Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:41

Aqto‘be fojiasi ortidan samolyot va poezd qatnovi ko‘paytiriladi


Aqto‘beda o‘zbekistonliklar chiqqan avtobus yonib ketishi oqibatida 52 nafar O‘zbekiston vatandoshi halok bo‘ldi.
Aqto‘beda o‘zbekistonliklar chiqqan avtobus yonib ketishi oqibatida 52 nafar O‘zbekiston vatandoshi halok bo‘ldi.

O‘zbekiston hukumati Aqto‘be fojiasi oqibatlari bo‘yicha qaror qabul qilib, bundan keyin bu kabi fojialar takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida qator tadbirlar belgiladi. Endilikda avtotransportda xorijga chiqayotgan fuqarolar xavfsizligi kuchaytiriladi. Shuningdek, davlat shartnomalari asosida xorijga ketayotgan mehnat muhojirlari uchun samolyot va poezdlar chiptalari arzonlashtirilib, reyslar soni ko‘paytiriladi.

Aqto‘be oqibatlariga doir qaror

O‘zbekiston Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yangi qaror Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida sodir bo‘lgan fojiali voqealar takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik, davlat chegarasidan tashqariga chiqayotgan fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.

Qaror haqida Adliya vazirligining telegramdagi Huquqiy axborot kanalida e’lon qilindi. Biroq hozircha ushbu qaror qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi - lex.uz saytida yoki hukumat portali- gov.uz saytiga ham joylashtirilmadi.

Adliya vazirligining o‘zini tanishtirmagan mas’uliga ko‘ra, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan №42-sonli qaror "Yo‘lovchi transportda favqulodda vaziyatlar profilaktikasi va ularning oldini olish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasidan tashqariga chiqadigan fuqarolar xavfsizligini ta’minlashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida" deya nomlanadi. Vazirlik mas’uliga ko‘ra, hozircha rasmiy saytlar qaror nusxasini e’lon qilishga ulgurmagan bo‘lishi mumkin.

Maxsus komissiya tuziladi

Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yangi qarorda xorijga yo‘lovchi tashuvchi transportlarda fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha maxsus komissiya tuzilishi belgilangan.

Bu komissiya aholi o‘rtasida yo‘lovchi avtomobil transportida favqulodda vaziyatlarning oldini olish chora-tadbirlari haqida tushuntirish ishlarini kuchaytiradi. Shuningdek, ushbu komissiya zimmasiga yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rish, xorijga chiqadigan fuqarolarning xavfsiz harakatlanishini ta’minlash ham yuklatiladi.

Xorijiy reyslar soni ko‘paytiriladi

Qarorda "bir oy muddatda charter qatnovlarni amalga oshirish, harakatdagi temir yo‘l tarkibi soni shu jumladan, platskart vagonlar ulushini ko‘paytirish, byudjeti past bo‘lgan xorijiy avia va temir yo‘l kompaniyalari, shu jumladan, “Rossiya temir yo‘llari” bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha tegishli takliflar ishlab chiqish rejalangan".

“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” shirkati ushbu qarordan kelib chiqib, Rossiyaga poezd qatnovi ko‘paytirilishini ma’lum qildi.

Shirkat xodimining Ozodlikka aytishicha, yangi o‘zgarishlar joriy yil 1 fevralidan boshlab amalga oshiriladi.

Hozirgi kunda Toshkent-Moskva, Toshkent-Ufa va Andijon-Moskva yo‘nalishlarida haftada bir marotaba harakatlanayotgan yo‘lovchi poezdlari 1 fevraldan boshlab haftada ikki marotaba harakatlana boshlaydi. Toshkent-Volgograd yo‘nalishidagi yo‘lovchi poezdi esa haftada 3 marta qatnaydigan bo‘ladi.

Hozircha “O‘zbekiston havo yo‘llari” shirkati yangi qarorga doir o‘zgarishlar borasida biror ma’lumot e’lon qilganicha yo‘q.

Shirkat xodimlaridan birining Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, qo‘shimcha reyslar va charter qatnovlari tashkil qilish bo‘yicha yaqin kunlarda yangiliklar e’lon qilinadi. Biroq suhbatdoshga ko‘ra, arzon xorijiy avia kompaniyalarining O‘zbekistonga kirib kelishi masalasi eng bahsli masalalardan biri bo‘lib turibdi. Bugungi kunda mahalliy va xorijiy yo‘nalishlar bo‘yicha “O‘zbekiston havo yo‘llari” yagona monopolist hisoblandi.

Samolyot va poezd chiptalari arzonlashtiriladi

Yangi qarorga ko‘ra, samolyot va poezd chiptalari arzonlashtiriladi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xodimiga ko‘ra, davlat shartnomalari asosida xorijga ketayotgan mehnat muhojirlari uchun imtiyozli tariflar belgilanadi. Suhbatdoshga ko‘ra, buning uchun idoralararo bitim tuzilib, imtiyozli chiptalar uchun maxsus buyurtmalar beriladi.

Ozodlik o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining Rossiyaga borishi necha pulga tushishini o‘rgandi. Quyida Toshkent-Moskva yo‘nalishi bo‘yicha samolyot, poezd, avtobus va taksilar narxi belgilangan: (Narxlar so‘m va rublda bo‘lgani bois ularning dollardagi taxminiy narxini keltiramiz)

Samolyot chiptasi: 200 dollar

Poezd chiptasi: 150 dollar

Taksi narxi: 90 dollar kishi boshiga

Mikroavtobus chiptasi: 75 dollar

Avtobus chiptasi: 45 dollar

Mehnat muhojirlariga ko‘ra, samolyot va poezd chiptalari narxlari mavsumga qarab o‘zgarib turadi. Masalan, bayram kunlari va muhojirlarning ommaviy qaytish paytlari (bahor va kuz) chiptalar ancha qimmat bo‘ladi.

“Lekin avtobus narxi hech qachon o‘zgarmasdan, bir xilda turgani uchun ko‘pchilik avtobuslarni tanlaydi. Keyin avtobus haydovchilari hujjatida muammosi borlarga qo‘shimcha pul evaziga yordam berishi uchun ham ko‘pchilik avtobuslarda ketishni ma’qul ko‘radi”, dedi Moskvada mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik yigit.

Muntazam avtobus qatnovlari bo‘ladi

Qarorga ko‘ra, chegaradosh davlatlar bilan xalqaro yo‘llarda muntazam avtobus qatnovlari tashkil etiladi.


Avtobuslar texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi

1 fevraldan boshlab, yo‘lovchilar bilan Davlat chegarasidan tashqariga chiqadigan avtobuslar va mikroavtobuslar yo‘lga chiqishdan oldin texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Elchixonalar yordami tashkil qilinadi

@huquqiyaxborot yozishicha, yangi qarorda xorijda biror hodisa ro‘y bergan paytda jabrlangan fuqarolarga xorijdagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari tomonidan shoshilinch yordam ko‘rsatish mexanizmi ishlab chiqiladi.

Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan hamkorlik

Vazirlar Mahkamasining mehnat muhojirlariga doir yangi qarori qabul qilingan bir paytda O‘zbekiston Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) bilan hamkorlikni rivojlantirish masalasini muhokama qildi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, 23 yanvar kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Xalqaro migratsiya tashkilotining Evropa va Markaziy Osiyo masalalar bo‘yicha mintaqaviy katta maslahatchi Manfred Profazi boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashib, hamkorlik istiqbollarini muhokama qilgan.

O‘zbekiston hozircha Xalqaro Migratsiya tashkilotiga a’zo emas.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG