Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:35

Tojikistonda barcha radiolarga prezident kitoblarini o‘qib eshittirish buyurildi


Imomali Rahmon
Imomali Rahmon

Tojikiston davlat teleradio qo‘mitasi qaroriga binoan, joriy haftadan boshlab mamlakatdagi davlatga qarashli va xususiy radiostansiyalar prezident Imomali Rahmonning kitoblarini audio shaklda eshittirishni boshlaydi. Qaror talablarini ijro etmagan radiostansiyalar faoliyati to‘xtatiladi.

Tojikiston davlat radiosi raisi Farrux Ziyoevning Ozodlik radiosiga aytishicha, bu tadbir “mamlakat vatandoshlari orasida o‘z-o‘zini anglash va vatanparvarlik tuyg‘usini yuqori darajaga chiqarish” maqsadini ko‘zlab yo'lga qo‘yilmoqda.

Uning bildirishicha, prezident Rahmonning kitoblarini o‘qib eshittirish uchun xushovoz aktyorlar va san’atkorlardan iborat 10 kishilik guruh tuzilgan.

Imomali Rahmon asarlarida, asosan, o‘tmish va bugungi kunda millat taqdiriga ta’sir etayotgan siyosiy jarayonlar haqida so‘z boradi. “Oriyondan Somoniyongacha” va “Tojikiston tarix ko‘zgusida” asarlari shular jumlasidandir.

Imomali Rahmon qalamiga mansub kitoblar soni 20 dan oshgan.

Bu kitoblarning hammasi u hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng bitilgan.

Tiraji 50 mingdan 200 ming donagacha bo‘lgan bu asarlar juda yuqori sifatli qog‘ozda va diqqatni tortuvchi muqova hamda nom bilan chop etilgan.

Tojikistondagi xususiy radiolardan biri mas’ul xodimining Ozodlik radiosiga aytishicha, Prezident Rahmon kitobining audiosi uzun va zerikarli bo‘lib, bunday eshittirishlar tinglovchilar sonining ozayishiga olib kelishi mumkin.

Ammo uning ta’kidlashicha, agar teleradio qo‘mitasi qarori bajarilmasa, qo‘mita radioni butunlay berkitib yuborishi mumkin.

Tahlilchi Xurshed Atovullo fikricha, bunday “badiiy eshittirishlar”ni shaxsga sig‘inishning yorqin namunalari sirasiga kiritish mumkin.

“Bu shunchaki xo‘jako‘rsinga qilinayapti, prezident asarlariga ishqiboz ekanliklarini ko‘z-ko‘z qilishmoqchi. Menimcha, ko‘pchilik bunday “badiiy eshtirishlar”ga e’tibor qaratmaydi”- dedi Xurshed Atovullo.

Imomali Rahmon Tojikistonni qariyb chorak asrdan beri boshqarib keladi.

Oxirgi paytlarda tojikistonlik xonandalar Imomali Rahmonni ulug‘lab qo‘shiqlar ijro eta boshlaganlar.

Tojikiston rahbari bundan oldin bir necha bor mulozimlarini o‘ziga laganbardorlik qilmaslikka chaqirgandi.

Jumladan o‘z sharafiga uyushtirayotgan to‘kin-sochin ziyofatlardan xijolatda ekanini aytib, bu kabi laganbardorlikni bas qilishga buyruq bergandi.

XS
SM
MD
LG