Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:44

Mirziyoevning Xonobodga kelishiga 77 km yo‘ldagi binolar fasadi bezalmoqda


Andijon-Xonobod yo‘lidagi qurilishi bitmagan bino oldiga qo‘yilgan tunuka to‘siq.
Andijon-Xonobod yo‘lidagi qurilishi bitmagan bino oldiga qo‘yilgan tunuka to‘siq.

Andijonlik tadbirkorlar Mirziyoev tashrifiga tayyorgarlik ishlariga majburiy jalb qilinayotganliklaridan shikoyat qilishdi. Tadbirkorlarga ko‘ra, 77 kilometr uzunlikdagi Andijon-Xonobod avtomobil yo‘li bo‘yidagi uy va binolarning fasadi bezalmoqda. Tomlarning ko‘cha qismi bo‘yalib, qurilishi chala binolar tunuka bilan to‘sib qo‘yilayapti. Tadbirkorlarning arziga ko‘ra, bu ishlar uchun ayrim tadbirkorlar 500-1000 dollar atrofida pul sarflashga majbur bo‘layapti.

Tunuka to‘siqlar

Prezidentning mart oyida bo‘lishi kutilayotgan Xonobodga tashrifiga tayyorgarlik doirasida Andijon shahridan Xonobodgacha bo‘lgan 77,2 kilometr uzunlikdagi yo‘l bo‘yida to‘laligicha obodonlashtirish-ko‘kalamzorlashtirish ishlari ketayapti.

Shu ishlarga jalb qilingan andijonlik tadbirkorlardan biriga ko‘ra, u prezident tashrifiga tayyorgarlik ishlariga 500 dollarlik harajat qilishga majbur qolmoqda:

“Andijon-Xonobod yo‘li bo‘yidagi qurilishi tugallanmagan binolarning ko‘cha tomoni butunlay tunuka bilan to‘sib qo‘yilishi topshirildi. Men firmamga tegishli bino ham hali bitmagan. Ko‘cha tomoni 30 metrdan ziyodroq. Bunga zabor qo‘yish uchun tunuka sotib olish, usta haqi, umuman barcha harajatlari taxminan 500 dollarga tushayapti. Shu yo‘l bo‘yida joylashgan uylar, yangi qurilishlar, tadbirkorlik ob’ektlariga qiyin bo‘lib ketdi”, deydi ismini oshkor qilmaslik sharti bilan gapirgan tadbirkor.

Tadbirkor so‘zlariga ilova qilib, yo‘l chetiga qo‘yilayotgan tunuka to‘siqlar suratlarini ham jo‘natdi.

Andijon-Xonobod yo‘lidagi qurilishi bitmagan ushbu binoning ham oldiga tunuka to‘siq qo‘yish ishlari boshlangan. (Yashil tunukaga e’tibor qiling)
Andijon-Xonobod yo‘lidagi qurilishi bitmagan ushbu binoning ham oldiga tunuka to‘siq qo‘yish ishlari boshlangan. (Yashil tunukaga e’tibor qiling)

"Qizarib, ko‘karayotgan tomlar"

Ozodlik suhbatlashgan yana bir tadbirkor unga prezident tashrifiga tayyorgarlik ishlariga homiylik qilish topshirilganini aytdi:

“Hokimiyat topshirig‘i bu. Prezident yuradigan yo‘llar chetida ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish ishlari ketayapti. Firmamiz kattaroq bo‘lgani uchun 1000 dollarga yaqin harajat qilishimizga to‘g‘ri kelayapti. Yo‘l bo‘yida yashaydigan uylar tomining hech bo‘lmasa, ko‘cha qismini kraskalash, binolarni ohaklash shartligi aytildi. Endi barchaning ham qurbi etmaydi. Shuning uchun “kambag‘al oilalarga bu borada homiylik qilasiz” deyishdi. Bir nechta uyning ko‘cha tomoni qizil va yashil kraska bilan bo‘yaldi. Endi ko‘pga kelgan to‘y. Yo‘q desangiz, muammo qilishlaridan qo‘rqadi hamma”, dedi tadbirkor yigit.

“Ko‘zbo‘yamachilik qachongacha?”

