Линклар

Шошилинч хабар
16 ноябр 2018, Тошкент вақти: 06:14

Oqilov Stokxolmdagi sudda islomiy bilimi yo‘qligini fosh qildi


Shvetsiyaning yetakchi axborot agentligi TT xabariga ko‘ra, terrorchilikda gumonlanayotgan o‘zbekistonlik 40 yashar sudlanuvchi Rahmat Oqilov Stokxolm markazida sodir etgan hujumidan pushaymon ekanini yoki aksincha, pushaymon emasligini aytishdan bosh tortdi.

21 yanvar kuni qurbonlar advokatlari o‘tkazgan so‘roq davomida Oqilovning javoblari o‘ta qisqa bo‘ldi.

- Men qurbonlar hissiyotiga ozor berishni istamayman, - dedi u.

10 oydan ko‘proq vaqtdan buyon hibsda saqlanayotgan Rahmat Oqilov o‘tgan yil 7 aprelida Stokxolm markazida odamlar ustiga yuk mashinasini haydab to‘g‘ri ish qildim, degan ishonchda.

Oqilovning so‘zlariga ko‘ra, u o‘zining terror hujumini "musulmonlar zaminida yuz berayotgan yovuzliklarga jim qarab tura olmagani" bilan izohladi.

O‘shanda shahar markazidagi Drottninggatan ko‘chasida yurgan piyodalar yuk mashinasi bilan bostirilgan, oqibatda besh odam o‘lgan edi.

O‘lganlar orasida 11 yashar qiz, Britaniya va Belgiya fuqarosi bo‘lgan, o‘ndan ortiq odam jarohat olgandi.

"O‘sha hujum sodir etilgan kundan buyon qayg‘uda bo‘lgan, motam tutayotganlarga nima deya olasiz?" degan savolga Oqilov:

- Buyuk Alloh bizni hukm qiladi va qaysi qilmishimiz noto‘g‘ri bo‘lganini u hal qiladi, - deya javob qaytardi.

Qurbonlardan birining advokati, Mari Shchaubning "o‘z amalingiz bilan Islomga xilof ish qilmadingizmi?" degan savoliga.

- Islomdagi besh arkondan biri jihoddir, - deya javob qaytardi.

Suddan so‘ng Oqilovning javobiga izoh bergan Mari Shchaub uning Islomiy bilimga ega emasligini aytdi.

Sud jarayonini kuzatayotgan TT muxbiri Ula Uesterbergning Ozodlikka aytishicha, Oqilov bergan javoblar qurbonlar yaqinlari va jurnalistlarni dahshatga solgan.

- Ba’zi qurbonlarning yig‘layotganini ko‘rish mumkin edi. Ba’zilarga Oqilovni mahkamada ko‘rish va uning gaplarini eshitish og‘ir edi, - dedi Ula Usterberg.

Oqilov sud paytida "Islom davlati"ga bergan bay’atiga haliyam sodiqligini ta’kidladi.

Suddan keyin gapirgan Oqilovning advokati Yohan Erikson sudda qurbonlar advokatlari ko‘targan masalalar sudga taalluqli bo‘lmaganini aytdi.

Oqilov ustidan sud majlisi 13 fevral kuni boshlandi va u majlisning birinchi kunidayoq jinoyatni sodir etganini tan oldi.

Rahmat Oqilov ID ekstremist guruhiga bay’at berganini ham tan olgan, ammo bu guruh Stokxolm hujumi uchun mas’uliyatni zimmasiga olmagan.

Bunga qadar Oqilov advokati Yohan Erikson ham o‘zbekistonlik muhojirning shvetsiyaliklar orasida terror tahlikasini tug‘dirish va hukumatning “Islom davlati” guruhiga qarshi xalqaro koalitsiyadan chiqishga majburlash maqsadida hujumga qo‘l urganini matbuotga bildirgan.

Ozodlik o‘tkazgan maxsus surishtiruv davomida Oqilovning hujum paytidagi hatti-harakatlarini “Islomiy davlat” ekstremist guruhi safida Suriyada jang qilayotgan asli tojikistonlik jangarilar boshqargani aniqlandi.

Mahkamaning birinchi kunida qoralovchilar Oqilovga umrbod qamoq jazosi berilishini so‘ragan.

Shvetsiyada umrbod qamoq jazosi muddati turlicha bo‘lishi mumkin, ammo o‘rtacha 16 yilni tashkil qiladi.

Oqilov ustidan mahkamaning may oyigacha davom etishi, hukmning esa iyun oyida chiqishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG