Линклар

19 феврал 2018, Тошкент вақти: 16:49

Eron politsiyasi hijobini yechgani uchun 29 ayolni hibsga oldi

  • Озодлик

Tehronning Inqilob ko‘chasidagi beton konstruksiya ustida boshiga ro‘mol o‘ramay turgan ayol tasvirlangan videorolikdan kadr.

Eron politsiyasi ayollardan jamoat joyda hijobda yurishni talab qiluvchi qonunga norozilik belgisi sifatida ro‘mollarini yechgan 28 nafar ayolni hibsga olganini ma’lum qildi.

“Tasnim” axborot agentligi 1 fevral kuni xabar berishicha, politsiya ayollarni ro‘molini yechishga chet elda yashayotgan eronliklarning targ‘iboti sabab bo‘lganini iddao qildi.

Ayollar mamlakatning qaysi shahrida qo‘lga olingani xabar qilinmadi.

1979 yilgi Islom inqilobidan so‘ng ayollarning islomiy kiyim kiyishi majburiy qilib qo‘yilgan edi.

Axloq politsiyasi hijob kiyishga oid qoidalarni to‘liq hurmat qilmaydigan kishilarni doimiy tarzda jazolab turadi.

Joriy haftada shunday norozilik bildirgani uchun Tehronda kamida 6 nafar ayol hibsga olindi. Shundan so‘ng 1 fevral kuni hibsga olishlar haqida xabarlar tarqaldi.

Ishi xalqaro jamoatchilik e’tiborini tortgan bir ayol 28 yanvar kuni qo‘yib yuborildi. U kiyim kiyish talablariga qarshi tinch norozilik bildirgani uchun o‘tgan oyda Tehronda hibsga olingan edi.

– Inqilob ko‘chasida hibsga olingan juvon qo‘yib yuborildi, – deb yozdi Eronda inson huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanayotgan advokat Nasrin Sotuda 29 yanvar kuni Feysbukdagi sahifasida.

O‘tgan yil 27 dekabridan beri Tehronning Inqilob ko‘chasidagi beton konstruksiya ustida boshiga ro‘mol o‘ramay turgan ayol tasvirlangan videorolik ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Ayolning ismi oshkor qilinmagan edi.

Amnesty International o‘sha ayol hibsga olingandan so‘ng Eron hokimiyat idoralarini “ayolni zudlik bilan va hech bir shartsiz” ozod qilishga da’vat etdi.

Qarorgohi Londonda joylashgan ushbu inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti hokimiyat idoralariga qarata “hijob o‘rashga qarshi chiqqan ayolarni ta’qib qilmaslik hamda kamsituvchi va haqoratomuz amaliyotni bekor qilish” da’vatini yana takrorladi.

Eronda kiyim kiyish talablarini mensimayotgan faol ayollar boshidan ro‘molini yechgani uchun bir necha hafta qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Kiyim kiyish tartibiga qarshi noroziliklar o‘tgan yil dekabr oyida Eronning turli shaharlarida ro‘y bergan yirik namoyishlardan so‘ng ro‘y bermoqda.

Hukumatga qarshi norozilik namoyishlarida 22 kishi halok bo‘ldi va 1000 kishi hibsga olindi. Unga iste’mol tovarlari narxi oshishi turtki bergan edi, ammo keyinchalik noroziliklar ulkan namoyishlarga aylanib ketdi.

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy hijobga qarshi namoyishlarga bevosita izoh bergani yo‘q, ammo u oldinroq hokimiyat idoralarini norozilarga qarshi keskin harakat qilmaslikka ishontirishga uringan edi.

– Ortimizda odamlar turgani uchun hech narsa qila olmaymiz, ular tanqidini ham mensimaslikka haqqimiz yo‘q, – degan edi prezident 31 yanvar kuni, – Mamlakat rasmiylari odamlarning talab va istaklariga quloq solishi shart.

XS
SM
MD
LG