Линклар

18 феврал 2018, Тошкент вақти: 23:24

O‘qituvchilarni "shakal", "tvar" deb so‘kkan Andijon hokimi ishi sudga oshirildi

  • Абдулла Искандар/Озодлик

Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaev

Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaevning majlis qatnashchilarini haqorat qilgani yuzasidan Andijon viloyat prokuraturasi o‘tkazgan tekshirishda hokimning joriy yil 16 oktabr kuni «kollej o‘qituvchilarini kamsitgani tasdiqlangan»i Ozodlikka ma’lum bo‘ldi.

Andijon viloyat prokuraturasining «Virtual qabulxonaga» kelgan so‘rovga 18 dekabr kungi 4492 raqamli javobida «Rahmatullaevning harakatlarida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 41- moddasida ko‘rsatilgan huquqbuzarlik alomatlari borligi» aniqlangani aytilgan.

Ozodlikda nushasi mavjud bo‘lgan bu hujjatda ta’kidlanishicha¸ joriy yil «7 dekabrida ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilib, to‘plangan hujjatlar Andijon shahar ma’muriy sudiga yuborilgan».

Prokuratura hujjati
Prokuratura hujjati

​Andijon shahar hokimligida ishlaydigan mulozimning 25 dekabr kuni Ozodlikka shahar hokimining "tiliga erk bergani" yuzasidan sud hali bo‘lmaganini aytdi. Mulozimga ko‘ra¸ sud «hokimga jarima solishi» kutilmoqda.

«Hokim o‘z lavozimida qolmoqda»¸ dedi mulozim.

Uning aytishicha¸ Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaevning majlis paytida o‘qituvchilarni “shakal”, “tvar”, “hayvon”, “eshshak” deb haqorat qilgani prokuratura xodimlari tarafidan «jiddiy o‘rganilgan»

Dilmurod Rahmatullaev Andijon shahar hokimi bo‘lish bilan bir paytda xalq deputatlari Andijon shahar Kengashi raisi hamdir va u deputat sifatida daxlsiz shaxs hisoblanadi.

Shahar hokimligi mulozimiga ko‘ra¸ prokuror tekshiruvi davomida hokimning deputatlik daxlsizligi xalq deputatlari Andijon shahar Kengashi tarafidan vaqtincha bekor qilingan.

Andijon shahar hokimligida ishlovchi mulozimning aytishicha¸ 25 dekabr kuni ertalab shahar hokimi ishda bo‘lgan va ertalabki majlisni o‘tkazgan. Mulozimga ko‘ra, "hokim ertalabki majlisni o‘ta xushmuomala tarzda olib borgan".

Ayni paytda hokimiyat eshigiga «audio-video yozib oluvchi uskunalar kiritilmasligi»ga doir taqiq e’loni osilgan.

Haqorat ortidan haqorat

Andijon shahar hokimi 43 yashar Dilmurod Rahmatullaevning 16 oktabr kungi majlisda kollej o‘qituvchilarini “shakal”, “tvar”, “hayvon”, “eshshak” deb haqorat qilgani haqidagi Ozodlik xabari ortidan hokimning navbatdagi so‘kinishlari yozilgan yana bir audiofayl paydo bo‘ldi. 27 noyabr kuni Ozodlikka yuborilgan audioda 18 noyabr kuni o‘tkazilgan majlisda hokimning ikki nafar keksa mahalla faolini “shakal, kampir, harom” kabi so‘zlar bilan haqorat qilgani yozilgan.

Ozodlik o‘z surishtiruvi davomida hokim tomonidan haqoratlangan ayollar ismi-sharifini va ularning mahalla boshqaruvidagi maqomini aniqladi. Ozodlik muxbiri bilan suhbatda shunday haqoratga duch kelganini tasdiqlagan bu keksa ayollardan biri¸ quda-anda¸ mahalla-ko‘y ichidagi obro‘siga putur yetkizmaslik uchun¸ o‘z shaxsi sir qolishini so‘radi.

"Bilasiz¸ o‘zbekchilik. Shunaqa haqorat qipti hokim¸ deb gap-so‘z bo‘lib ketsa¸ yaxshimas. Ollohga soldim"¸ degan edi Ozodlik gaplashgan haqoratlangan ayollardan biri.

Yig‘ilishda bevosita qatnashganlardan birining Ozodlikka aytishicha, bu ayollar shaharning San’at va Qo‘shariq mahalla raislarining maslahatchilari bo‘lgan.

Hokimlarning zo‘ravonligi davom etyapti

Toshkent viloyat, Parkent tuman hokimi Ne’matulla Abdullaev 1 noyabr kuni o‘tkazgan yig‘ilishda paxta terimiga kam odam chiqargan rahbarlarni haqorat qilayotgani yozilgan 45 minutlik audiofayl Ozodlik tahririyatiga kelib tushgan va hokim tashkilot va korxonalar rahbarlarini, mahalla oqsoqollarini ayamay so‘kar ekan, 45 minut davomida 126 marta uyatli so‘z qo‘llagan edi.

Ozodlikdan: Agar sizda ham hokim va boshqa rahbarlarning o‘z qo‘l ostidagi xodimlarni yoki oddiy odamlarni haqorat qilgani, kaltaklagani haqida ma’lumotlar, audio va videolar bo‘lsa bizga yuboring.

Telegram, WhatsApp tarmog‘idagi raqamlarimiz: +420 724 971 539; +420 724 740 755. Elektron pochtamiz: ozodlikmail@gmail.com 60 yildan ziyod vaqt mobaynida xolis jurnalistika andazalari asosida faoliyat yuritayotgan Ozodlik radiosi, agar istasangiz, shaxsingiz sir qolishini kafolatlaydi.

XS
SM
MD
LG