor qilib kelayotgan “Qo‘rqmaslar” guruhi a’zosi Yelena Urlaevaning aytishicha, uchrashuvga vazir o‘rinbosari Erkin Muhiddinovning qatnashishi tadbir uyushtiruvchilari uchun ham kutilmagan yangilik bo‘lgan:

- Mehnat vaziri o‘rinbosarining kechagi uchrashuvga kelishi uyushtiruvchilarning o‘zlari uchun ham kutilmagan ish bo‘ldi. Tadbir boshlanishiga 15 minut qolganida uyushtiruvchilar bizdan “hukumat vakili ham keladi, qarshimasmisizlar”, deb so‘radi. Biz, albatta, kelishsin, dedik, - dedi Yelena Urlaeva.

Uning aytishicha, uchrashuvda jizzaxlik, buxorolik, xorazmlik, qoraqalpog‘istonlik inson huquqlari himoyachilari qatnashib, o‘z viloyatlaridagi majburiy mehnat bilan bog‘liq vaziyat to‘g‘risida ma’lumotlarini o‘rtoqlashgan.

Davra suhbatida qatnashganlardan biri, xorazmlik Hayitboy Yoqubovning fikricha, bu yil Xorazmda majburiy mehnatga jalb etish holatlari so‘nggi yillardagidan biroz ozroq kuzatildi. Fikriga dalil sifatida u o‘quv yurtlari talabalarining hukumat raisi talabi bilan paxta terimidan qaytarilganini esladi.

Yoqubovning aytishicha, vazir o‘rinbosari Erkin Muhiddinov inson huquqlari himoyachilarining majburiy mehnat faktlari haqidagi signallarini, majburiy mehnat muammosi mavjudligini tan olgan.

Yelena Urlaevaning aytishicha, davra suhbatida ishtirok etgan inson huquqlari himoyachilari vazir o‘rinbosari bilan bo‘lgan muloqotdan qoniqish tuygan:

- Hukumat bizga quloq sola boshlaganidan, albatta, hursandmiz. Lekin prezident Mirziyoev buyurmasa, bunday muloqot bo‘lmas edi, dedi Urlaeva.

Uning aytishicha, davra suhbati ishtirokchilari – inson huquqlari himoyachilari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Erkin Muhiddinov majburiy mehnatga barham berish yo‘lida o‘zaro ishonch asosidagi muloqot va konstruktiv takliflar yordamida hamkorlik qilishga kelishib olgan.

Davra suhbatini uyushtirgan Xalqaro mehnat tashkilotining Toshkentdagi ofisidan ham, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligidan ham 13 noyabr kungi uchrashuv yuzasidan sharh olishning imkoni bo‘lmadi.

Qarorgohi Berlinda joylashgan “O‘zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumi” bir necha yildan buyon O‘zbekistondagi majburiy mehnat muammosini o‘rganib keladi. Tashkilot vakili Umida Niyozova Ozodlik bilan suhbatda bu yilgi paxta mavsumini avvalgi yillardagiga qiyoslar ekan, o‘quv yurtlari talabalari mavsum boshidayoq daladan qaytarilganini e’tirof etdi. Biroq uning fikricha, bu yilgi mavsumda “ikkiyuzlamachilik” hukm surdi:

- Bu yilgi kampaniya ikkiyuzlamachilik bilan ajralib turdi. Odamlarni paxta terishga majburlash o‘rniga ulardan pul yig‘ish afzal ko‘rildi. Bu gapni o‘zimiz o‘tkazgan ko‘plab intervyular asosida bamalol ayta olamiz. Odamlardan mardikor yollash uchun pul yig‘ish holatlari juda ko‘p kuzatildi, dedi Umida Niyozova.

13 noyabr kungi uchrashuv to‘g‘risida fikr bildirar ekan, Umida Niyozova hukumat vakilining inson huquqlari himoyachilari bilan bir davrada o‘tirib, majburiy mehnat masalasini muhokama qilishini olqishladi:

- Lekin, - dedi Niyozova, - bu uchrashuv o‘z-o‘zidan muammoni hal qilib qo‘ymaydi. Keyingi paytlarda O‘zbekiston hukumati xalqaro tashkilotlarga o‘zining progressiv ekanligini namoyish qilishga urinayapti. Bu uchrashuvni ham o‘sha urinishning bir ko‘rinishi deyish mumkin. Har holda, bu uchrashuvdan so‘ng qandaydir amaliy qadamlar tashlanadimi, yo‘qmi – shunga qarab xulosa qilish to‘g‘ri bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG