Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:29

Mirziyoev uchun soxta parniklarni endi Samarqandda qurishmoqda (VIDEO)


Mirziyoev safari arafasida Samarqandda qurilgan bir kunlik parniklar
Mirziyoev safari arafasida Samarqandda qurilgan bir kunlik parniklar

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ 17 mart kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Samarqand viloyatiga boradi. Safarning¸ hozircha rasman e’lon qilinmagan kun tartibiga ko‘ra¸ prezident Kattaqo‘rg‘on suv ombori havzasida baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishadi¸ o‘tgan yil aprelidagi safaridan so‘ng amalga oshirilgan qo‘shma loyiha ochilishida qatnashadi.

“Prezident kelishiga Samarqandcha tomosha”

Guvohlarning joylardan xabar qilishicha¸ prezidentning Samarqand shahridan boshlanib Kattaqo‘rg‘on suv omborigacha mashinada o‘tishi kutilayotgan marshruti bo‘ylab kunu tun tayyorgarlik ishlari bormoqda.

Prezident Mirziyoev kortejining 17 mart kuni ana shu marshrutda harakatlanishi taxmin etilmoqda.
Prezident Mirziyoev kortejining 17 mart kuni ana shu marshrutda harakatlanishi taxmin etilmoqda.

- Samarqand viloyatiga Shavkat Mirziyoev tashrifi oldidan Pastdarg‘om tumanida odamlarning yo‘l yoqasida ekilgan teraklari majburiy kestirilmoqda. Chortut¸ Charxin¸ Arabxona¸ Ag‘ron va Eski Juma aholisi dod deyapti. Prezident o‘tadigan yo‘l yoqalari obodonchiligiga tibbiyot xodimlari¸ o‘qituvchilar¸ tuman va viloyat veterinariya boshqarmasi xodimlari majburiy ishlatilmoqda¸ deb xabar berdi 15 mart kungi hozirlikka bevosita guvoh bo‘lgan mahalliy mulozimlardan biri.

Bugun obedgacha ko‘chada odamlar ishlayotgan edi. 3-4 ta joyda hokimiyat va IIB xodimlari odamlarni tepasida turib ishlayotgan ekan¸ hozir o‘zim ko‘rdim. Prezident kelishi taxmin qilinayotgan ba’zi joylarda hali ham ish qaynayapti. Yo‘llarni asfalt qilishga ulgurishmagan¸ endi kechasi bilan ishlashsa kerak”¸ deb yozdi prezident o‘tishi kutilayotgan magistral yo‘ldan 16 mart kuni o‘tgan samarqandliklardan biri.

(Obodonlashtirishga majburlangan 23 yashar kattaqo‘rg‘onlik o‘qituvchi ayolni 14 mart kuni mashina urib ketib¸ nobud bo‘lgani haqida Ozodlik xabar berdi.)

Bo‘m-bo‘sh parniklar

Kattaqo‘rg‘on tumanidagi fermerlardan biri¸ viloyat hokimligi¸ prezidentni aldash uchun¸ Mirziyoev korteji o‘tadigan yo‘l bo‘yiga parnik o‘rnatishga majburlayotganini bildirdi:

- Yo‘l yoqalaridagi barcha yerlarga viloyat va tuman hokimligi tomonidan prezident ketganidan keyin xohlasa oldirish sharti bilan issiqxonalar (parnik nazarda tutilmoqda - tahr.) o‘rnatilayapti. Yo‘l yoqasida yeri bor aholi va fermerlardan Samarqand-Juma yo‘lining ikki yoqasiga qo‘g‘irchoq bo‘lsa ham parniklar tayyorlash talab qilinayapti. Shaxsan viloyat hokimi Turob Jo‘raev¸ qishloq xo‘jaligi bo‘yicha hokim o‘rinbosari Kamoliddin Qurbonov va ularning mutaxassislari har kuni ularning boshida turib issiqxonalar qurishga majburlashayapti. Prezident uchun issiqxona tayyorlamagan fermerlarning yerlari viloyat va tuman hokimliklari tomonidan tortib olish to‘g‘risida shaxsan hokimdan ogohlantirish berildi¸ deb xabar qildi kattaqo‘rg‘onlik fermerlardan biri.

