Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:04

Tashkent City quriladigan hududdan ko‘chmaganlarning uyi muhrlanmoqda


O‘tgan hafta Shayxontohur tuman hokimligi Tashkent City biznes markazi qurilishi bois buzilishi rejalangan O‘qchi-Olmazor massividagi uylardan ko‘chishni istamagan aholi uylarini muhrlashni boshladi. Ayrim oilalar hokimlik taklif qilgan uydan qoniqmagani bois ko‘chishni istamayapti.

O‘qchi mahallasida yashovchi Abdulaziz Odilovning Ozodlikka, o‘tgan hafta uchastka noziri tomonidan uyi muhrlab ketilganini aytadi:

- Uchastkavoy tomonidan muhrlangan. Kechqurun ishdan kelsam, muhrlab qo‘yilgan, eshikda pechat turibdi. Endi qaerga boraman? Muhrni buzib uyga kirib, keyin telefon qilib, “Uyimni pechat qilibsizlar” desam, “Bu sani qanaqa uying”, deb meni nimalar deb atashmadi. Poka prezidentimiz eshitmagunicha, bular meni ko‘chaga chiqarib tashlayapti. Ertaga mahallam buzilib ketsa, ko‘chada qolib ketsamchi?, deydi Abdulaziz Odilov.

Odilovning aytishicha, buzilishi lozim bo‘lgan uyi o‘rniga berilgan kvartira bir paytning o‘zida boshqa odamga ham berilgani bois¸ ko‘chib chiqa olmayapti. Odilovga ko‘ra, bu muammoga e’tibor bermayotgan hokimlik rasmiylari undan chiqib ketishni talab qilishda davom etmoqda.

O‘qchi ko‘chasida gazi uzib qo‘yilgan odamlar o‘choqda ovqat pishirayapti
O‘qchi ko‘chasida gazi uzib qo‘yilgan odamlar o‘choqda ovqat pishirayapti

Shu mahallada yashovchi Sa’dulla Sharipovga ko‘ra, ko‘chishni istamayotganlarning uylarini tabiiy gazdan ham uzib qo‘yishmoqda:

- Atrofimiz hammasi buzib tashlangan. Bitta mening uyim turibdi o‘rtada. Taxminan o‘n kuncha oldin ishga ketgan vaqtim gazni uzib ketishdi. Qizlarim uyda edi, ular uzib ketishganini bilishmapti ham, deydi Sa’dulla Sharipov.

Sharipov¸ ota hovlisida doimiy propiskada qolib¸ shu uyda yashayotgan ikki qizi uchun alohida kvartira berilishi talabi bilan uyidan chiqib ketishga rozi bo‘lmayapti.

O‘qchi mahallasidan ko‘chishni istamayotganlardan yana biri- Muhabbat Tolipova hokimlik taklif qilgan uydan qoniqmayapti. Tolipovaga ko‘ra, mahalla faollari bu oilani ko‘chirish uchun kuchli bosim qilayapti:

- 40 yildan beri shu xonadonda yashayman. Toshkent siti tushayotgani uchun uyimiz buzilishi kerak. Sergeli-7dan uy taklif qilishdi. 9-etaj. Bizlar otkaz qildik. Chunki xo‘jayinim gipertonik, saxar. Ikkalamiz ham qarimiz. Yaqinda 7-etajdan taklif qilishdi. Borib ko‘rdik. Juda eski uy. Uni epaqaga keltirishga mening holim yo‘q. Kecha mahalla raisimiz “Xohlamasa, propiskadan o‘chirib tashlayman, bular uysiz qoladi” degan gap qildi, deydi Muhabbat Tolipova.

Shayxontohur tuman hokimligining o‘zini Abduvahob deb tanishtirgan xodimi ko‘chishni istamayotganlarning uylari muhrlanib, gaz va elektri uzib qo‘yilayotganini tasdiqladi.

- Endi buzilish ketayotgan hududda kesib qo‘yiladi-da, dedi hokimlik xodimi.

Shayxontohur tuman hokimligi o‘tkazgan xatlov bo‘yicha O‘qchi-Olmazor massivida jami 521ta turar joy joylashgan bo‘lib, ularda 2165 ta oila doimiy ro‘yxatdan o‘tgan.

Biroq hokimlik xodimlari doimiy ro‘yxatda turganlardan 1027 ta oilani uzoq vaqt mobaynida ushbu mahallalarda yashamaganini aniqlagan va ularga kvartira emas, faqat kompensatsiya berishga qaror qilgan.

Shayxontohur tuman hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, doimiy ro‘yxatda turgan 1138 ta oila uchun esa Yashnobod tumanida 21 ta ko‘p qavatli turar joy qurilishi ketayapti:

- Yashnaobod tumanida qurilayotgan ko‘p qavatli uylarni ko‘chirish uchun ariza qabul qilinayapti. Bu uylar olti oy ichida bitiriladi. Ungacha kompensatsiya berilayapti, ijarada turish uchun naqd pul qo‘liga berilayapti. Oyiga bir million to‘rt yuz ming so‘mdan bo‘lsa kerak. Hokimiyat qilgan ishlarni qoralamanglar, dedi hokimlik vakili.

Tashkent City qurilishi bois aholi duch kelayotgan muammolarni hatto Britaniyada ingliz tilida chiqadigan The Guardian nashri ham ko‘tarib chiqdi.

18 oktabr kuni The Guardian nashri ham ingliz¸ ham o‘zbek tilida chop etilgan "Men qutida yashashni istamayman: Odamlar Toshkent obod bo‘lishi uchun o‘z uyidan ko‘chirilmoqda" deb nomlangan maqola Tashkent City loyihasining oddiy odamlar hayotiga ta’siriga bag‘ishlangan.

Tashkent City loyihasining surati.
Tashkent City loyihasining surati.

Ishbilarmonlik markazi sifatida bunyod etiladigan Tashkent City kompleksning umumiy maydoni 70 gektarni tashkil etadi. Bu binoda ofislar, mehmonxona va restoranlar, xiyobon va texnoparklar ish olib boradi.

Toshkentning O‘qchi-Olmazor massivida bunyod etilishi rejalashtirilayotgan loyihaning umumiy qiymati 1 milliard dollarni tashkil qiladi.

Ozodlikning Toshkent hukumatiga yaqin manbasiga ko‘ra¸ Tashkent City loyihasi Qozog‘istondagi rasmiy milliarderlardan biri Fattoh Shodievga qarashli.

XS
SM
MD
LG