Линклар

Шошилинч хабар
24 сентябр 2018, Тошкент вақти: 12:56

Harakat erkinligini buzib kelayotgan “chiqish vizasi” 2019 yil yanvaridan bekor bo‘lmaydi


Prezident Mirziyoevning 2017 yil 16 avgust kungi farmonida 2019 yilning 1 yanvaridan xorijga chiqish stikerini bekor qilish topshirilgan edi. 2018 yilning mart oyiga kelib¸ “chiqish vizasi”ning o‘zbekistonliklar qo‘lidagi joriy pasport yangisiga almashtirilmaguncha¸ saqlanib qolishi ma’lum bo‘ldi.

Prezidentning bu farmoni o‘zi va oilasi hayoti xorij davlatlaridagi mehnat muhojiratiga bog‘liq bo‘lgan millionlab o‘zbekistonlik tomonidan Mirziyoev islohotlarining eng muhimlaridan biri sifatida olqish bilan qarshi olingan edi.

Ko‘pchilik bu farmonni¸ 2019 yilning 1 yanvaridan so‘ng amaldagi biometrik pasport bilan O‘zbekistonga borib¸ chiqish vizasi so‘ralmagan holda¸ qaytib chiqishga beriladigan huquqiy asos sifatida qabul qilgan edi.

Ammo Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi (sobiq Xorijga chiqish, kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi) boshlig‘i, polkovnik Badriddin Shorisqiev bayonoti¸ bunday umidlarning asossiz ekanini ko‘rsatdi.

8 mart kuni ni kun.uz nashri e’lon qilgan suhbatda Shorisqiev:

"2019 yil 1 yanvar kuni xorijga chiqmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklar biometrik pasportlarida muddati o‘tmagan stikerlari bo‘lsa (ham) xorijga chiqishlari mumkin", dedi.

8 mart kuni Ozodlikka bu bayonotni tushuntirgan Xorijga chiqish, kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish tizimi rasmiylari¸ 2019 yilning 1 yanvaridan so‘ng ham¸ to yangi joriy etilishi kutilayotgan maxsus xorijga chiqish pasporti olmagunga qadar¸ joriy biometrik pasport egalari¸ O‘zbekistondan chiqish uchun ikki yillik chiqish vizasi olishlari shart ekanini aytdi.

“2019 yilda ham stiker berish davom ettiriladi. Agar siz o‘zbekistonlik bo‘lib, xorijda yashasangiz va qo‘lingizda O‘zbekistonning yangi biometrik pasporti bo‘lsa, 2019 yilning istalgan vaqtida kelib, stikerni yangilab olishingiz mumkin. Hozircha bizda stiker berish to‘xtatilishi haqida hech qanday ko‘rsatma yo‘q”, dedi Xalqaro xotin-qizlar bayrami kuni navbatchilik qilayotgan Toshkentdagi pasport stollaridan biri xodimi.

Xorijga chiqish, kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish tizimining poytaxtdagi yana bir rasmiysiga ko‘ra, 2019 yil yanvaridan boshlanadigan yangi xorijiy pasport berish jarayoni kamida uch yil davom etadi va bu davr ichida amaldagi biometrik pasportga stiker yopishtirish amaliyoti saqlanib qoladi.

"Xorijiy pasport berish prezidentimizning o‘tgan yilgi PF 5156- sonli farmonida belgilangan muddatda boshlanishi kutilayapti. Biroq qo‘lingizda 2011 yil namunasidagi yangi biometrik pasport bo‘lsa, siz xorijiy pasport olmasdan ham eski pasportga stiker yopishtirish orqali chet elga sayohat qilishingiz mumkin. Balki xorijiy pasport bilan bog‘liq farmon yangilanishi mumkin. Chunki rahbariyatning hisob-kitobicha, chet elga chiquvchilarni xorijiy pasport bilan ta’minlashga 3 yil kamlik qiladi”, dedi Toshkentdagi pasport stollaridan birining xodimi.

O‘tgan yil fevralida Shavkat Mirziyoev vazirlik va muassasalarga O‘zbekiston pasport-viza hamda kirish-chiqish tizimini takomillashtirish choralarini ishlab chiqishni topshirgan edi.

Xususan, 1995 yildan beri amal qilayotgan, xorijga chiqish stikerlarini bekor qilib, chet elga chiqish uchun alohida pasport joriy qilish tizimini kiritish rejalashtirilgan edi.

Oradan 7 oy o‘tib qabul qilingan prezidentning maxsus farmonida 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab xorijga chiqish stikerlari bekor qilinib, xorijga chiqish pasporti joriy qilinishi ta’kidlandi.

Farmonga ko‘ra, xorijiy pasport voyaga etmaganlar uchun 5 yilga, 16 yoshdan kattalar uchun 10 yil muddatga beriladi.

O‘zbekiston o‘z fuqarolarining xorijga chiqishi uchun maxsus "viza” talab qiladigan dunyodagi ikki davlatdan biri bo‘lib qolmoqda. Bu ro‘yxatdagi ikkinchi davlat Shimoliy Koreyadir.

XS
SM
MD
LG