Bu parniklarning prezident ketishi bilan qarovsiz qolishi aytilmoqda.
Bu parniklarning prezident ketishi bilan qarovsiz qolishi aytilmoqda.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ bunday kampaniya prezidentga biron qarich yer bekor turmaganligini ko‘rsatish maqsadida qilinmoqda:

- Yo‘ldagi parniklarning ichiga hech narsa ekilmagan. Hozir havo +20¸ kim parnikka narsa ekadi endi! Ekkanda ham bu yerlarda biror narsa undirishning imkoni yo‘q. Yo‘l yoqasidagi bu yerlarda doimiy suv bo‘lmaydi¸ unumdor yerlar ham emas. Keyin hokimlik bu yerlarni odamlarga doimiy qilib bermaydi. Shuning uchun bu ishlar mehnat va pulni suvga oqizish bilan barobar. Bir kunlik parnikni qurish fermerning yeri uzun-qisqaligiga qarab¸ bir milliondan 5 millionga tushmoqda¸ deydi kattaqo‘rg‘onlik fermer.

Prezident o‘tadigan yo‘l bo‘yiga parnik va issiqxona qurdirish kampaniyasi tepasida hokimlik barobarida¸ prokuratura¸ IIB va soliq xodimlari ham turgani aytilmoqda.
Prezident o‘tadigan yo‘l bo‘yiga parnik va issiqxona qurdirish kampaniyasi tepasida hokimlik barobarida¸ prokuratura¸ IIB va soliq xodimlari ham turgani aytilmoqda.

Daromadli tomosha

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ Pastdarg‘om va Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligi mas’ullari¸ fermerlarni nafaqat bir kunlik parnik qurish¸ balki unga ishlatiladigan materiallarni ham faqat bitta do‘kondan olishga majburlamoqda.

Bu majburlashning tagida prezidentni aldash bilan bir paytda¸ o‘z cho‘ntaklarini qappaytirish maqsadi ham yotipti. Sellofan va sim sotadiganlar yo o‘zining odami¸ yoki hokimiyatdagilarga dolya beradi. Biz shunday tushundik”¸ deydi o‘zi bevosita bosim ostida qolgan fermerlardan biri.

Raddiya an’anasi – hokimlik javobi

Ozodlik Pastdarg‘om va Kattaqo‘rg‘on tumanlaridan kelgan va fotosuratlar bilan tasdiqlangan ma’lumotga izoh berishni so‘rab¸ viloyat va tuman hokimliklari mas’ullari bilan bog‘landi.

Pastdarg‘om tuman hokimining 1-o‘rinbosari Qilichbek Xudoyberdiev¸ Ozodlik bog‘langan paytda o‘zining Juma yo‘lida ekani (prezident marshrutidagi yo‘l -tahr.) va mobil aloqasi yomonligi bois¸ gaplasha olmasligini aytib¸ suhbatni qisqa qildi. Xudoyberdiev bilan bog‘lanishga qilingan keyingi urinishlar natijasiz qoldi.

Samarqand viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Kamoliddin Qurbonov yordamchisi Qurbonovning 16 mart kuni kabinetda emas¸ “kelgan mehmonlar bilan” yurganini aytdi va Ozodlikka bo‘lgan shikoyatlarga munosabat bildirishga urindi:

