O‘zbekiston prezidentining 22 noyabr kuni Janubiy Koreyaga boshlagan davlat tashrifi arafasida Seul hukumati bilan iqtisodiy va investitsion loyihalar yuzasidan so‘zlashuvlar o‘tkazgan Toshkent rasmiylari yuzlab million dollarlik kelishuvlarga erishilgani haqida hisob berishga kirishdi.
22 noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev davlat tashrifi bilan Koreya Respublikasiga keldi.
Seul aeroportida O‘zbekiston Prezidenti va rafiqasi davlat tashrifi protokoliga muvofiq faxriy qorovul bilan qarshi olindi.
Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra¸ O‘zbekiston prezidentining Seulda o‘tkazadigan muzokaralari davomida “siyosiy, savdo-iqtisodiy, moliyaviy-sarmoyaviy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi davlatlararo aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish, mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashish ko‘zda tutilgan.”
Prezident Mirziyoevning tashrif davomida Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In¸ parlament raisi Chon Se Gyun va Bosh vazir Li Nak Yon bilan uchrashishi¸ O‘zbekiston-Janubiy Koreya biznes forumida qatnashishi kutilmoqda.
Mirziyoevga sovg‘a?
Mirziyoev safari arafasida Hyundai korporatsiyasi prezidenti va O‘zbekiston Investitsiya bo‘yicha davlat qo‘mitasi rahbari koreya avtomobillarini O‘zbekistonda yig‘ishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan o‘zaro anglashinuv memorandumi imzoladi. Agar bu memorandum amaliy shartnomaga aylansa¸ Hyundai korporatsiyasi O‘zbekistonda 200 million dollarlik loyihani boshlashi mumkin.
Ayni paytda “O‘zkimyosanoat” va Janubiy Koreyaning Samsung Engineering korporatsiyasi O‘zbekistonda jami qiymati 556 million dollarga teng to‘rtta loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuv imzolagani ham Mirziyoev safari boshlangan kunda e’lon qilindi.
Tomonlar kelishuviga muvofiq¸ bu sarmoyaning “Farg‘onaazot” va Olmaliq zavodlarini modernizatsiya qilishga sarflanishi kutilmoqda.
Shuningdek¸ “O‘zbekyengilsanoat” shirkati ham 21 noyabr kuni Koreyadagi yetakchi savdo korxonasi hisoblangan Posco Daewoo, Color Paradise, Solsang International Corp, Ratel E & T Co., Ltd., Korea Factory va Lotte Mart savdo tarmog‘i bilan 2018 yil oxiriga qadar 70 million dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari eksport qilish bo‘yicha kelishuvga erishgan.
Mirziyoevning Koreyaga tashrifi samarali bo‘lishidan berilgan navbatdagi xabarda Koreyadagi Jeil Construction shirkatining Toshkentda energiya tejaladigan uylardan iborat eko-qishloq qurish rejasi ham e’lon qilindi.
Bunday qishloq qurish uchun lozim 6 million dollarning Koreya shirkati yotqizadigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya bo‘lishi aytilmoqda.
O‘zbekistonda yangi tuzilgan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi ham Mirziyoev safariga hozirlik doirasida o‘tkazilgan so‘zlashuvlar natijasini aynan safar boshlangan 22 noyabr uni e’lon qildi. Unga ko‘ra¸ Koreyaning «Dalim BioTech», «Yuhan Corporation» va «Erae» kabi kompaniyalari bilan yuqori natijali dori-darmonlarni ishlab chiqarishga qaratilgan 25 million dollarlik investitsion kelishuv imzolangan.
Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, «Dalim BioTech», «Yuhan Corporation» va «Erae» kabi yirik kompaniyalar bilan bitimlar tuzilgan. Tomonlar investitsion loyihalarning tezkor amalga oshirilishi bo‘yicha kelishuvga erishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Respublika Investitsiya davlat qo‘mitasi hamda Janubiy Koreya tomoni o‘rtasida kelishuv tuzilganiga oid xabarda qayd etilishicha¸ Pohang politexnika universiteti umumiy qiymati 100 million dollarlik loyiha asosida O‘zbekistonda o‘z filialini tashkil etadi. Shuningdek, Suvon shahrida joylashgan Ajou universiteti ham O‘zbekistonda o‘z filialini ochish istagini bildirgan.
Sarmoya¸ sarmoya va yana sarmoya
Prezidentlik vazifasini vaqtincha bajarishni boshlashi bilan mamlakatdagi iqtisodiy ahvolning og‘irligini e’tirof etgan Shavkat Mirziyoev¸ vaziyatni yaxshilash¸ xususan¸ mamlakatdagi o‘ta jiddiy ishsizlik muammosiga yechim topishning asosiy yo‘li xorij investitsiyasini O‘zbekistonga jalb etish ekanini ta’kidlab kelmoqda.
Hukumat rahbarlari¸ vazirlik va davlat korxona rahbarlariga bergan topshiriqlarida ham prezident¸ ularning asosiy vazifasi mamlakatga sarmoya olib kelish ekanini aytmoqda¸ rahbarlar faoliyatining ham ular jalb qilgan investitsiya miqdoriga qarab baholanishini urg‘ulamoqda.
Bunday topshiriq va buyruqlar ortidan¸ Mirziyoevning xorij davlatlariga qilayotgan safarlari arafasida vazirlik va davlat korxonalari rahbarlarining mezbon davlatdagi shirkatlar bilan katta investitsiyaviy loyihalarga oid kelishuvlar imzolagani haqida hisob berishi urfga kirib bormoqda.
Xususan¸ Mirziyoevning Rossiyaga qilgan davlat tashrifi arafasida qariyb 16 milliard dollarlik investitsiyaviy va savdo kelishuvlariga erishilgani¸ Turkiya safari davomida esa¸ 3¸5 milliard dollarlik bitimlar imzolangani tantanali xabar qilingan edi.
Ammo qanchasi shunchaki niyat¸ qanchasining legal hujjatda muhrlangan aniq shartnomalar ekani ochiqlanmagan bu milliardlab sarmoyaning O‘zbekistonga kirgan-kirmagani¸ kirgan bo‘lsa¸ amalda qancha ish o‘rinlari yaratganiga oid hisobot hozircha jamoatchilikka berilgan emas.