500 dollar harajat qilayotganini aytgan tadbirkor prezident tashrifiga tayyorgarlik ishlarini ko‘zbo‘yamachilik deya atadi:

“Eski sistema, eski ko‘zbuyamachilik hali ham tomirlari qurimagan shekilli. Odamlarni moliyaviy sharoiti, qishning sovuq faktoriga zolimlarcha ko‘z yumilayapti. Hamma rahbarlar kuni ko‘chada qoldi va odamlarga devoringni shuvatasan, tomingni bo‘yaysan, tunukadan devor qilasan deb tazyiq o‘tkazib kelinmoqda. Qachongacha bu ko‘zbo‘yamachilik davom etadi, nima prezident xalqining real ko‘rinishini ko‘rishidan qo‘rqishadimi bular?”, dedi andijonlik tadbirkor.

Andijon-Xonobod yo‘lidagi qurilishi bitmagan bu binolar oldini tunuka bilan to‘sish hali nihoyasiga etmagan.
Andijon-Xonobod yo‘lidagi qurilishi bitmagan bu binolar oldini tunuka bilan to‘sish hali nihoyasiga etmagan.

Andijon viloyat hokimligi xodimi prezident tashrifiga tayyorgarlik ketayotganini tasdiqladi, biroq tadbirkorlar bunga majburlanganini inkor qilib, bu jarayonda barcha ixtiyoriy ravishda ishtirok etayotganini ta’kidladi.

“Prezident tashrifiga Xonobod gullab-yashnaydi”

Xonobod tuman hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Mirziyovning tashrifi mart oyiga mo‘ljallangan bo‘lib, hozircha aniq sanasi ma’lum emas.

“Prezident o‘tgan yili kelib ketganlarida shahrimizni gullab-yashnashi uchun qator topshiriqlar bergandi. Shundan so‘ng Vazirlar Mahkamasining maxsus qarori qabul qilindi. Hozirda butun shahar bo‘ylab obodonlashtirish ishlari ketayapti. Prezident Andijon shahridan avtomobilda kelishi rejalangan. Shunga Andijondan Xonobodga bo‘lguncha joydagi yo‘l bo‘ylarida ham obodonlashtirish ishlari ketayapti. Shaharning o‘zi prezident kelishiga gullab yashnaydi”, dedi o‘zini tanishtirmagan hokimlik xodimi.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 28 iyuldagi "2017-2019 yillarda Andijon viloyatining Xonobod shahrini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, shahar markazida 2 gektar maydonda uch qavatli supermarket va 200 o‘ringa mo‘ljallangan yangi “Xonobod" sanatoriysi qurilishi ham rejalangan.

Hokimlikdan olingan ma’lumotga ko‘ra, prezident tashrifiga Andijon – Xonobod yo‘nalishi bo‘yicha elektrlashtirilgan poezd qatnovi yo‘lga qo‘yilishi ham rejalanmoqda.

Мирзиёевнинг Хонободга келишига 77 км йўлдаги бинолар фасади безалмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:00 0:00
Бевосита линк

Karimovdan qolgan "an’ana"

O‘zbekistonda Prezident, Bosh vazirning viloyatlarga tashrifidan oldin ob’ektlarni chiroyli ko‘rsatish maqsadida ko‘zbo‘yamachilik qilish holatlari uchrab turadi.

O‘tgan yilning noyabr oyida Sharof Rashidovning 100 yillik yubileyi oldidan jizzaxliklar uylarining shiferlarini tunukaga almashtirib, uni qizilga bo‘yashga majburlangan edi. Belgiyadan keltirib, ko‘chalarga o‘tqazilgan gul va daraxtlar quriy boshlagach, ko‘chatlarning har biriga bittadan odam biriktirilgandi.

2017 yilning aprelida bir-biridan mustaqil tinglovchilar prezidentning Jizzax viloyatiga safaridan oldin ko‘chalarda yillardan buyon qilinmagan obodonlashtirish ishlari zudlik bilan boshlab yuborilganini Ozodlikka xabar qilgan edi.

2015 yilning oktabrida Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanidagi Shahartepa qishlog‘idan o‘tuvchi avtomobil yo‘li chetidagi paxtasi terib olingan chanoqlarga qaytadan paxta yelimlab chiqilgan edi. O‘sha paytda mamlakat Bosh vaziri lavozimida bo‘lgan Shavkat Mirziyoevning ehtimoliy tashrifi arafasida mahalliy hokimiyat vakillari “paxtamiz hali ko‘p” deya maqtanmoqchi bo‘ldi, lekin mehmon bu hududga qadam bosmagan.

XS
SM
MD
LG