Toshkent hukumatiga yaqin bir necha mulozimning Ozodlikka bildirishicha¸ O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi butunlay tugatilgan.
Bu boshqarmani tugatish haqidagi rasmiy buyruqning kim tomonidan¸ qachon chiqarilgani hozircha Ozodlikka ma’lum emas. Ozodlik bunday buyruqni bevosita ko‘rgani ham yo‘q.
Bunday buyruq borligi va uning ijrosi darhol boshlanganini bildirgan hukumatga yaqin mulozim¸ MXXning ko‘chadagi "pistafurushdan tortib Bosh vazirgacha - barchani korrupsiya sirtmog‘i bilan terror qilib kelgan boshqarmasi" rasman tugatilganini iddao qildi.
“SNBdagi korrupsiya boshqarmasi shunchaki korrupsiya emas¸ balki hokimiyat yuqori bo‘g‘inlaridagi korrupsiya bilan shug‘ullanardi. Adashmasam¸ nomidayam “korrupsiya v visshix eshelonax vlasti”¸ degan joyi bor edi. (O‘zbekiston MXXsi mamlakatdagi eng yopiq tashkilot bo‘lib qolmoqda¸ shu bois uning tarkibiy tuzilishi¸ boshqarma va boshqa tizimlari nomlanishi jamoatchilikka ma’lum emas – tahr.) Oddiy xalq yoki tadbirkor u yoqda tursin¸ butun O‘zbekiston rahbarlari¸ hokim¸ vazir¸ prokuror va melisa rahbarlarini qo‘rquvda ushlab kelgan aynan shu boshqarma bo‘ladi. Mirziyoev "istagan odamini g‘iybat bilan o‘g‘riga chiqaradi¸" deganda aynan shu boshqarmani nazarda tutdi¸” dedi Ozodlikka shaxsi ochiqlanmasligini so‘rab ma’lumot bergan mulozimlardan biri.
Bu suhbatdoshga ko‘ra¸ "tugatilgan boshqarma boshlig‘i hozircha uyida o‘tiripti¸ 20 yil ishlagan xodimlari pensiyaga kuzatilmoqda¸ qolganlari shunchaki ishdan haydalmoqda.
"Korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasini tugatish 20 kuncha avval boshlanganini aytgan MXXga yaqin mulozimlardan yana biri¸ bu o‘zgarish ortidan "IIVning Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasining korrupsiyaga qarshi kurash vakolatlarini kuchaytirish masalasi muhokama qilinayotgani"ni bildirdi.
Jamoatchilik va matbuot O‘zbekiston MXXsi bilan bog‘lanish imkoniga ega emasligi bois (MXX- O‘zbekistondagi rasmiy sayti yo‘q yagona davlat idorasi bo‘lib qolmoqda - tahr.) ¸ Ozodlik bunday ma’lumotga bevosita MXXning o‘zidan munosabat ola olmadi.
Shavkat Mirziyoev prezidentlikka saylanganidan so‘ng qabul qilingan dastlabki qonunlar orasida 2017 yil 3 yanvar kuni imzolangan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun ham bor.
Bu qonunning “Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari” deb nomlangan 7-moddasiga ko‘ra¸ korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari ro‘yxatiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi¸ Milliy xavfsizlik xizmati¸Ichki ishlar va Adliya vazirligi kiritilgan va Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti alohida tizim sifatida qayd etilgan.
Ayni paytda¸ bu moddada “korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni qonun hujjatlariga muvofiq boshqa davlat organlari ham amalga oshiradi”¸ degan qo‘shimcha bor¸ biroq "boshqa organlar" nomi ochiqlanmagan.
"Korrupsiyaga qarshi kurash to‘lig‘icha prokuraturaga berildi "
Respublika huquq tizimlari rasmiylaridan biri Ozodlik bilan muloqotda¸ bunday harakat MXXdagi dublikat tizimlarni yo‘qotish doirasida amalga oshirilganini bildirdi.
“Bilasiz¸ O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzurida Soliq¸ valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti bor. Mirziyoev kelganidan keyin bu departament vakolatlari kuchaytirildi¸ xodimlari soni ham ko‘paydi. MXXdagi bu boshqarma ayni shu ishga vakolatlangan ikkinchi struktura o‘zi aslida. Prezident ikkinchisini yo‘qotdi. Bundan keyin O‘zbekistondagi korruptsiyaga qarshi kurash prokuratura vakolatida bo‘ladi. Hokimiyat ichidagi korrupsiyani tekshirish faqat prokurorning ishi bo‘ladi bundan keyin¸” dedi huquq tizimidagi mulozimlardan biri.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatining Ozodlik 12 fevral kuni bog‘langan rasmiysi prokuraturaning mamlakatdagi korrupsiyaga qarshi kurashishga vakolatlangan asosiy tizim bo‘lajagi haqidagi ma’lumotni na tasdiqlash¸ na inkor eta olishini bildirdi.
