Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:38

Aptekalarda og‘riq qoldiruvchi import dorilar taqchillashdi. Og‘ir bemorlar talvasada


Andijon viloyatida psixotrop preparatlarga ehtiyoji bor bemorlar dorixonalardan bu dorini topa olmayotir. Ozodlikka murojaat qilgan andijonliklarga ko‘ra, aptekachilar buning sababini psixotrop dorilar importining keskin qisqarishi bilan izohlagan. “Dori-darmon” kompaniyasi mulozimlari Ozodlikka psixotrop dorilar ta’minotida uzilish bo‘layotganini tasdiqladi.

Shu kunlarda Andijon bo‘ylab surunkali og‘ir xastaliklar davomida kuchli og‘riqni qoldirish uchun ishlatiladigan narkotikli dorilarni topib bo‘lmay qoldi.

Parkinson kasalidan aziyat chekayotgan 70 yashar Hasanboy ota bunday taqchillik shundoq ham og‘ir dardini yanada og‘irlashtirganini aytadi.

“Menga Siklodol degan dori juda ham zarur. Bu dori maxsus ro‘yxatda turadi. Faqat maxsus retsept bilan vrach yozib beradi. Dorim tugadi. Uch kundan buyon aptekaga borsam, hali kelmagan, deb aytadi. Agar bu dori bo‘lmasa mening ahvolim juda og‘irlashadi, og‘riqqa chidab bo‘lmay qoladi. Nahot, shu paytgacha uzilmay qolgan dorilar, birdaniga yo‘q bo‘lib qolsa”, deydi ismi sir qolishini so‘ragan andijonliklardan biri.

Otasiga tarkibida narkotik moddasi bor “Allilprodin” dorini maxsus retsept bilan oladigan boshqa bir andijonlik ham, aptekalarda shu kabi dorilar topilmay qolganini aytadi.

“Andijon viloyatida konvertatsiya masalasi dori-darmonga o‘z salbiy kuchini ko‘rsatayapti. Men ham dadamga dori izlab barcha aptekalarni aylanib chiqdim. Hech qaerda yo‘q. Aptekachi konvertatsiyada narx o‘zgarganligi sababli, viloyat “Dori-darmon” jamiyati 200 million so‘mgacha qarz bo‘lib qolgan ekan. Shunga dorini kam berishayapti ekan. Dard chekayotgan odamlar og‘riqqa chidolmay o‘lib ketishi kerakmi¸ endi”, deydi andijonliklardan yana biri.

“Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasi Andijon viloyati bo‘limining Ozodlik suhbatlashgan mulozimlaridan biri tarkibida narkotik moddalar bor og‘riq qoldiruvchi va psixotrop dorilar aptekalarga kam berilayotganini tasdiqladi.

“Haqiqatan ham bu dorilarda uzilish bo‘ldi. Chunki, bu dorilarni biz dollarning avvalgi davlat kursi, 4200 so‘m miqdorida olardik. Konvertatsiya ochiganidan keyin, bu dorilar 8 mingdan yuqori narxda rastomojka bo‘layapti. Bizdagi ijtimoiy sohadagi dorilar narxi esa o‘zgarmagan, eski narxlarda. Biz dori yetkazib beruvchi “Uzmedimpex” tashkilotidan bir necha yuz million so‘m qarzdor bo‘lib qoldik. Chunki, biz bu dorilarning narxini o‘zimiz o‘zgartira olmaymiz. Shuning uchun, bu xil dorilar bizga kam berilayapti. Biz ham dona-dona qilib tarqatayapmiz. Keyingi oydan ta’minot yaxshilanadi, degan umidimiz bor”, dedi mulozim.

Nafaqat Andijon¸ balki butun O‘zbekiston aptekalariga import dorilar taqatishga vakolatli “Dori-darmon” aksiyadorlik jamiyatining Toshkentdagi markaziy idorasi mulozimi ham bu xil dorilar taqchillashganini tasdiqlar ekan, mas’uliyatni mamlakatda yangi tashkil etilgan “Uzmedimpex” shirkatiga yukladi.

"Bu dorilar ijtimoiy dorilar ro‘yxatiga kiritilgan, bu dorilar ta’minoti bilan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi “Uzmedimpex” shug‘ullanadi. Ular olib kelishi kerak, aslida bu dorilarni. Lekin hozir juda oz miqdorda olib kelishayapti. Bu faqat Andijon viloyatida emas, balki boshqa viloyatlarda ham shunday ahvol. Asl sababini vazirlikka murojaat qilsangiz aytishadi”, dedi "Dori-darmon" markaziy idorasining o‘zini tanishtirmagan mutasaddisi.

Ozodlik O‘zbekiston aptekalaridan og‘ir ahvoldagi bemorlar uchun haët-mamot masalasi bo‘lgan og‘riqni qoldiruvchi kuchli dorilarning yo‘qolib qolgani sabablarini o‘rganish maqsadida “Uzmedimpex” boshqaruvi bilan ham bog‘landi.

O‘zini Nargiza deb tanishtirgan xodima Ozodlik savollari va telefon raqamini yozib olib, javob bilan mutaxassislarning o‘zlari boshlanishini va’da qildi.

Ammo Ozodlikning taqdim etilgan telefon raqamlariga 6 fevralda kun davomida “Uzmedimpex”dan qo‘ng‘iroq bo‘lmadi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev¸ o‘tgan yili “O‘zfarmsanoat” konsernini rivojlantirishga oid 12 ta qarordan so‘ng¸ 13-qaror bilan bu strukturani butunlay tugatgan edi. Prezident farmoni bilan "O‘zmedeksport" tashkiloti “Uzmedimpex”ga aylantirilgan va unga xorijdan olib kelinadigan dori ta’minoti yuklatilgan edi.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatining bildirishicha¸ 6 fevral kuni Shavkat Mirziyoev "farmatsevtika sohasini rivojlantirish borasidagi ishlar natijadorligini tahlil qilish, istiqboldagi dolzarb vazifalarni belgilashga bag‘ishlangan yig‘ilish" o‘tkazgan.

Prezident sayti keltirgan raqamlarga ko‘ra¸ ichki bozordagi talabning 74 foizi hamon import hisobiga qondirilmoqda¸ onkologiya¸ ginekologiya va stomatologiyada ishlatiladigan dorilar to‘lig‘icha import qilinadi.

Siz yoki yaqinlaringiz og‘riqni qoldiruvchi kuchli import dorilar taqchilligidan aziyat chekayotgan bo‘lsangiz¸ bu haqda Ozodlikka xabar yo‘llang!

XS
SM
MD
LG