Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 02:46

Toshkent prokuraturasi Ahmadboydan “kuyganlar”ni ro‘yxatga olishni boshladi (VIDEO)


Ahmad Tursunboev
Ahmad Tursunboev

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi chinozlik “Ahmadboy” nomi bilan tanilgan Ahmad Tursunboev ustidan hukm chiqargan kuniyoq Toshkent viloyat prokuraturasi Tursunboevga pul berganlarning ro‘yxatini tuzib¸ ular bilan bittama-bitta suhbat qilishni boshladi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ bu jarayon qator tumanlar¸ xususan¸ Ahmadboyga pul berganlar ko‘pchilikni tashkil qilgan Chinoz va Yangiyo‘l tumanlarida boshlangan.

Toshkent viloyat prokuraturasining o‘nlab tergovchisi 21 fevraldan Chinozda tumandagi Xizmat ko‘rsatish iqtisodiyot kasb-hunar kolleji¸ Yangiyo‘lda esa¸ Texnologiya (eski nomlanishi oziq-ovqat) kolleji binosida maxsus shtab ochgan.

Yangiyo‘ldagi shtab ishiga bevosita aloqador mulozimning Ozodlikka aytishicha¸ o‘tgan chorshanba kuni ish boshlagan 20 dan oshiq tergovchi¸ ertalabki soat 8 dan kechqurungi 10 gacha fuqarolarni qabul qilmoqda.

“Birinchi kuni kamida 3000 odam keldi. Ular pasport kopiyasini taqdim qilganidan keyin¸ tergovchi bilan uchrashish uchun jeton tarqatildi. Jetonda falon kuni falon soatda falon xonaga kelasiz¸ deb yozilgan. Aytilgan paytda kelganlarni tergovchilar qabul qilib¸ ularning arizasini rasmiylashtirmoqda. Bugun ham ancha odam turipti. Hech qaerda rasmiy e’lon berilmagan bo‘lsa ham¸ odamlar bir-biridan eshitib kelayapti”¸ dedi Ozodlik bilan suhbatda Yangiyo‘l Texnologiya (eski nomi Oziq-ovqat) kolleji binosida joylashgan maxsus shtabning shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan vakili.

Тошкент прокуратураси Аҳмадбойдан “куйганлар”ни рўйхатга олишни бошлади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:22 0:00

Mazkur kollejda ishlovchi o‘qituvchilardan biri¸ prokuratura shtabidan odamlarning oyog‘i uzilmayotganini bildirdi.

“Pul berganlar ko‘p ekan. Ahmadboyning sudida kuyganlarga pulini olib berarkan¸ degan gapdan keyin yopirilib kelishayapti”¸ dedi Texnologiya kolleji o‘qituvchilaridan biri.

21 fevral kuni Ahmad Tursunboev ustidan chiqarilgan hukmni o‘qib eshittirgan sudya odamlarning Ahmadboyga topshirgan mulkini qaytarish bo‘yicha alohida jinoyat ishi tergovi borayotgani va mulk va pullar masalasi shu jinoyat ishi doirasida ko‘rib chiqilishini bildirgan edi.

Sud majlisida hakam e’lon qilgan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, tergovi borayotgan ish doirasida juda ko‘p ko‘chmas mulk, moddiy-tovar boyliklar, shu jumladan, avtomobillar, shuningdek, 12 yarim million AQSh dollari miqdoridagi pul xatlab qo‘yilgan. Qolaversa sudda Tursunboevga bergan pulini qaytib ololmaganlarga tegishli tartibda sudga murojaat qilish tavsiya etilgan.

26 fevral kuni Ozodlik bog‘langan O‘zbekiston Oliy sudi mulozimi¸ Tursunboevga pul berganlar ishi bilan sudgacha tergov organlari shug‘ullanayotganini bildirdi.

“Sud tergov tugagandan keyin hal qiladi. Ahmadboy Tursunboev boshchiligidagi jinoiy guruh harakatlari tufayli yetkizilgan moddiy zararni qoplash masalasi keyingi jinoyat ishlarining natijalariga qarab hal qilinadi. Hozir tergov jarayoni prokuratura organlarida ketayapti. Pul berganlar dastlab tergov organlariga rasmiy ariza bilan murojaat qilishi kerak. Bu jarayon boshlandi¸ qachon tugashi sudga emas¸ tergovga bog‘liq”¸ dedi Oliy sud matbuot xizmati rasmiysi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi 21 fevral kuni Tursunboevni 13 yillik qamoqqa hukm qildi.

O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik),168-moddasi (firibgarlik) va 170-modda (aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan mulkiy zarar yetkazish), shuningdek, 177-modda - valyutani qonunga xilof ravishda olish va 178-modda - chet el valyutasini yashirish bandlari bo‘yicha ayblangan Tursunboevga amnistiya qo‘llanilib¸ unga berilgan ozodlikdan mahrum qilish jazosining o‘talmagan muddati to‘rtdan bir qismiga qisqartirildi.

Bundan tashqari, Tursunboev bir yil muddatga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishdan mahrum etildi va eng kam ish haqining 400 baravari — 52 mln 96 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

XS
SM
MD
LG