Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 07:15

Toshkent pasport bo‘limlarining prezident imzolagan dasturdan xabari yo‘q


O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning farmoni bilan 22 yanvarda qabul qilingan “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 10-bandiga ko‘ra, 1 apreldan propiskasiz shaxslarning poytaxtdan ko‘chmas mulk sotib olishiga qo‘yilgan taqiq bekor qilinadi, propiskasiz shaxslarning Toshkentda ishga joylashishi mumkin bo‘ladi.

Biroq, Ozodlik suhbatlashgan poytaxtdagi pasport bo‘limlari mulozimlari bu farmonning ijrosi haqida aniq ma’lumotga ega emasliklarini aytdi.

Тошкент паспорт бўлимларининг президент фармонидан хабари йўқ
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:00 0:00
Бевосита линк

Propiska bilan bog‘liq yangilik

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 22 yanvar kuni imzolagan “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab quvvatlash yili” Davlat dasturiga oid farmonga ko‘ra, Toshkent shahrida propiskasiz ko‘chmas mulk sotib olish, ishga joylashish, vaqtinchalik qaydga turmasdan bemalol yurish mumkin bo‘ladi.

“Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun asossiz spekulyatsiyaning oldini olish choralarini ko‘rgan holda ikkilamchi bozordan ko‘chmas mulk sotib olishga bo‘lgan cheklovlar bekor qilinadi”, deyiladi davlat dasturida.

Dasturga ko‘ra, O‘zbekistonda ichki turizmni rivojlantirish maqsadida vaqtincha propiskasiz (yashash joyi bo‘yicha hisobga turmasdan) yashash muddati ham uzaytiriladi.

Yangilikdan bexabar mulozimlar

Ozodlik, dasturning bu bandlarini sharhlab berish uchun Toshkent shahar Xorijga chiqish, kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi mulozimi bilan bog‘landi.

O‘zini tanishtirmagan mulozim, prezident farmon bilan imzolagan bu dasturni odamlardan eshitganini, lekin hali bu haqda boshqarmaga hech qanday hujjat kelmaganini aytdi:

“Odamlar aytishyapti, internetga chiqibdi, deb. Lekin hali o‘zim o‘qib ko‘rganim yo‘q. Bizga ham bu sohada biror xil topishiriq yoki qo‘llanma kelmagan”, dedi mulozim.

Yangi tartibni qoralagan mulozim

Ozodlik dasturning tegishli bandlarini mulozimga o‘qib berganidan so‘ng, u “bu yaxshi ish bo‘lmayapti” dedi:

“Qanday qilib propiskasiz ishga olish mumkin? Axir shahar bedarvoza emasku. Toshkentga, bilasizmi bir kunda qancha odam keladi, agar propiskasi bo‘lmasa biz ulardan barmoq izi olamiz va ro‘yxatga qo‘yamiz. Tasavvur, qiling Surxondaryodan bittasi kelsayu, jinoyat qilib surivorsa. Biz uni qaerdan topamiz?”, deydi mulozim.

Ozodlikning “barmoq izlari har bir fuqaroga biometrik pasport berilganda olinadiku”, degan savoliga, mulozim bir pas o‘ylanib turdida:

“Ha to‘g‘ri, unda ham olinadi. Lekin men bunga rozi emasman, taklif so‘rashsa, taklifimni aytaman”, dedi mulozim.

Toshkent shahridagi Yashnobod tumani ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi ham, propiska masalasida hali hech qanday o‘zgarish boshlanmaganini aytdi:

“Fuqaro eng kam ish haqining 2,5 ming baravari miqdorida yangi uy-joy sotib olsa, propiska qilib beramiz. Lekin, eski uy olgan fuqaro ham propiska qilinadi, degan ko‘rsatma hali bizga kelgani yo‘q. Bu yangilik hali bizga kelmadi va bizning bu gaplardan xabarimiz yo‘q”, dedi mulozim.

Mardikorlarni sarson qilgan eski tartib

Shu paytgacha Toshkentga viloyatlardan ish izlab kelgan mardikorlar yoki o‘z yumumshi bilan poytaxtga kelgan odamlarning militsiya bo‘limlariga olib borilib, jarimaga tortilgani, barmoq izlari olingani haqida Ozodlik bir necha bor xabar bergan.

Davlat dasturida, O‘zbekistonda mavsumiy ishlarga (qurilish, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda) jalb qilinganlarni vaqtinchalik ro‘yxatga olish tizimi soddalashtiriladi, ular uchun uy-joy ijarasi, uy-joydan tekin foydalanish bitimini tuzish talabi bekor qilinishi ham aytilgan.

Toshkent shahridagi Yashnobod tumani ichki ishlar bo‘limining mulozimi bu gaplardan ham xabari yo‘qligini aytdi:

“Vaqtinchalik va doimiy propiskaga qo‘yish oldin qanday bo‘lgan bo‘lsa, hozir ham xuddi shunday davom etyapti. Hozircha hech qanday o‘zgarish yo‘q”, dedi mulozim.

Toshkent shahriga propiska yopiq ekanligi, o‘zbekistonliklarning doimiy e’tiroziga sabab bo‘lib kelgan.

“Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” davlat dasturida 2018 yilning 1 aprelidan doimiy va vaqtincha ro‘yxatga qo‘yish tartibini soddalashtirish, o‘zbekistonliklarning mamlakat hududida erkin harakatlanish hamda mehnat qilish huquqlarini ta’minlash nazarda tutilgan.

Davlat dasturi loyihasi muhokamasi ketayotgan paytda IIV mulozimi Ulug‘bek Toshxo‘jaev respublikada propiskadan butunlay voz kechish uchun "katta tayyorgarlik ishlari amalga oshirilishi zarur"ligini aytgan edi.

XS
SM
MD
LG