- Unaqa narsa bo‘lgani yo‘q. Vazirlar Mahkamasining qarori chiqqan. Yo‘l yoqasida suv xo‘jaligining muhofaza yerlari bor. Ana shu yerlarga issiqxona emas¸ parnik qilishayapti o‘zlari¸ fermerlar emas. Bu bir martalik emas¸ doimiy. Quyosh nuri bilan ishlaydigan issiqxona¸ ularga gaz kerak emas. Bu yerga qilingan xarajat o‘zini oqlaydi. Parnik shaklida qilinayapti. Masalan¸ kecha qor yog‘di Samarqandda¸ bir hafta yomg‘ir yog‘di. Hozir parnik qilsa bo‘ladigan payt. Suv xo‘jaligining balansida yerlari bor. Ekskavatorlari bor¸ minglab ishchilari bor¸ o‘rmon yerlari bor. Ana shu ekskavatorlari kotlavan qazayapti. Daraxtlardan xoda qilib¸ xuddi navesday qilib¸ parnik qurayapti. Bu ishlar Vazirlar Mahkamasining qarori asosida qilinayapti. Bu teplitsa emas¸ parnik¸ xolos¸ dedi viloyat hokimi o‘rinbosarining o‘zini tanishtirmagan yordamchisi.

Bu rasmiy¸ parnik o‘rnatish jarayonining Vazirlar Mahkamasining qaysi va qachongi qarori asosida nega aynan prezident safari arafasida boshlanganiga ham¸ bu jarayonning nega aynan prezident o‘tishi kutilayotgan yo‘l bo‘ylab avjga chiqqaniga ham izoh bermadi.

(Aftidan¸ hokimlik rasmiysi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 4 martdagi 119-sonli qarorini nazarda tutmoqda.)

Viloyat Qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasidan 16 mart kuni jarayonga oid tafsilotlarni surishtirish imkoni topilmadi. Boshqarma saytida berilgan telefon raqamlariga qilingan qo‘ng‘iroqlarga javob bo‘lmadi – guvohlarga ko‘ra¸ bu boshqarma xodimlari bir necha kundan beri prezident o‘tadigan yo‘l bo‘yidagi ishdan ortib¸ kabinetga kelmayapti.

Shakllanayotgan yangi an’ana

Bosh vazir Abdulla Aripov imzolagan "Dehqon xo‘jaliklari va aholining tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, suvga chidamli, eksportbop daraxt plantatsiyalarini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorda aholi tomorqalariga nima ekish belgilab berilgan va mahalliy hokimliklarning har gal prezident safari oldidan ana shu qaror ijrosini ko‘z-ko‘z qilishga astoydil harakat qilayotgani ko‘zga tashlanmoqda.

Xususan¸ o‘tgan oy Ozodlikka yuborilgan maktubda¸ bu jarayonning prezident safari arafasida Qashqadaryoda kuzatilgani tasvirlangan edi.

"Prezident Qashqardaryoga kelganida, yo‘l bo‘yida tut novdasi va sellofandan qo‘lbola "issiqxona"lar qurildi. "Issiqxona"ning hozirgi ahvoli bu! Davlat rahbarini aldash o‘rniga, tut novdasi va sellofandan odamlarga foydali boshqa ishlarda foydalansa bo‘lardi-ku! Bunday ko‘zbo‘yamachiliklar qachon barham toparkan?" degan xat kelgan va unga mana bu surat ilova qilingan edi.

Bir kunlik issiqxona
Bir kunlik issiqxona

Ozodlik 25 yanvar kuni Mirziyoev o‘tishi kerak bo‘lgan Qarshi-Qamashi yo‘lining ikki chekkasiga qator qilib parnik qurilayotgani aks etgan videotasvirni namoyish etgan edi.

Қашқадарëда Мирзиëевнинг келишига хўжакўрсинга парниклар қурилмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:39 0:00

16 mart kuni Ozodlikka ayni parniklarning prezident safari o‘tib bo‘lganidan keyingi bugungi ahvoli aks etgan videotasvir yuborildi. Ayni yo‘l bo‘ylab qilingan sayohatdan parniklarning faqat prezidentga ko‘rsatish uchun qurilgani anglashiladi.

Қашқадарёдаги сохта "теплица"нинг бугунги ҳолати
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:24 0:00
Бевосита линк

Andijondan kelgan ayni shu mazmundagi xatga esa¸ xo‘jako‘rsinga tiklangan issiqxonaning 2018 yil mart oyidagi ahvoli aks etgan mana bu surat ilova qilingan edi:

"Tomosha"si tugagan issiqxona.
"Tomosha"si tugagan issiqxona.

XS
SM
MD
LG