MXX raisi Rustam Inoyatov ishdan olingan 31 yanvar kungi chiqishida prezident Mirziyoev “maxsus xizmat doirasiga kirmaydigan vazifalar bilan shug‘ullanadigan, boshqa davlat tuzilmalari faoliyatini takrorlaydigan bo‘linmalarni tugatish”ni buyurgan edi.
Toshkent hukumatiga yaqin mulozimlar o‘tgan hafta Ozodlikka bu topshiriq asosida MXX tarkibida sara qurolli bo‘linmalarning Ichki ishlar vazirligiga qaytarilganini xabar qilgan edi.
“MXX zamoni tugadi”
Prezidentlikka kelishi bilan prokuratura¸ Ichki ishlar vazirligi va sud tizimini poraxo‘rlik va adolatsizlikda ayblagan Shavkat Mirziyoev¸ 2018 yilga qadar MXX nomini o‘z chiqishlarida tilga olmay keldi.
Ammo prezidentning shu yil 19 yanvar kuni Surxondaryo viloyat, Qiziriq tumanida viloyat faollari bilan o‘tkazgan majlisidan so‘ng MXX va uning Karimov davridagi faoliyati prezdent tanqidining bosh nishoniga aylandi.
Prezident matbuot xizmati tomonidan rasman e’lon qilinmagan bo‘lsa-da¸ jamoatchilikka Ozodlik orqali tarqab ketgan bu majlisdagi gaplarida Mirziyoev¸ “kabinetdan chiqmaydigan MXX xodimlarining hokimiyat tizimlarini doimiy qo‘rquvda ushlab kelganini g‘azab bilan tilga oldi va bu davr tugaganini qayta-qayta ta’kidladi:
- Hokim hech kimmasdi. Hamma viloyat hokimi ularning (MXX mahalliy rahbarlari nazarda tutilmoqda – tahr.) kabinetida edi. Salgina gap ko‘tarsa¸ g‘iybat qilib darrov ishdan optashardi. Bu o‘g‘ri¸ bu to‘g‘ri. Juda bo‘lmasa¸ bitta g‘iybatti bo‘yniga qo‘yardi ular. U zamon tugadi. Man birortasiga ishonmayman. Manga birortasining bularning ma’lumoti kerak emas. Hech kimmas bular. Bularni g‘o‘dayishlari bizning davlatga juda og‘ir tushdi¸ dedi 19 yanvar kuni Surxondaryoda o‘tkazilgan yig‘inda prezident jumladan.
2005 yil Andijon voqealaridan so‘ng Islom Karimov hokimiyatining bosh tayanchiga aylangani aytiladigan Milliy xavfsizlik xizmati Ichki ishlar¸ Mudofaa va Adliya vazirliklari¸ qolaversa¸ Bosh prokuratura vakolatlarini o‘z qo‘liga oldi.
Keyingi o‘n yillik davomida korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarda ayblangan minglab davlat va hukumat mulozimi aynan MXX ochgan ish bo‘yicha jazoga tortildi.
(Prezident Karimovning o‘zi 2010 yilning 17 dekabr kuni Samarqandda qilgan chiqishida¸ 2008-2010 yillar orasida 1391 nafar mansabdor shaxsning korrupsiyada ayblanganini tilga olgan edi. Ular aksariyatining MXX tomonidan hibsga olingani aytiladi.)
Ular orasida prezident davlat maslahatchisidan tortib¸ viloyatlar hokimlarigacha bor.
O‘tgan yillar davomida iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib¸ og‘ir jazoga hukm qilingan mahalliy va xorijiy tadbirkorlarning aniq soni jamoatchilikka ma’lum emas.
Ayni paytda¸ MXXning korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasining huquq tizimlari ichidagi eng korrupsiyalashgan tizim bo‘lgani aytiladi.
2014 yil so‘nggida¸ MXXning bugunga kelib tugatilgan Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Javdat Sharifxo‘jaevning o‘zi noqonuniy tadbirkorlik, korrupsiya va davlat mablag‘larini o‘zlashtirishda ayblanib, ozodlikdan mahrum qilingan edi.
MXX raisining sobiq o‘rinbosari¸ qudratli generallardan biri Hayot Sharifxo‘jaevning ukasi¸ Ozodlikka o‘z ishonchli manbalaridan kelgan ma’lumotga ko‘ra¸ 4 yil ozodlikdan mahrum etilgan va Bekoboddagi xavfsizlik idoralari sobiq xodimlari saqlanadigan 64/21-sonli jazoni ijro etish muassasasiga yuborilgan.
53 yashar MXX polkovnigining Mirziyoev hokimiyatga kelgandan keyingi taqdiriga oid tafsilotlar hozircha Ozodlikka ma’lum emas.
Bu tafsilotlar¸ qolaversa¸ MXX ichida borayotgan o‘zgarishlardan bevosita xabardor bo‘lsangiz¸ bu jarayon sizning hayotingizga bevosita daxldor bo‘lsa¸ bu haqda Ozodlikka ma’lumot yo‘llashingiz mumkin. Shaxsingiz sir qolishi kafolatlanadi.