Линклар

Шошилинч хабар
11 декабр 2018, Тошкент вақти: 19:22

Prezident Mirziyoev korrupsiyani kamaytirish uchun davlat amaldorlarining to‘yga borishini taqiqladi (AUDIO)


Toshkent boylarining to‘yidagi dasturxon surati.

O‘zbekiston prezidenti Navoiy viloyatiga safar qilgan 2 mart kuni Ozodlikka yuborilgan audiofaylda Shavkat Mirziyoev "ertaga Senat"ning davlat amaldorlarining to‘y-hashamlariga borishini taqiqlovchi qarori chiqajagini bildiradi.

Prezident raislik qilgan yig‘inda bevosita qatnashgan mulozim tomonidan yozib olingan 16 daqiqalik audiofayldagi gaplarning aynan qaysi kuni¸ qaysi majlisda aytilgani Ozodlikka aniq ma’lum qilinmadi.

Ammo Mirziyoev gaplari mantig‘idan ularning 27 fevral kuni import -eksport masalalariga bag‘ishlab Toshkentda o‘tkazilgan videoselektorda aytilganini taxmin qilish mumkin.

Hozirga qadar prezident matbuot xizmati va mahalliy matbuotga to‘lig‘icha yoyinlanmagan bu chiqishida Mirziyoev¸ butun mamlakat bo‘ylab davlat amaldorlariga halol ishlash uchun barcha sharoitni yaratib bergani va endilikda ulardan adolatni qattiq talab qilish fursati kelgani haqida gapiradi.

Rahbarlarga "tarixda bo‘lmagan uy¸ mashina va boshqa sharoitlarni qilib bergani" haqida gapira turib prezident¸ ularni adolatsizlik va korrupsiyaga tortayotgan sabablardan biri to‘y-hashamlar degan ma’noda¸ ana shu tadbirlarni tartibga solish haqida gapirishga o‘tadi:

- Mana ertaga qaror chiqadi¸ Bosh vazirdan¸ hokimdan boshlab ijroiya organi vakillarining to‘y-marosimlarga borishi man etiladi. Choyxonalarda davlat mashinasini ko‘rgan kunim¸ o‘shalarni ishdan olib tashlayman¸ jazolayman¸ deydi videoselektor yig‘ilishining Ozodlikka yuborilgan audioyozuvida prezident Shavkat Mirziyoev.

Шавкат Мирзиëев тўйлар ҳақида
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:33 0:00
Бевосита линк


"Tug‘ilgan kunini nishonlagan¸ to‘y-hashamga borgan amaldorlarni qamayman!"

Prezident¸ umuman jamiyat¸ xususan¸ davlat amaldorlari orasida avj olgan korruptsiyani yo‘qotish uchun serxarajat to‘y-marosimlarni ham¸ davlat rasmiylarining unga "g‘o‘dayib" borishini ham taqiqlashga majbur bo‘lganini bildiradi:

- Birorta rahbar¸ mandan boshlab¸ tug‘ilgan kuniniyam nishonlamaydi, to‘yiniyam, mandan boshlab. Bo‘ldi¸ u zamonlar o‘tdi¸ odamlarning g‘ashini keltirayapti bu narsa¸ la’natini keltirayapti. Marosim ham¸ to‘y ham rahbarlarsiz bo‘ladi. Bosh vazir boradi g‘o‘ddayib hamma muovini bilan¸ hamma turadi... San o‘sha 20 kilo go‘shtning puliga kambag‘alning uyini kraska qilib ber¸ uyiga televizor olib ber¸ noinsof.

Men o‘zim ham borganman, hammamiz g‘o‘dayib borardik, Bosh vazirning hamma muovini moshinlarga minib, hamma qarab turadi, Bosh prokuratura, balo prokuratura, bu kimga yarashadi?​- degan Mirziyoev¸ erta-indin chiqariladigan qarorda to‘y-hashamlarga chaqiriladigan mehmonlar soniga qadar qat’iy belgilanishini ma’lum qildi.

Prezident emas¸ balki Senat chiqaradigan qarorda¸ Mirziyoevga ko‘ra¸ to‘yga eng ko‘pi 150 kishi¸ oshga esa 200 kishining chaqirilishga ruxsat beriladi.

- Qani¸ birortang g‘ing deb ko‘rchi¸ qamayman¸ deydi buni e’lon qilishi ortidan zalda o‘tirgan amaldorlarga qarata prezident.

(Prezidentning zalda o‘tirganlarga tashlagan luqmasidan¸ yig‘ilishda Bosh vazir Abdulla Aripov¸ uning o‘rinbosarlari¸ Toshkent shahar hokimi¸ shuningdek¸ videoaloqa orqali viloyat hokimlari ham qatnashgani tushuniladi.)

