Линклар

Шошилинч хабар
15 ноябр 2018, Тошкент вақти: 02:46

Tillerson: Suriyaga urushdan keyin ham yordam beramiz


AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson

AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson Suriyada amalga oshiriladigan muhim ishlar rejasini e’lon qildi. IShID terrorchi guruhi mag‘lub etilgandan keyin hamda Asad rejimi hokimiyatdan ketgandan so‘ng Suriyani qayta qurish uchun amalga oshiriladigan harbiy va diplomatik ishlarda AQSh faol ishtirok etadi, dedi Amerikaning bosh diplomati.

Vashington 2014 yildan beri Suriyada "Islomiy davlat"ga qarshi harbiy amaliyotlarga yetakchilik qilib keladi. Pentagon ma’lumotiga ko‘ra, ayni paytda Suriyada AQShning 2000 atrofida askari bor.

Tillerson bu haqda Stenford universitetida gapirdi. U Suriyada tartib o‘rnatish AQSh uchun nega muhimligi haqidagi sabablarni ham sanab o‘tdi.

"IShIDning bir oyog‘i go‘rda. Guruh butunlay yakson qilinguncha Amerika harbiylarining Suriyada turishi uning ikkala oyog‘ini ham go‘rga tiqadi", - dedi Tillerson.

"Suriyada tarix yana takrorlanishini istamaymiz", - dedi Tillerson, Obama prezidentligi davrida Iroq va Liviyadan AQSh askarlarining olib chiqilishi xato bo‘lganiga ishora qilib.

Suriyada qolish sabablari

Tillersonning aytishicha, Suriyada qolishning boshqa sabablari ham bor.

"Amerika kuchlarini butunlay olib chiqish hozir Asadga yordam beradi. Barqaror, birlashgan va mustaqil Suriya muvaffaqiyat qozonishi uchun Asaddan so‘ng yangi yetakchilar zarur. IShIDni butunlay mag‘lub etish maqsadida AQShning mintaqada bo‘lishi fuqarolik yetakchilarining ozod qilingan hududlarni mas’uliyat bilan boshqarishiga ham yordam beradi", - deydi u.

"Suriyadagi eng katta vazifa hozir insonlarning o‘limini to‘xtatishdir", - dedi Tillerson.

Uning aytishicha, hanuz bu o‘lkada minglab odam halok bo‘lmoqda. AQSh rasmiysi Prezident Asadni o‘z xalqining qotili deb atadi.

Tillersonga ko‘ra, AQSh Suriya qochqinlarining o‘z vataniga qaytishi uchun zarur sharoitlar yaratilishini xohlaydi. Shuningdek, mintaqada Eron ta’sirini kamaytirish va BMT yetakchiligida erkin saylovlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

BMT boshchiligidagi Jeneva tinchlik muloqoti

BMT boshchiligida Suriya inqiroziga yechim topish uchun muloqot boshlanganiga bir necha yil bo‘ldi. Jeneva muloqoti deb nomlangan jarayon hozircha samarali natija bergani yo‘q. BMTning Suriya bo‘yicha maxsus vakili Staffan de Mistura 25 va 26 yanvar kunlari Vena shahrida Suriya hukumati va muxolifat vakillari o‘rtasida navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tishini e’lon qildi. Muzokaralarda, asosan, konstitutsiyaga oid masalalarga e’tibor qaratilishi kutilmoqda.

BMT muzokaralari Rossiyada shu mavzuda tashkillashtirilishi rejalangan tinchlik kongressidan bir necha kun oldin bo‘lib o‘tadi.

Suriyada 2011 yil martidan beri davom etayotgan fuqarolar urushi yuz minglab odamlarning yostig‘ini quritdi.

XS
SM
MD
LG