"Toshkentda to‘rtta qizi bor odam o‘zini osishi kerak!"

To‘y qilishning aniq me’yorlari yozib berilishini ta’kidlagan prezident¸ Toshkent misolida qizlarni turmushga uzatishning naqadar qimmatligini tilga oladi:

- Toshkentda to‘rtta qizi bor odam, o‘zini osish kerak, to‘y qilish uchun. Oddiy odam, oilali, byudjetdan oylik oladigan odam o‘zini osish kerak. To‘rtta qizini erga berish uchun o‘zini ossa to‘g‘ri bo‘ladi. Nimaga, hech qanday imkoniyati yo‘q, baribir bechora qarz oladi, o‘zini qaramaydi, duxturga bormaydi, faqat to‘yga yig‘adi. Chunki, to‘y necha kilo osh, nechta mebel, bo‘ldi biz oldin tashviqot qilib ko‘rdik, bo‘lmadi bu tashviqot. Kimga kerak bu to‘y? deb davom etadi nutqida.

To‘y-marosimlarni qat’iy normaga solish¸ Mirziyoev ta’kidicha¸ mamlakatda korrupsiyani kamaytirish¸ adolat o‘rnatishga xizmat qiladi:

- To‘yni agar joyiga qo‘ysak, korrupsiya bo‘lmaydi, odamlar rozi bo‘ladi, adolat paydo bo‘ladi. Hamma bir xil to‘y qiladi. Agar birorta rahbar, hokimmi, prokurormi, soliqchimi, chegarachimi, shu me’yordan chiqsa, o‘sha kuni ko‘rasizlar, qamayman hammani qonun oldida.Nimaga desangiz, bu adolatsizlik, qaysi ministr yoki Bosh vazir o‘rinbosari shunday oylik oladi, bunday to‘y qilishga qaerdan oylik oladi, bu hammasi o‘g‘rilik. Agar buni tagini surishtirsak, o‘g‘rilik. Bu ham ana shu adolatsizlikni targ‘ib qiladi, hamma buni bilishi kerak¸ deya pisanda qiladi Mirziyoev.

Yangicha to‘ylar - mehmonlar soni¸ to‘y vaqtigacha nazorat qilinadi

To‘ylar haqidagi qizg‘in gaplarida prezident to‘y-marosimlarni ixcham qilish haqida olib borilgan tashviqot ishlari natija bermaganini e’tirof etadi.

"Odamlarimiz 20 ming dollar ishlab¸ to‘y qilaman¸ mebel olaman deb Rossiyaga ketayapti"¸ degan prezident "erta" chiqarilishini aytgan qarorda Andijonda urf bo‘lgan sahargi oshlarning butunlay taqiqlanishi¸ to‘y tadbirlarining esa¸ tushlikka ko‘chirilishini bildiradi:

- 110 kishi, 120 kishi, tamom. Juda borsa¸ 150 kishilik to‘y qiladi. Boshqa to‘y bo‘lmaydi, hech qaerda. Juda yaxshi bo‘ladi, faqat yoshlar bo‘ladi, to‘yda. Qariyalar non sindirishga boradi, yoshlar to‘yga boradi. Men shunday qaror yozib chiqarishga majburman.​

Nima uchun buni aytayapman? Andijonda ham bu judayam haligi ketgan, ertalabki to‘ylar. Avvalo¸ ertalabki to‘ylar yo‘q bo‘ladi. Bo‘ldi endi, obedda soat birdan ikkigacha to‘y. Kechqurun qaysi restoran to‘y qilsa, o‘sha restoranni yopamiz, tamom. Men buni iltimos qilib aytmoqchiman, bu xalqimizga xiyonat bo‘layapti¸ deydi Ozodlikka 2 mart kuni yuborilgan audiofayl davomida Shavkat Mirziyoev.

Prezident "ertaga to‘ylarga oid Senat qaror chiqaradi"¸ deganda aynan majlisning ertasidan ko‘ra ko‘proq yaqin kun va haftalarni nazarda tutgan aftidan. Bu gaplar aytilganidan beri o‘tgan bir necha kun davomida O‘zbekiston Senatining majlis o‘tkazgani va to‘ylarga oid qaror chiqargani haqida hozircha ma’lumot yo‘q. Senat rasmiy saytidan 2 mart kuni senatorlarning shu kunlarda to‘ylarga oid biror hujjat loyihasini muhokama qilgani yoki yaqin kelajakda qilishiga oid xabar topilmadi.

O‘tgan yil avgust oyida Toshkent viloyatida qilgan chiqishida ham prezident Mirziyoev to‘ylarni ixchamlashtirish taklifini o‘rtaga tashlagan va shundan so‘ng Toshkent va viloyatlarda kamxarajat to‘ylar targ‘iboti boshlangan edi.

XS
SM
MD
LG